Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:07

Oq uy: "Boing" halokatiga Putin va Rossiya aybdor


Oq uy vakili Josh Ernest kundalik matbuot brifingi chog‘ida, AQSh razvedkasi ma‘lumoti asosida, Malaysia Airlines shirkatiga tegishli "Boing" samolyoti urib tushirilishiga "Rossiya va shaxsan prezident Vladimir Putin aybdor deyish mumkin", deb ta‘kidladi.

Bu AQSh rasmiylari tarafidan "Boing 777" uchqichi 17 iyul kuni Ukraina osmonida halokatga uchraganidan buyon Rossiya nomiga aytilgan eng kuchli bayonotdir.

Janob Ernestning ta‘kidicha, "Boing 777" uchqichi “yer – osmon” rusumidagi raketa vositasida Ukraina sharqidagi isyonchilar nazorati ostida bo‘lgan hududdan urib tushirilgan.

AQSh razvedka ma‘lumotiga ko‘ra, Rossiya Ukraina sharqidagi ayirmachilarga og‘ir qurollarni yetkazib bermoqda, ularga qurollardan foydalanish yo‘l-yo‘riqlarini ko‘rsatmoqda.

Rossiya ayirmachilarga yetkazgan shunday og‘ir qurollardan biri “Buk” raketa tizimidir.

- Shu sababdan biz bu fojeaga Vladimir Putin va Rossiya aybdor, degan xulosaga keldik, - dedi Josh Ernest.

Oq uy vakili o‘z bayonotida AQSh Sanatining razvedka qo‘mitasi raisi muovini, respublikachi Seksbi Chembliss so‘zlaridan iqtibos keltirib o‘tdi.

Janob Chembliss shu razvedka ma‘lumotlari bilan shaxsan tanishib chiqqan.

- Raketa start tugmasini ruslar bosganmi yoki ruslardan yo‘riqnoma olgan rossiyaparast ayirmachilarmi, baribir ohir oqibat hammasi shaxsan Vladimir Putinga borib taqalyapti, - dedi Ernest.

AQSh razvedka rasmiylari o‘z ixtiëridagi dalillarga tayangan holda, bortida 298 odam bo‘lgan Malayziya yo‘lovchi uchqichining sharqiy Ukraina hududini nazorat qilaëtgan rossiyaparast ayirmachilari tomonidan urib tushirilganiga ishonishlarini bildirgandi.

MH17 reysi bilan Amsterdamdan Kuala Lumpurga uchayotgan "Boing 777" samolyoti 17 iyul kuni Ukraina sharqidagi isyonchilar nazorati ostida bo‘lgan hududga qulab tushgandi.

Uchqichdagi 298 yo‘lovchi va ekipaj a‘zolarining barchasi hayotdan ko‘z yumdi.

Uchqich halokatidan bir hafta o‘tib Bryusselda yig‘ilgan YeI rahbarlari bir qator Rossiya rasmiylarini qora ro‘yxatga kiritdi.

Rossiya tashqi ishlar vazirligi Oq uy matbuot vakili Josh Ernest bayonotiga munosabat bildirib, AQShni Rossiyaga qarshi tuxmat yog‘dirayotganlikda aybladi.

Vazirlik saytida bosilgan sharhda Ukrainada yuzaga kelgan vaziyatga Obama ma‘muriyati javobgar ekani ta‘kidlanadi.

"Qo‘shma Shtatlar Kiyev hukumatini rusiyzabon aholi noroziligini bostirishga undashda davom etmoqda va Ukrainadagi nizo va uning og‘ir oqibatlariga Barak Obama ma‘muriyati mas‘ul", deyiladi Rossiya tashqi ishlar vazirligi saytidagi sharhda.

Rossiya tashqi ishlar vazirligi Yevropa Ittifoqining yangi sanktsiyalariga ham munosabat bildirdi.

Vazirlik o‘z bayonotida "Evropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi sanktsiyalarni joriy etib, xavfsizlik sohasidagi xalqaro hamkorlikni taxdid ostiga qo‘ydi", deb bildirdi.

XS
SM
MD
LG