Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:31

Farg‘onada uyi buzilganlar tovon pulidan norozi bo‘layapti


O‘zbek-qirg‘iz chegara chizig‘ida joylashgan Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani Mindon qishlog‘ida uylari buzilgan aholi tovon puli kamligidan norozi bo‘lmoqda. Ozodlikka murojaat qilgan mindonlik bozor narxida 100 million so‘m turadigan hovlisini buzib, atigi 19 million so‘m tovon puli berilayotganidan norozi. Farg‘ona tuman hokimi uyi buzilganlarga bundan ortiq pul berilmasligini ochiq tan oldi.

Chegara chizig‘iga yaqinligi bois Mindon qishlog‘ida joylashgan o‘nlab uylar buzilmoqda. Uyi buzilayotgan mindonlik 30 yashar Akramjon Ahmadaliyevga ko‘ra, 18 sotix hovlisini buzib, 6 sotixdan uchta turar joy uchun yer uchastkasi berilgan. Lekin Akramjon bunga rozi emas:

- Chegara uyimizdan 50 metr uzoqlikdan o‘tgan. Hozir endi halaqit qilayapti, deb uylarimizni buzishayapti. Uyimizda uchta kelin bor. Akam, ikki qizi, bir o‘g‘li bilan yashaydi. Men ayolim bilan. Ayolim ikkiqat. Ukamga qiz unashtirganmiz. 20 avgustga to‘y belgilaganmiz. Bizga uchta 6 sotixdan yer berdi. Biz 4 ta ber, 6 sotixdan dedik. 6 sotix kichkina-kichkina. Dadamlar bilan alohida yashaylik, degandik. Avval uyi buzilganlarga armatura, tsement, shifer, oyna berilgan. Bizga hech narsa bermayapti. Quruq yer berayapti, - deydi Akramjon.

Uning hisob-kitobicha, 18 sotixdagi hovlisi bozor narxida 100 million so‘m turadi. Farg‘ona tuman hokimligi unga 19 million tovon puli berilishini aytgan. Lekin Akramjon bu pulning juda kamligini aytib, norozilik bildiradi:

- Uylaringni buzamiz, deyishayapti. Bo‘ldi, buzishiga biz rozimiz. Bizga uyimizni prezidentimizning qarori bo‘yicha, bozor narxida hisoblab, pulimizni beringlar, deyapmiz. Sotix berdi, tomorqa berdi, mayli, rahmat. Prezidentimizning qarori bo‘yicha byudjetdan pul ajratilgan, viloyat hokimiyatidan ham ajratilgan. Bu hokimlar prezidentimizning qarori bo‘yicha ish qilmayapti, - deydi Akramjon.

Mindonlik boshqa bir suhbatdoshimiz Akmaljon aka ham singlisi Marhamat Najimovaning buzilayotgan uyi uchun belgilangan tovon pulining kamligini aytadi:

- Prezidentning qarori bor ekan. O‘sha qaror bo‘yicha bozor narxida haq to‘lasin. 18 million so‘m puliga qancha tsement beradi? O‘shani qaytadan baholab, ko‘proq pul berishsa, uyni tiklab olardik. Keyin uyni tiklashga muddat berishi kerak. Hozir 5 kunning ichida ko‘ch, deyapti. 5 kunning ichida qanday ko‘chamiz? Tsement bermasa, armatura bermasa, shifer bermasa? Melisalarni olib kelib, majbur ko‘chasan, deyapti. Qanaqa ko‘chamiz, u yerda hali hech narsa bo‘lmasa?, - deydi Akmaljon aka.

Mindon qishlog‘idagi uyi buzilayotgan aholiga dala shiyponlaridan vaqtincha yashash uchun joy taklif qilingan. Lekin mindonliklarga ko‘ra, bu yerlarda yashash uchun umuman sharoit yo‘q. Berilgan yer uchastkalarida tiklanayotgan uylar esa hali-beri bitmasligini aytgan suhbatdoshlarimiz, sovuq tushganda ko‘chada qolishlaridan xavotir bildirishdi.

Farg‘ona tuman hokimi Sodiqjon Imomaliyev Ozodlik bilan suhbatda uyi buzilayotgan mindonliklarga belgilangan tartibda yer uchastkasi va tovon puli ajratilganini aytib, shikoyat qilishga o‘rin yo‘qligini ta‘kidladi:

- Kadastr hujjatlari ham qilingan. Pullari ham hisob-kitob qilingan. Bankdan pullarni kelib olishlari kerak. O‘zlari aytgan eng yaxshi joydan yer ham berganmiz. Litsenziyasi bor baholovchilar, o‘zlari baholagan. Ularning litsenziyasi bor, hisob-kitobi bor, o‘shalar baholagan. Ular (uyi buzilayotganlarga -tahr.)ga shariotni yaratib berganmiz. Kerak bo‘lsa, biz odamlarni olib borib, ularni ko‘chirib, uylarini qilishlariga ham tayyor bo‘lib turibmiz, - deydi Farg‘ona tuman hokimi Sodiqjon Imomaliyev.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonning deyarli barcha hududlarida yuzlab uylar buzildi. Uyi buzilgan aholi tomonidan tovon puli borasidagi shikoyatlarning esa keti uzilmayapti.

Ayrim hollarda ushbu shikoyatlarning ijobiy hal etilgani ham kuzatildi. Jumladan, o‘tgan yili birgina Namangan viloyatida 61 holatda mulozimlar qonun talablarini buzib, uy joyi buzilgan aholi vakillarini tovon puli olish huquqidan mahrum qilgani aniqlangan.

Adliya vazirligi ma‘lumotiga ko‘ra, bu holatlar uchun namanganlik mulozimlarga intizomiy jazo tayinlangan.

XS
SM
MD
LG