Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:52

Jihodchilar Iroqdagi eng yirik nasroniylar shahrini qo‘lga oldi


Kurd peshmergalari kecha tunda Qoraqosh shahrini tashlab chiqqani ortidan Iroq nasroniylari zich yashaydigan Qoraqosh shahri o‘zini Islomiy davlat deb atayotgan janggarilar nazoratiga o‘tdi. O‘n minglab qoraqoshlik nasroniylar¸ jihodchilar qirg‘inidan qo‘rqib¸ Kurdiston muxtor o‘lkasi hududiga qochmoqda.

"Bilishimcha¸ hozirda Qoraqosh¸ Tal Kayf¸ Bartella va Karamlesh shaharlarini tub aholi tark etdi va bu yerlar endilikda janggarilar tomonidan nazorat qilinmoqda”¸ deb xabar berdi Kirkuk va Sulaymoniya cherkovi ruhoniysi Jozef Tomas.

50 mingga yaqin aholisi to‘lig‘icha nasroniy bo‘lgan Qoraqosh shahri janggarilar o‘ziga markaz qilib olgan Mosul hamda Kurdiston markazi bo‘lmish Erbil o‘rtasida joylashgan.

"Bu falokat¸ o‘ta fojeiy holat. Biz BMT Xavfsizlik kengashidan vaziyatga zudlik bilan aralashishni so‘raymiz. Biz gapirib turgan ayni paytda o‘n minglab dahshatga tushgan odam jon saqlash ilinjida qochishga majbur va men sizga asl vaziyatni tasvirlashga ham ojizman”¸ deydi nasroniy ruhoniysi.

Aksariyat aholisi nasroniy¸ shuningdek Shabak shia jamoasi yashovchi Tal Kayf shahrida ham jihodchilar qirg‘ini tahdidi ostida hech kim qolmagan.

"Tal Kayf hozirda Islomiy davlat qo‘lida. Ular hech qanday qarshilikka uchramay¸ tunda shaharga kirib olishdi. O‘tgan tunda otishma ovozlari eshitildi va Islomiy davlatning Ollohu Akbar kolonnasi shaharga kirib keldi”¸ deydi Erbilga qochib kelgan tal kayflik Butros Sargon Frans Press muxbiri bilan telefon suhbatida.

Ayni paytda¸ Iroqda 4000 yildan beri zardushtiylikka taqaladigan o‘z e‘tiqodiga amal qilib yashab kelgan yazidiylar qavmining 50 mingga yaqin vakili Sinjar tog‘larida suvsiz va ochlikdan qirilib boshladi.

Iroq va AQSh uchqichlaridan tashlanayotgan suv va oziq-ovqat mahsulotlarining bu qavmni qutqarish uchun dengizdan tomchi ekani aytilmoqda. Jihodchilar tomonidan shaytonga sig‘inuvchilar deb atalgan yazidiylarni baland tog‘dan pastga tushsa¸ janggarilar o‘qidan muqarrar o‘lim kutmoqda. Sinjar shahrini qo‘lga olishi bilan 500 erkakni otib o‘ldirgan jihodchilar¸ yazidiy ayollarini urush o‘ljasi deb e‘lon qilin¸ qul sifatida savdoga qo‘ygan.

Iroq armiyasining mutlaq layoqatsizligi va iroqlik sunniylarning shialar hukumatiga nisbatan g‘azabi bois Mosul shahrini osongina qo‘lga olgan jihodchilar¸ endilikda Bag‘dod¸ qolaversa Saddam zamonidan beri o‘z armiyasiga ega bo‘lib kelayotgan Kurdiston muxtor o‘lkasi hududlarining ham tahdid ostida ekanini ko‘rsatmoqda.

AQSh Davlat departamentining Iroq bo‘yicha yetakchisi mutaxassisi Kongressga bergan ko‘rsatmasida Iroq va Shom islom davlatidan endilikda Islomiy davlatga aylangan jihodchilarni “Al-Qoidadanda yomonroq” deya baholadi.

AQSh tahlilchisiga ko‘ra¸ Islomiy davlat terrorchi tashkilotdan berilayotgan ulkan mablag‘¸ qurol-yarog‘ va xorijiy yollanma janggarilar bois endilikda to‘laqonli armiyaga aylangan.

Iroq hukumati jihodchilarga qarshi keng ko‘lamli harbiy amaliyotlar rejalanganini aytayotganiga qaramay¸ kuzatuvchilar bu va‘daning havodan turib uyushtirilayotgan hujumlardan nariga o‘tmasligini faraz qilmoqda.

XS
SM
MD
LG