Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:54

OzodMaktub: Hayot-mamot sinovi va hokimiyat malayiga aylangan o‘qituvchilar


Rus tilidan imtihon topshirish uchun kelgan mehnat muhojirlari Sankt-Peterburgdagi test markazida.
Rus tilidan imtihon topshirish uchun kelgan mehnat muhojirlari Sankt-Peterburgdagi test markazida.

Ozodlikka maktub yozgan odam bisyor. Bu xatlarning aksariyati shaxsiy xarakterga ega bo‘lib, ularni e‘lon qilib, siz aziz mushtariyning qimmatli vaqtingizni olib o‘tirmaymiz. Ammo tahririyatimizga kelgan maktublar orasida ijtimoiy ahamiyatga ega yoki ko‘pchilikka foydasi tegishi mumkin bo‘lganlari ham borki, ularni OzodMaktub rukni ostida peshma-pesh chop qilib bormoqdamiz. Bugun ham shu kabi maktublardan ikkitasini e‘tiboringizga havola etmoqchimiz.

“Hayot-mamot sinovi”dan o‘tdim

Salom, Ozodlik radiosi. Avvalambor sizlarga o‘zbek muhojirlariga berayotgan huquqiy yordamlaringiz uchun katta rahmat aytmoqchiman.

Men Sankt-Peterburgda 9 yildan buyon mehnat muhojiri bo‘lib kelayapman.

Yaqinda rus tilidan test sinovlaridan o‘tib, sertifikat olish uchun UFMSga bordim. Tanish UFMS xodimi orqali 2000 rubl to‘lab, barcha hujjatlarimning nusxasini topshirib, “Edinыy tsentr dokumentov” degan davlat tasarrufidagi firmadan yo‘llanma olib, belgilangan binoga ertalab soat 10 da kirib bordim. Yo‘llanmani kiraverishdagi maxsus qo‘riqlash xodimiga ko‘rsatib, ro‘yxatga ism-sharifimni yozdim.

Ko‘p kutishga to‘g‘ri kelmadi. Test markazi xodimi ro‘yxatni o‘qib, 10 tacha odamning pasportini tekshirib, test xonasiga kiritdi, keyin tartib-qoidalarni tushintirdi. Muomalasi o‘ta madaniyatli edi, “kim tushunmasa, meni chaqirsin, jarayon mobaynida tushuntirib berishim mumkin”, dedi.

Testga kelsak, hammasi kompьyuterlashtirilgan, savollar unchalik qiyin emas o‘qimishli odamga, lekin ko‘pchilik o‘qimishli bo‘lmaganlarga anchagina murakkab bo‘lishi ajablanarli emas.

Test-imtihon 3 bo‘limdan iborat bo‘lib, har biriga 15 daqiqadan - jami 45 minut vaqt ajratilgan ekan. Imtihon vaqtida savollarga tez javob berilsa, “keyingisi” degan tugmachani bosib, vaqtini qisqartirib ketish mumkin ekan.

Topshiruvchilar millatlari har xil. Xullas, imtihon boshlandi. Hamma savollarga jami 12 minut ichida javob berib, tugatganimni bildirib, qo‘limni ko‘tardim. Meni ekzamenator chaqirib, “siz testdan o‘tdingiz, 4 kundan keyin sertifikat olish uchun keling, tabriklayman” deb, xonadan chiqarib yubordi.

Chiqishim bilan testdan o‘ta olmay, ikkinchi marta baxtini sinash uchun kelgan turli millatdagi muhojirlar meni o‘rab olishdi. “Bir martada topshirdingizmi?” deb, yuzlarida hayronlik ifodasi bilan so‘rab-surishtirishdi.

Test sinovlaridan ikki marta o‘tishga ruxsat berilar ekan. Har safar alohida pul to‘lanar ekan. Bu bechoralar Rossiyada qolish, muhojirlikdagi hayotini davom ettirish uchun baxtlarini yana bir marta sinab ko‘rish uchun umidlanib kelgan odamlar ekan.

Endi xotima qilib, test to‘g‘risidagi qonun haqida o‘z fikrimni aytsam. Agar Rossiyada 2015 yil 1 yanvaridan barcha mehnat muhojirlari ishlashga ruxsatnoma yoki patent olish uchun rus tilini bilish sertifikatini ko‘rsatishi shart bo‘lsa, o‘rta osiyolik migrantlarimiz qariyb 60-70 foizi 2015-16 yillar orasida uylariga qaytib ketishadi, chamamda. Chunki yonimda o‘tirib, men bilan birga topshirayotganlarning ahvolini ko‘rib, juda achindim.

Agar keyingi yildan rus tilidan tashqari yana Rossiya tarixi va Rossiya konstitutsiyasi bo‘yicha imtihon ham qo‘shilsa, hammasi deyarli tamom deyavering.

Yozganlarimdan xulosa shuki, sertifikat besh yilga beriladigan bo‘lsa, iloji boricha tez kunlarda - bir imtihonlik paytida topshirib qutilish kerak. Yoki hozir vatanda yurgan muhojirlarimiz kelmay qo‘ya qolsinlar bu yoqlarga.

Yuqorida men ishtirok qilgan jarayonda meni hayron qoldirgani shuki, test sinov markazida hamma joyda kuzatuv kamerasi bor va UFMSning poraxo‘r, hammani jerkuvchi xodimlari yo‘q (imtihon oluvchilar - universitet domlalari). Eng qizig‘i, har joyda hozir o‘zimizning o‘zbegu tojik o‘rtakashlar bu yerda yo‘q. Xuddi Yevropaga borib qolganday bo‘ldim, tavba (tilga olgan kishilarim bu yer hozir va kelajakda yana bir eng yog‘li joy bo‘lishini hali uylashmagan yoki ilojini qilisholmagan, menimcha).

Shularni o‘ylab, testdan muvaffaqiyat bilan o‘tganimdan xursand bo‘lib, “Xudoga shukur” deb, ko‘tarinki kayfiyatda ish joyimga yul oldim. Chunki bu sinov endi har birimiz uchun hayot-mamot sinovi bo‘lib qoldi, desam ham mubolag‘a qilgan bo‘lmasam kerak.

Hurmat bilan Julqunboy.

“Mahalliy hokimiyatning malayiga aylanib qolyapmiz”

Assalomu alaykum, Ozodlik radiosi!

Men Xorazm viloyati Hazorasp tumanidanman. Tumandagi maktablardan birida rahbarman.

Hozirgi kunda bayram yaqinlashgani tufayli bizni tumanimizning markaziy joylarini mablag‘ sarflab, obodonlashtirishga majburlashyapti. Bir-ikki kun bo‘lsa, mayli edi - har kun shu ahvol.

Maktab direktorlari o‘zlarining cho‘ntagidan bruschatka qilish uchun bog‘larga biriktirildi. Direktor o‘rinbosarlariga esa shu bog‘larni gulzor qilish, bayroqchalar bilan bezash topshirildi.

“Bu ishlarni qilmayman” deydiganlar bo‘lsa, maorif mudiramiz Zulfiya Qurbonova tomonidan qattiq haqoratlanib, “ishdan bushayman” mazmunidagi ariza yozdiriladi. Mahalliy hokimiyatning malayiga aylanib qolyapmiz.

Bundan tashqari, har kuni katta magistral yo‘lga o‘qituvchilarimizni chiqarishimizni so‘rashadi. O‘qituvchilar yo‘lga chiqishdan bezor. Yo‘lga chiqishsa, o‘zlari o‘qitgan o‘quvchilari changitib o‘tib ketishadi.

Maktablarni ko‘rishga komissiya kelgudek bo‘lsa, maorif mudiramiz maktablarga soliq soladi 100-200 ming atrofida.

Men bu maktubimni yuborishga istihola qilib turgandim. Kecha qo‘shnimning telefonidan hamshiralarni yangi qurilayotgan uylarda g‘isht tashishga majburlanayotganini o‘qib qolib, “bizning ham arzimizni eshitadigan inson topilarmikan” degan maqsadda maktub yo‘llayapman. Ushbu maktubimni chiqarsangizlar, sizlardan minnatdor bo‘lardik!

Hazorasplik o‘qituvchi

XS
SM
MD
LG