Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:34

Qirg‘iz-o‘zbek chegarasi: telegramma azobi


O‘zbekistonda mustaqillik bayrami yaqinlashib kelayotgani bois qirg‘iz-o‘zbek chegarasida tekshiruvlar kuchayib, fuqarolarning sarson-sargardonligi kun sayin ortib borayapti.

O‘zbekiston o‘z fuqarolariga qo‘shni Qirg‘izstondagi qarindosh-urug‘lari bilan bordi-keldi qilish uchun maxsus ma‘lumotnoma va telegrammalar asosidagina ruxsat berib kelmoqda. Qo‘shni davlatga o‘tish uchun yo‘l azobiga qo‘shib endilikda hujjat azobini ham tortayotgan kishilar holidan “Ozodlik” radiosining qirg‘iz xizmati muxbiri Sanjar Eraliyev xabar oldi.

Familiya va xarflar muammosi

Shoiraxon Ermatova yigirma yilcha oldin Qirg‘izistondan Andijonga kelin bo‘lib tushgan. O‘zbekiston chegarani bir tomonlama yopgan so‘nggi to‘rt yildan beri u ota-onasining uyiga ming azob bilan kelib ketadi. Ikki yil avval telegramma tizimi kirgizilib, fuqarolarni battar qiynala boshlaganini yig‘lamsirab aytgan Shoiraxon bilan Qirg‘iziston hududida - Burgandi qishlog‘ida uchrashdik.

-Ota-onamning uyiga kelmaganimga bir yilu 62 kun bo‘ldi. Qarindoshlarimni sog‘inib, qiynalib ketdim. Aka-ukalarim telegramma jo‘natishadi, chegaradagi askarlar bitta harfidan xato topishadi yoki vergul-nuqtasidan xato chiqadi. Yig‘lab, ortimga qaytib ketaman. Yaqinda bitta akam to‘y qilgandi, kela olmadim. Rosa alam qildi. Tushunyapsizmi? Qiynalib ketdim,- deydi Shoiraxon.

Қирғиз-ўзбек чегараси: телеграмма азоби
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:10 0:00
Бевосита линк

Chegara maskanidagi tekshiruvda 3-4 soat ushlangan qahramonimiz bilan uning qishlog‘iga piyoda yo‘l oldik. Tug‘ilib-o‘sgan joyi chegaradan unchalik olis emas ekan. Lekin Shoiraxon Qirg‘izistonda ko‘p yura olmaydi. Qonunga ko‘ra, u uch kun ichida O‘zbekistonga qaytishi lozim.

Chegara naryog‘iga mehmondorchilikka o‘tayotgan ayollar endilikda avvalgidek tugun ko‘tarishmaydi. O‘zlarining o‘tib olgani katta gap. Ular hatto farzandlarini ham birga olib kelmaydilar. Sababi ularning familiyalari boshqa. Chegaradan o‘tuvchi odam bilan telegramma jo‘natgan shaxsning familiyasi va otasining ismi bir xil chiqmasa, o‘tishga ruxsat yo‘q.

Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, u yoki bu tomonga kelin bo‘lib tushgan ayollar aka-ukasi yoki opa-singlisi yozgan telegramma bilangina o‘tadi. Boshqa familiyadagilar bir emas, o‘nta telegramma jo‘natsa ham, hisobga kirmaydi.

Ota uyiga kelayotgan Shoiraxon bilan gurunglashib, Mombekov qishlog‘iga - uning qizlik paytidagi uyiga ham keldik. Qizining ovozini tanigan 70 yoshli onaxon uydan yalangoyoq, ko‘zida yosh bilan yugurib chiqdi. Ona-bola bir-birini quchoqlashganicha, ancha yig‘lab turishdi.

Ko‘pdan beri uchrashmay, sog‘inchga to‘lgan qalblar bir-biriga to‘yib olsin. Biz esa O‘zbekiston bilan chegaradosh Jalolobod viloyatining Novken tumanidagi telegrafga boramiz. Bu joy telegramma olishga yoki jo‘natishga kelganlar bilan to‘la.

Ma‘lumotnoma tashvishi

Novkendagi telegrafga telegramma jo‘natish yoki olish uchun kuniga kamida 40 chog‘li odam tashrif buyuradi. Telegrammaga qo‘shib yana bir-ikkita ma‘lumotnoma ham yuborilishi kerak.

Odamlar bir-birlarining uylariga to‘y yoki aza munosabati bilangina borishga haqli - boshqa paytda ruxsat berilmaydi. Bu haqda bizga telegrafda odamlarga bir o‘zi xizmat ko‘rsatib o‘tirgan Gulmira ismli xodima aytib berdi:

Kuniga shu ahvol. Telegrammalarni jo‘nataman va qabul qilaman. Ba‘zan odamlarga rahmim keladi. Sababi, ozmuncha pul ketmaydi-da. Bitta so‘zga yoki simvolga 34 so‘m olamiz. Bu degani – 70 sent. Ba‘zan O‘zbekiston qo‘shimcha ma‘lumotlarni talab qilib, bitta telegrammani 2-3 marta jo‘natishga to‘g‘ri keladi. Unisi ham kamlik qilgandek, ma‘lumotnoma ham jo‘natilishi kerak. Masalan, O‘zbekistonda qarindoshi bor odam to‘y qilayotgan bo‘lsa, mahalla komitetidan “to‘y qilayotgani rost” degan ma‘noda tasdiqnoma olishi shart. Unga qishloq hukumatining muhri bosilishi kerak. Qolaversa, mahalliy hukumatdan oilasi haqida ma‘lumotnoma oladi va uni faks orqali O‘zbekistonga jo‘natadi. Uning ortidan telegramma yuboriladi. Bunday ma‘lumotnomalar tirkalmagan telegramma yaroqsiz hisoblanadi. O‘zbekistonga chaqirilgan qirg‘izistonlik fuqaro uchun ham u tomondan shunaqa hujjatlar talab qilinadi. Xullas, bosh og‘riq. Telegrammani-ku jo‘natamiz. Lekin telegramma jo‘natilayotgan hududdagi faks raqamini topish katta muammo. Bizmas, u yoqda turib, o‘zbekistonlik fuqarolar ham ba‘zan faks raqamini topib bera olmay, ovora bo‘lishadi.

Navbat kutgan odamlar ko‘pligi bois bizga shosha-pisha ma‘lumot bergan Gulmira yana o‘z ishini davom ettira boshladi. Hozirda ish qizib turgan bu kabi telegraflarni chegaraoldi hududlarida o‘nlab sanash mumkin. Shu bois telegraf o‘rnini uyali aloqa egallab oldi, deb aytishga hozircha ertalik qiladi.

Umid deputatlarda

Ikki yildan beri qizi va nabiralarini ko‘ra olmay yurgan novkenlik 50 yoshli Odina Alimbekova Qirg‘iziston parlamenti bu muammoni hal qilishda yordam berishiga umid qilmoqda:

To‘y qilsak ham, aza bo‘lsa ham telegramma jo‘natish bilan ovora bo‘lamiz. Juda qiyin. Ortiqcha tashvish bo‘lyapti. Bu muammoni kattalar, deputatlar hal qilib bera olarmikin? Iloji bormikin?

O‘zbekiston 1 sentyabr kuni mustaqillik bayramini nishonlaydi. Shu bois ayni damda qo‘lida talab qilingan telegrammasi bo‘la turib ham chegaradan o‘tolmaganlar soni tobora ko‘payib bormoqda.

Aytgancha, Qirg‘izistondan O‘zbekistonga kelin bulib tushgan, lekin fuqarolik olishga ulgurmagan ayollarning chegaradan o‘tishi unchalik muammo emas. Ular Qirg‘iziston tomonidan berilgan maxsus ma‘lumotnoma asosida ikki oyda bir o‘z vataniga borib-kelib turadi. Agar ikki oydan bir kun kechiksa, chegara xizmatiga jarima to‘laydi. Qirg‘izistonga kelin bo‘lgan o‘zbekistonliklar ham shu imtiyozdan foydalanib kelmoqdalar.

Sanjar Eraliyev

XS
SM
MD
LG