Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:49

Qozog‘iston janubida qozoq va o‘zbek yoshlari o‘rtasida ommaviy mushtlashish sodir bo‘ldi


Sayramning Qoramurt qishlog‘ida ro‘y bergan voqea rasmlarini O‘zbekiston Xalq Harakati e‘lon qildi.
Sayramning Qoramurt qishlog‘ida ro‘y bergan voqea rasmlarini O‘zbekiston Xalq Harakati e‘lon qildi.

Qozog‘iston janubidagi Sayram tumanida 27 avgust kuni mahalliy o‘zbek va qozoqlar o‘rtasida ommaviy mushtlashuv sodir bo‘ldi. Sayramning Qoramurt qishlog‘iga 60ga yaqin qozoq yigitlari hujum qilishi oqibatida to‘rt nafar etnik o‘zbek tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizildi. Janubiy Qozog‘iston viloyati ichki ishlar departamenti voqea sabablari o‘rganilayotgani, lekin janjal “millatlararo nizo emasligini ishonch bilan” ta‘kidladi. Voqea guvohlaridan biriga ko‘ra, janjalga bir necha kuk avval qo‘shni qishloqdagi to‘yda qozoq va o‘zbek yigitlari o‘rtasidagi ro‘y bergan mushtlashuv sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Janubiy Qozog‘iston viloyatining Sayram tumani Qoramurt qishlog‘ida chorshanba kuni ro‘y bergan hodisa guvohlarining Ozodlikka aytishicha, mahalliy vaqt bilan kunduzgi 4lar atrofida 50-60 kishidan iborat to‘da kirib kelib, qishloq guzarida turgan taksichilarga hujum qilgan.

Qoramurt qishloq hokimiyatining ismini keltirmayotganimiz vakiliga ko‘ra, hujum qilganlar qo‘shni Madaniy qishlog‘idan bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Qishloqqa kirib kelganlar qo‘lida o‘q otar qurollar bilan armatura bo‘laklari bor edi, deydi suhbatdoshimiz.

- Bolalar kelib, Madaniy qishlog‘idanmi, anig‘ini bilmadik, yigitlar bostirib kelib, taksistlar turgan joyda taksistlarni urgan. Mashinalarining oynalarini sindirib tashlagan. Hamma yerini dabdala qilib tashlagan. Keyin magazinlarning oynalarini urib sindirgan. Ko‘pchilik bo‘lib kelishdi, 60ga yaqin qozoq yigitlari. O‘zbeklarni urib ketgan,- deydi mahalliy hokimiyat vakili.

Suhbatdoshimizning aytishicha, hodisa natijasida jarohatlanib, kasalxonaga yotqizilgan to‘rt kishining barchasi o‘zbek millatiga mansubdir. Voqeada mahalliy o‘zbeklarga doir mashina va do‘konlarga jiddiy zarar yetkazilgan.

- Boshlariga armaturada urgan. Qovurg‘alarini sindirgan, birining jag‘iga tekkan. Jabrlanganlar to‘rttami shunaqa. 18ta mashina, 8ta do‘konga ziyon yetkazildi,- deydi Qoramurt qishlog‘i hokimiyati vakili.

Muxolifatdagi O‘zbekiston Xalq Harakati saytida voyeaga oid foto va video e‘lon qilindi.

Hujum oqibatida kasalxonada qolayotgan to‘rt etnik o‘zbekning ahvoli o‘rtacha og‘ir ekani aytilmoqda.

Ulardan biri Ravshan Ismetovning akasi Komiljon, Ozodlik bilan suhbatda, mahalliy vaqt bilan kunduzgi soat 4larda boshlangan janjal paytida otishma ham bo‘lganini aytadi.

- Ukam jarohatlandi. Jag‘ining o‘ng tomoni sinib ketgan. Armatura bilan urgan. Hujum qilganlarning qo‘lida pistolet ham otilgan. Ha, otishma ham bo‘lgan. Militsiyalar 8ta patronni topib olib ketdi,- deydi Komiljon Ismetov.

Rasmiylar hodisa sabablarini izohlamayotir. Janubiy Qozog‘iston viloyati ichki ishlar departamenti matbuot xizmati rahbari polkovnik Saltanat Qorako‘zova janjalga millatlararo tus bermaslikka chaqirdi.

- Hozircha hech qanday izoh yo‘q. Voqea sabablari o‘rganilmoqda. Lekin bir narsani aniq aytish mumkin, janjalga etnik omil sabab bo‘lmagan. Bir guruh yoshlar bezorilik niyatida bir-biri bilan mushtlashgan,- dedi ichki ishlar vazirligi vakili.

Voqea guvohi bo‘lgan Komiljon Ismetovning aytishicha, hujum qilganlar kutilmaganda, birdaniga qishloqqa bostirib kelgani bois mahalliy aholi buning ortidagi sabablar haqida taxmin qilmoqda xolos. Asosiy taxmin qo‘shni qishloqda ikki kun avval bo‘lib o‘tgan to‘ydagi janjal, deb ko‘rilmoqda, deydi Komiljon.

- Bu janjal chiqqani, ikki kun oldin to‘y bo‘lgan. To‘yda o‘zbek bilan qozoq urushgan. Shundan keyin “senlarga ko‘rsatamiz” deb ketgan ekan. Janjal shundan chiqqan tamom. Unisining anig‘ini bilmaymiz,- deydi hujum oqibatida jarohatlanganlardan birining akasi Komiljon.

Janubiy Qozog‘iston Sayram tumani Qoramurt qishlog‘i aholisining 90 foizidan ortiqrog‘i etnik o‘zbeklardan iborat ekani aytiladi. Mushtlashuvni boshlagani taxmin qilinayotgan Madaniy qishlog‘ida esa asosan qozoqlar istiqomat qiladi.

Mahalliy kuzatuvchilarning aytishlaricha, Sayram tumanida avval ham bunday janjallar sodir bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG