Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:28

Anvar qoriga suiqasdda ayblangan o‘zbek xalifalik uchun jang qilmoqda


Озодликка WhatsApp орқали боғланган Абу Абдуллоҳ (ўнгда) эндиликда марҳум экани айтилган ўзганлик жиҳодчи билан.
Озодликка WhatsApp орқали боғланган Абу Абдуллоҳ (ўнгда) эндиликда марҳум экани айтилган ўзганлик жиҳодчи билан.

“Islomiy davlat” janggarilari safida Suriya va Iroq hukumati askarlariga qarshi jang qilayotgan va o‘zini qashqadaryolik 25 yoshli Abu Abdulloh, deb taqdim qilgan jihodchi 1 yildan buyon xalifalikni mustahkamlashga xizmat qilayotganini aytdi. U o‘z vaqtida Qashqadaryo IIB tomonidan Anvar qori Tursunovga qarshi suiqasdga aloqadorlikda ayblangach, O‘zbekistondan qochib chiqqanini iddao qilmoqda.

So‘nggi bir necha haftadan buyon WhatsApp tarmog‘i orqali Ozodlik savollariga javob berayotgan Abu Abdulloh "Islomiy davlat" safidagi o‘zbek jihodchilari va bu mintaqada borayotgan qaqshatgich janglar haqidagi savollarga javob bermoqda.

Savollarga yozma va ovozli shaklda javob yo‘llayotgan bu jihodchidan Iroq va Shom diyoridagi asl voqelik, u yerdagi jihodchi o‘zbeklar, ularning maqsadi, ta‘minoti va sunniy musulmonlar olamining keskin noroziligiga munosabatini bilishga urindik.

(Ozodlik Abu Abdulloh bergan ma‘lumotlar va videomateriallar mazmunini Qashqadaryo viloyatidagi mustaqil manbalar va Iroqdagi Ozodlik muxbirlari orqali qisman tasdiqlatishga muvaffaq bo‘ldi.)

"Roqqa aeroportida 400 assadchi askarni asir oldik"

Abu Abdulloh "Islomiy davlat" jangchilarining qo‘li qayerga cho‘zilsa, quruq qaytmayotganini aytarkan, buning so‘nggi yorqin misollaridan biri sifatida 24 avgust kuni Suriyaning Tabaqa shaharchasi aeroportiga uyushtirilgan dahshatli hujumni tilga oldi.

Bu hujum "Islomiy davlat" janggarilarining Suriya hududidagi eng yirik hujumlaridan biri sifatida qayd etilgan edi. Xabarlarga ko‘ra, bu hujum chog‘ida aeroportni qo‘riqlayotgan 200 dan ortiq askar janggarilar tomonidan asir olingan.

Abu Abdulloh esa bu hujumda shaxsan ishtirok etgani, unda Suriya armiyasining 400 ga yaqin askari asir olingani, yana bir necha yuzi o‘ldirilganini da‘vo qildi.

- Oxirgi hujumimizda Roqqa shahridagi Tabaqa degan aeroportni oldik. 50 odam bilan ming kishilik askarni yengdik Ollohning izni bilan. Ularga raketa, samolyot, reaktiv samolyotlari ham yordam bermadi. 400 askarni asir olib qaytdik, - deb da‘vo qildi Abu Abdulloh.

Bu hujum 24 avgustdan buyon qator g‘arb axborot vositalarida xabar qilindi va "Islomiy davlat"ning Suriyadagi so‘nggi yirik hujumlaridan biri sifatida qayd etildi.

"Assad askarlari qismati o‘zbek tog‘utlari boshiga tushadi"

Abdulloh so‘zlariga dalil o‘laroq Bashar Assad armiyasi askarlari aks etgan, deya bir necha videoni ham yo‘lladi.

Videotasmalardan biri 1929 yilda Jenevada qabul qilingan Harbiy asirlarni saqlash bo‘yicha konventsiyaga zid bo‘lgani bois uni taqdim qilolmaymiz.

Ammo bu videoda bir necha qurollangan janggari boshqarayotgan yuk mashinasi bortiga zichlab joylashtirgan 50 nafardan ziyod yarim yalang‘och erkak aks etgan. Faqat ich kiyimida qoldirilgan erkaklar yelkama-elka tirkalgan holda turg‘azilib, xuddi yog‘och o‘tindek mashina bortiga yuklangan.

Qimirlash va nafas olish imkonsiz darajada terib qo‘yilgan erkaklarning Bashar Assad armiyasida xizmat qilgan harbiylar ekani, ular “Islomiy Davlat” askarlari nazoratidagi hududga olib ketilayotganini kadrda ko‘rinish bergan 25 yoshli Abu Abdulloh so‘zlab boradi.

“Bular kofirlar”, deydi so‘zlari orasida Abu Abdulloh. “Tez orada bu askarlar boshiga tushgan kun Movarounnahrdagi tog‘utlarga xizmat qilayotgan, musulmon birodarlarimizni xorlayotgan, qonlarini ichayotgan kofirlarning ham boshiga tushadi”, deya da‘vo qiladi o‘zbek tilida so‘zlayotgan mujohid.

Oftob tig‘ida sahrodan piyoda olib o‘tilgan asirlar

Yana bir videoda esa birgina ich kiyimda qoldirilgan 150 nafardan ortiq asirning ikki-uch qator qilib terilib, sahrodan olib o‘tilayotgani aks etgan.

Abu Abdulloh oftob tig‘ida sahroni poyi piyoda kesib o‘tayotgan asirlarni "Bashar Assad armiyasi askarlari", deb taqdim qildi.

28 avgust kuni tushda Ozodlikka kelib tushgan videodagi manzara aks etmish boshqa videotasvirlar kun adog‘ida aksariyat xalqaro axborot vositalari, xususan, BBC televideniyesida ham paydo bo‘ldi.

28 avgust kuni kechki payt xalqaro axborot vositalari bu asirlarning hammasi qatl qilingani, ularning umumiy soni 160 dan ziyod ekani haqidagi mash‘um xabarni tarqatdi.

Videolardan yana birida Abu Abdulloh Roqqa shahriga qaytib kelayotgan “Islomiy davlat” askarlari kolonnasi haqida so‘zlaydi. Bu ham 24 avgust kuni Roqqa shahridagi Tabaqa aeroportini egallagan jangarilarning suriyaliklar tomonidan olqishlanishi, degan da‘voda berilgan videodir.

Videoda 20 ga yaqin yengil va yuk mashinalarida qaytayotgan islomiy jangchilarni ko‘chalarni to‘ldirgan roqqaliklar xayrixohlik bilan qarshi olayotgani aks etgan. Kadrda ko‘rinayotgan mahalliy aholi orasida birorta ayol zoti ko‘rinmaydi, ularning hammasi erkaklar va yuk mashinalari ortidan yugurayotgan yosh bolalardir.

"400 ga yaqin asir ayolni joriya qilib tarqatdik"

Ozodlik bilan WhatsApp orqali bir necha hafta davom etgan muloqotlar chog‘ida muxbir savollariga ba‘zan ovozli, ba‘zan esa matn orqali javob yo‘llagan Abu Abdulloh kuni kecha Bashar Assad tarafdorlariga qarashli hududlardagi janglar natijasida 400 ga yaqin ayol-qiz va bolalar asir olinganini ham da‘vo qildi. (Abdullohning bu da‘vosi hozircha boshqa mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlangani yo‘q - tahr.)

"G‘ayridinlarni o‘ldirish, ularning ayollari va bolalarni qul qilish jinoyat, ularni ozod qiling!" degan chaqiriqqa javoban jihodchi qat‘iyan "yo‘q", degan javobni berdi:

Payg‘ambarimiz zamonlarida shunday bo‘lgan. Asir ayollar cho‘ri va xizmatchi qilingan. Biz ham birodarlarning xizmatiga bo‘lib berdik. Mening ayolim ko‘nmadi, olmadim. Agar siz aytganday, ularni ozod qilsak, ular kofirligicha qolardi. Bizga berilsalar, ular va ularning farzandlari musulmon bo‘ladi. Bu Islomning yo‘li, siz yoqtirsangiz-yoqtirmasangiz, bu — haqiqat!” deb da‘vo qildi bu boradagi javoblarini yozma shaklda berishni afzal ko‘rgan Abdulloh.

Shu tariqa, bundan 1 ming 400 yil avval payg‘ambar Muhammad alayhissalom ulug‘lagan Shom diyorida xalifalik e‘lon qilgan Bag‘dodiyga bay‘at bergan qashqadaryolik 25 yoshli yigit o‘z qilmishlarini Qur‘on, hadis bilan birma-bir sharhlashga urinarkan, tez orada bu voqelik u tug‘ilgan O‘zbekistonga ko‘chishini niyat qilayotganini komili ishonch bilan takrorladi.

"Jannat darvozasi" guruhida g‘ayridinni qirayotgan 200 o‘zbek

Suratidan bardam-baquvvat ko‘ringan, shevasidan qashqadaryolik ekani sezilib turgan Abdulloh birovning yurtidagi janglarini jihod, deb ishonmoqda va bunga payg‘ambar Muhammad alayhissalom buyurgan, deb da‘vo qilmoqda.

Ozodlikka WhatsApp orqali bog‘langan Abu Abdulloh.
Ozodlikka WhatsApp orqali bog‘langan Abu Abdulloh.

WhatsApp orqali Ozodlikka bog‘langan Abdullohning aytishicha, shu kunlarda u “Jannat darvozasi” deb nomlangan o‘zbeklar guruhi safida va bu guruh tarkibida Markaziy Osiyodan borgan 200 nafar jihodchi o‘zbek bor.

Ularning rahbari esa, Abu Abdullohning aytishicha, Suriyada so‘nggi uch yildan buyon prezident Bashar Assad rejimiga qarshi janglarga yetakchilik qilayotgan chechenistonlik jangari – Umar Shishaniydir.

- Umar Shishaniy bizni janglarga yo‘llaganda 10 kilometr oraliqqa taqsimlab tashlaydi. O‘zbeklar, ozariylar, chechenlar va arablar guruhi. Biz o‘zbeklar - maqtanishmas - hamisha faolmiz. O‘z yerimizni birinchi bo‘lib egallaymiz. Shuning uchun u bizni Iroqqa yubormayapti. Ko‘p birodarimiz Iroqda xudkushlikka ketib, shahid bo‘ldilar, inshaalloh, - deb da‘vo qildi Abdulloh.

Uning aytishicha, xalifalikda o‘zbek askarlari juda ko‘p va ularning umumiy soni 3 - 3,5 ming ekani haqidagi norasmiy ma‘lumotlarda jon bor.

"Iroq va Shom jihodi fitna, deganlar nohaq"

Abu Abdulloh butun islom olami ulamolarining Suriya va Iroqda borayotgan bu jang harakatlarini qoralayotgani, bu hududda shakllangan xalifalikni Islom dunyosi tan olmaganiga oid savollarga shunday javob berdi:

- Jihod yolg‘iz Olloh rizosi uchun qilinadi. Buning fitna ekani yoki buning uchun jihodchi birodarlarimiz pul olishi haqidagi gaplar yolg‘on. Biz xalifalikni kuchaytirib olganimizdan keyin butun dunyoda xor qilinayotgan musulmonlarni himoya qilamiz. O‘zbekistonga ham boramiz va tog‘utlarni yiqitib, yurtimizdagi mazlum birodarlarimizni qutqaramiz, - deb da‘vo qildi Abdulloh.

"Men Qashqadaryoda tinchgina yurgan tijoratchi edim"

25 yoshli Abu Abdulloh Qashqadaryodan qanday qilib Suriyaga borib qolgani haqidagi savollarga javob berar ekan, bir vaqtlar bunday kunlar yetti uxlab tushiga kirmaganini aytadi.

"Ma‘lumotim o‘rta. Oddiygina tijoratchi edim. Ammo meni dinim uchun ta‘qib qildilar. Meni ham Toshkentda pichoqlangan Anvar qori va melisa polkovnigi pichoqlanishiga aloqang bor, dedilar. Mening ayolimni ham qo‘ymadilar. Biz Qashqadaryoda turibmish, Toshkentdagi jinoyatga aralashgan ekanmiz, qarang! Oxiri vatanni tashlab qochdik", deb da‘vo qildi bu savolga ham yozma javob bergan jihodchi.

Toshkent imom-xatibi Anvar qori Tursunov 2009 yilning 31 iyulida o‘z uyi oldida pichoqlab ketilgan, og‘ir jarohatdan tezda davolanib, bir hafta o‘tar-o‘tmas ishga qaytgan edi. O‘z uyida otib ketilgan Ichki ishlar vazirligining yuqori lavozimli rasmiysi Hasan Asadov esa jon taslim qilgan.

Norasmiy manbalar va aynan ushbu jinoyat bo‘yicha yashirin tergov hamda sudlov jarayonlarni kuzatgan O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi jami 300 dan ortiq odam hibsga olinganini aytgan.

Hibsga olingan va bu jinoyatga aloqador ayblov bilan ishi tergovga oshirilganlardan 90 ga yaqini Toshkent shahri va viloyati, 70 ga yaqini Sirdaryo, 30 ga yaqini esa Qashqadaryoda istiqomat qiluvchi dindorlar ekani ma‘lum qilingan. Ular orasida ayollar borligi ham aytilgan.

Hibsda saqlanayotganlarning ko‘pchiligiga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97- va 241-moddalariga binoan qotillik hamda jinoyatni yashirish aybi qo‘yilgan.

Qashqadaryoda ushbu jinoyatda ayblanib, qisqa muddat hibs qilinganlar orasida bo‘lganini da‘vo qilgan Abu Abdulloh keyinchalik O‘zbekistonni tark etgani, avval Tojikiston, keyin Afg‘onistonga borgani va so‘ngra 2012 yilda Suriyaga o‘tib ketgani aytmoqda.

2 yildan buyon oilasi bilan Suriyada yashayotganini aytgan Abdulloh 3 farzandi o‘z yonida jihodga hozir bo‘lib ulg‘ayotganidan faxrlanishini yashirmadi.

O‘zi qolib, farzandlarini ham faqat dini boshqa bo‘lgani uchun o‘ldirilayotgan begunoh insonlar qoniga botgan mafkuraviy jangga tortayotgani boisini so‘raganimizda Abdulloh yana o‘sha da‘vosini takrorladi:

- "Islomiy davlat", inshaalloh, butun dunyodagi musulmonlarni kufr tuzumlar zulmidan qutqarib, dunyoda Xalifalikni boqiy qiladi!

Eslatma: Bu jihodchining so‘zlari, u yuborgan videomaterialni havola qilishdan maqsad – butun dunyoning diqqati qadalgan va vahimaga solayotgan mintaqa – Iroq va Suriya hududida tashkil topgan, sarhadlarini kun sayin kengayayotgan “Islomiy davlat” qilmishlari va uning safida jang qilayotgan, o‘zga yurtlarda g‘ayridinlarga qarshi kurashib, Islomni himoya qilayapman, deb da‘vo qilayotgan jihodchilarni tushunishga urinishdir. Qolaversa, kundan-kunga vahimali tus olib borayotgan voqelikni ob‘ektiv yoritish vazifasi ham bor.

Sunniylar xalifalik jinoyatlarini qoraladi

Iroqda va Shomda o‘rnatilgan xalifalik – uning o‘zi mansub bo‘lgan sunniy diniy jamoalar yetakchilari, olimlar va deyarli barcha islom davlatlari rahbariyati tomonidan rad qilingan.

Jumladan, Ramazon oyi munosabati bilan Toshkent shahridagi yirik masjidlarda ma‘ruza qilgan o‘zbekistonlik taniqli ulamo, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari "Iroq va Shom islom davlati" guruhi jang harakatlarini "musibat" deb qoralagan va ular e‘lon qilgan islmoiy davlatni tan olmasligini aytib, o‘zbekistonliklarni bu guruh safiga qo‘shilishdan qaytargan.

- Musibat bizning musulmon ummatidan boshqaning boshida yo‘q hozir. Ramazon - ibodat oyi - ular bir-birining qonini to‘kayapti, mulkini vayron qilayapti. BMTning bolalar bo‘yicha bo‘limi e‘lon qildi bugun - Suriyada 6 million bola och ekan. Kichkina bolachalar yalangoyoq, yalang‘och yig‘lashib turibdi - rasmini chiqarib qo‘yibdi. "6 million bola yordamga muhtoj - odamlar shularga yordam beringlar!" deb haligi tashkilot so‘rayapti. Ana shu anavinga o‘xshagan xalifa "betamizlar"ning faoliyatining samarasi shu! - deydi shayx Muhammmad Sodiq Muhammad Yusuf.

Islom ulamolari xalqaro ittifoqi yetakchisi Yusuf Qarzoviy ham Iroq va Suriyada Ramazon oyining birinchi kunida e‘lon qilingan xalifalikni tan olmasligi, chunki bu shariat qoidalariga zidligini aytgan.

"Biz xalifalik imkon qadar tezroq ta‘sis etilishini kutayapmiz. Lekin "Islomiy davlat" (IShID yangi nomi - Tahr.) e‘lon qilgan xalifalik shariat nuqtai nazaridan asossizdir va bu Iroqdagi sunniylar hamda Suriyada kurashayotganlar uchun xavfli oqibatlarni keltirishi mumkin", dedi Yusuf Qarzoviy.

Islom ulamolari xalqaro ittifoqi rahbarining ta‘kidicha, musulmonlar rahbari sanaladigan xalifa radikal qarashlari bilan tanilgan bitta guruh tomonidan tayinlanishi shariatga to‘g‘ri kelmaydi.

Shariatga zid, deb qabul qilinmagan va qavmdoshlari tomonidan keskin qoralangan "Islomiy davlat" janggarilarining Suriya va Iroqda yuzlab mahalliy erkaklarning o‘ldirayotgani, ayollarni esa asir olayotgani dahshatli urush jinoyati, genotsid sifatida baholanmoqda.

Ozodlikning voqea joyidagi muxbirlari kuzatuvicha, Suriya va Iroq hududida "Islomiy davlat" e‘lon qilinganidan buyon o‘ldirilgan tinch aholi vakillari va harbiylar soni bir necha mingdan oshib ketgan. Bularning aksariyatini shia, yazidiy, nasroniy yoki alaviy jamoalariga mansub tinch aholi vakillari tashkil qiladi.

XS
SM
MD
LG