Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:40

O‘zbekistonda “uy qamog‘i” joriy qilinadi


O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi senatorlari jinoyat sodir etganlikda gumonlangan shaxslarga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida “uy qamog‘i”ni qo‘llash to‘g‘risida Jinoyat-protsessual kodeksiga tuzatish kiritishni ma‘qulladi. Bu haqda “O‘zbekiston” telekanalining “Axborot” dasturi xabar qildi. Mazkur tuzatishni ishlab chiqqan mutaxassislar fikricha, “uy qamog‘i” joriy etilishi jinoyatchilik oldini olish va jinoyat ishini o‘rganishda haqiqatni yashirishga urinishning oldini olishda samara berishi mumkin. Biroq boshqalar bu chora mahbuslar bilan to‘lgan qamoqxonalardagi vaziyatni o‘nglash va davlat byudjetini tejashga qaratilgan, degan taxminni aytmoqda.

“Uy qamog‘i” - jinoyat sodir etganlikda gumonlangan shaxslarni dastlabki tergov jarayonida jamiyatdan butkul izolyatsiya qilingan holda hibsxonada emas, balki o‘z uylarida saqlashni nazarda tutadi.

Ayni paytda “uy qamog‘i” jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo chorasi sifatida ham qo‘llaniladi.

Bunday amaliyot yetakchi G‘arb davlatlarida keng qo‘llab kelinadi.

Qonun ustuvor bo‘lgan davlatlarda “uy qamog‘i” ayblanuvchiga nisbatan sud hakamlari tomonidan belgilanadi.

“Uy qamog‘i”ga hukm qilingan fuqarolarga ma‘lum shaxslar bilan muloqotda bo‘lishi, xat yozish va olish, telefon orqali so‘zlashish va boshqa aloqa tizimlaridan foydalanishi cheklab qo‘yilishi mumkin.

Mustaqil advokat Ruhiddin Komilov Ozodlik bilan suhbatda bu O‘zbekistonda dastlabki tergov-surishtiruv jarayonida gumondor shaxsga nisbatan qo‘llaniladigan yangi chora ekanini aytdi.

- Jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladigan majburiy protsessual choralar bor. Birinchisi, kafillik, ikkinchisi, boshqa joyga ketib qolmaslik haqida tilxat, uchinchisi qamoq edi. Yana bitta yangi chora - “uy qamog‘i” paydo bo‘libdi. Dastlabki tergov-surishtiruv davrida gumondor shaxs hech qayoqqa ketib qolmasligi, tergovdan bo‘yin tovlamasligi uchun ehtiyot chorasi sifatida qo‘llaniladigan chora bu, - deydi mustaqil advokat.

Ruhiddin Komilov fikricha, O‘zbekiston jahon andozalaridan ibrat olgan holda, “uy qamog‘i” amaliyotini joriy qilmoqda.

O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromov Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekistonda “uy qamog‘i” amaliyotini joriy qilishdan ko‘zlangan birinchi maqsad mahbuslar bilan to‘lib-toshgan qamoqxonalarda vaziyatni o‘nglashdan iborat, degan taxminni o‘rtaga tashladi.

- Gap shundaki, masalan, hozir O‘zbekiston qamoqxonalari va tergov izolyatorlarida mahbuslar soni 100 mingga borib qolgan, menimcha. Shu sababli “uy qamog‘i” joriy qilingan bo‘lsa kerak, - deydi Sur‘at Ikromov.

Huquq himoyachisi fikricha, “uy qamog‘i” joriy qilishdan ko‘zlangan ikkinchi maqsad qamoqxonalardagi o‘n minglab mahbusni saqlash va qo‘riqlash uchun sarflanayotgan davlat mablag‘ini tejashdan iborat.

- Ancha odam koloniyaga bormasligi davlatga ham katta foyda keltiradi. Negaki, hozirda GUINga (Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi - tahr.) qarashli koloniyalar va tergov izolyatorlari soni 60 dan oshib ketdi. Ularda juda ko‘p mahbus bor. Masalan, ba‘zi hibsxonalarda 1,5-2 barobar ko‘p mahbus saqlanyapti. Yangi chora O‘zbekiston davlat byudjetini ancha tejaydi, - deydi huquq himoyachisi.

Sur‘at Ikromov “uy qamog‘i” O‘zbekistonda odam o‘ldirish, zo‘rlash kabi og‘ir jinoyatlar sodir etgan va jamiyat uchun xavfli bo‘lgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmasligini qo‘shimcha qildi.

Mustaqil advokat Ruhiddin Komilov “uy qamog‘i” amaliyotini joriy qilishdan ma‘lum qatlam manfaatdor bo‘lishi mumkinligini ham ehtimoldan soqit qilmadi.

- Jinoyatchi kim bo‘lishidan qat‘iy nazar, jazosini olishi kerak. Bu ehtiyot chorasi. Undan tashqari, boshqa maqsad ham ko‘zlangan bo‘lishi mumkin. Masalan, katta-katta amaldorlar jinoyat bilan qo‘lga tushyapti.

Amaldorlar ham o‘zini o‘ylab shunday qilayotgan bo‘lishi mumkin. 2000 yillargacha jinoyat sodir etgan shaxsning mulkini musodara qilish jazosi bor edi. U olib tashlandi. Kambag‘alning musodara qilinadigan narsasi yo‘q.

Shuning uchun qonunlar ham tepada o‘tirgan ma‘lum doiralarning manfaatlaridan kelib chiqib shakllanadi va qabul qilinadi. Ular hamma narsani o‘zlariga moslashtiradi, - deydi o‘zbekistonlik mustaqil advokat.

O‘zbekistondagi mahalliy axborot agentliklarining mutaxassislar fikriga tayangan holda xabar qilishicha, “uy qamog‘i”ning ehtiyot chorasi sifatida amalga tatbiq etilishi jinoyat sodir etgan shaxslarning jamiyatga qayta integratsiyalashishi, ularning oilalari va salomatligiga putur yetishining oldini olishga hissa qo‘shadi.

Hozirga qadar O‘zbekistonda fuqarolarga nisbatan “uy qamog‘i” qo‘llanilmagan.

Biroq mamlakat rahbarining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova oilaviy mojarolar sababli “uy qamog‘i”da ekaniga shama qiluvchi ma‘lumotlarni xorijiy axborot vositalariga sizdirgan.

Gulnora Karimova yaqinda Bi-Bi-Siga yo‘llagan audiomurojaatida qizi va o‘zi “itlardan ham battar” ahvolda ushlab turilayotganliklari, tibbiy yordamga muhtoj ekanliklari, shuningdek, qizi Imon uy qamog‘i bois maktabga borolmayotganini iddao qilgan edi.

XS
SM
MD
LG