Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:28

Jalolobodda maxsus xizmat xodimi huquq faoliga daf qildi


4 sentabr kuni ertalab Qirg‘izistonning Jalolobod shahrida faoliyat yurituvchi “Spravedlivost” huquqni himoya qilish tashkilotining katta yuristi Mahammadjon Abdujaparov o‘z ofisida hujumga uchradi. Keyinchalik huquq himoyachisiga hujum qilgan kishining Qirg‘iziston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi xodimi ekani ma‘lum bo‘lgan.

Payshanba kuni sodir bo‘lgan mojaro haqida Ozodlikka Mahammadjon Abdujaparovning o‘zi ma‘lum qildi.

- To‘rtinchi chislo kuni bo‘lgandi [bu voqea], ertalab soat 8.20 da. Ishga kelsak, 2-3 minutdan keyin orqamizda o‘sha odam keldi. “Keling, keling”, deb ko‘rishdik. Shunaqa deyishim bilan: “Sen mening mashinamni qisib qo‘yding”, degan gaplarni qildi. Men: “Mashinam qachondan beri ko‘chada turibdi. Mashinamda registratorim bor, agar qisib qo‘ygan bo‘lsam, registratorimni ko‘r” desam, unaqa-bunaqa deb, yomon gaplar bilan so‘kindi. Bizning qorovulimiz bor edi rus kishi, u o‘rtaga tushmoqchi bo‘lsa, unga ham reaktsiya qilmadi. Keyin men “militsiyaga qo‘ng‘iroq qilaman” desam, militsiyaning telefoni band ekan. Yana kelib, yoqalashib ketdi, meni bo‘g‘ib, shkafga tirab qo‘ydi. Yaxshiki, yonimizda kafe bor edi, o‘shandan bir-ikkita xodimlar yugurib chiqqanidan keyin ularni ko‘rib, ko‘chaga chiqib, mashinasiga o‘tirib ketvordi. Mashinasining nomerini yozib oldim, - deydi hujumchining ismini ochiqlamagan jalolobodlik huquq himoyachisi.

Ko‘p o‘tmay Mahammadjon akaning tanishlari hujumchi haydab kelgan mashina Qirg‘iziston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasining Jalolobod viloyat boshqarmasi binosi oldida turganini ma‘lum qilishgan. Boshqarmaga qo‘ng‘iroq qilgan huquq himoyachisi u yoqdan “bizda bunday xodim ishlamaydi” degan javob olgan.

Shundan so‘ng Mahammadjon Abdujaparov bo‘lgan voqea yuzasidan ariza yozib, unga ofis videokuzatuvi tasvirlarini ilova qilib, Jalolobod shahar ichki ishlar bo‘limiga topshirgan. Suhbatdoshimiz o‘zini militsiyaga ariza yozishga undagan sabablarga ham to‘xtaldi.

- “Yoshing o‘tib qolgan ekan, o‘zbek ekansan, yoshingga qaramasdan, u qilib yuboraman, bu qilib yuboraman” degan gapni qiluvdi, o‘shanga jonim chiqib ketdi. Bizning ofisga kiraverishda yozilib turibdi “Spravedlivost” ukuk korgoo uyumi (huquqni himoya qilish tashkiloti demoqchi – tahr.) deb. Shu yerga kelib, bizga shunaqa muomala qilgan odam oddiy odamlarga qanday muomala qilishi mumkin, o‘zingiz o‘ylab ko‘ring-chi, - deydi huquqshunos Mahammadjon Abdujaparov.

Tushdan keyin huquq himoyachisiga Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasidan qo‘ng‘iroq qilishib, Mahammadjon aka bilan to‘qnashgan odam haqiqatan viloyat boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlashi ma‘lum bo‘lgani, u yaqinda ishga kelgani uchun ko‘pchilik tanimasligini aytishgan.

Suhbatdoshimiz fikricha, o‘zi jamoatchilik xavfsizligi va osoyishtaligini ta‘minlashi kerak bo‘lgan kishining boshqalarga tahdid qilishi hech bir qolipga sig‘maydi.

- Xo‘p, men uning mashinasini qisibman. Ayb menda bo‘lganda ham, mening ustimdan arizani yozib turib, ichki ishlar bo‘limiga topshirib qo‘ysa bo‘lardi-ku. Yo bo‘lmasa kirganda, udostvoreniyesini chiqarib, “men shunaqa xodimman, aka, meni mana shunday qilib qisib qo‘ydingiz mashinada” deganda – menda videoregistrator bor – “uka, mana, videoregistratorni ko‘r”, derdim. Kiriboq hujum qilishni boshladi-da, - deydi Mahammadjon Abdujaparov.

Jalolobodlik huquq faoli yaqin kunlarda yozgan arizasining natijasini bilish uchun ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilmoqchi. Ammo Qirg‘iziston janubida militsiyaga murojaat qilgan etnik o‘zbeklarning ko‘pi yozgan arizalari natijasiz qolayotganini qayd etmoqdalar. Xususan, uch hafta muqaddam O‘sh shahrida to‘rt yigit tomonidan kaltaklab ketilgan o‘zbek jurnalisti Davron Nasibxonov, hodisa yuzasidan jinoiy ish ochilganiga qaramay, jinoyatchilarni topish ishida olg‘a siljish bo‘lmayotganini aytadi.

So‘nggi ikki oy ichida Qirg‘iziston janubida etnik o‘zbeklarni kaltaklab, tahqirlab, to‘nab ketish bo‘yicha Ozodlikka kamida beshta voqea ma‘lum. Bu voqealardan birida hatto bir kishi nobud bo‘lgan, ammo bu jinoyatlarning birontasi hali ochilgan emas.

XS
SM
MD
LG