Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:54

Islom Karimov olti yillik tanaffusdan so‘ng Dushanbega boradi


Ikki davlat prezidentlari Islom Karimov va Imomali Rahmon.
Ikki davlat prezidentlari Islom Karimov va Imomali Rahmon.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Shanxay Hamkorlik tashkilotining navbatdagi yig‘ilishida qatnashish uchun 11-12 sentabr kunlari Dushanbega safar qiladi. Tahlilchilar xalqaro maydondagi mavjud vaziyatda ikki prezident o‘zaro munosabatlarni yaxshilashdan manfaatdor bo‘lishi kerak, demoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Dushanbega bundan olti yil muqaddam borgan edi. So‘nggi yillarda ikki qo‘shni davlat prezidentlari juda kam, faqatgina MDH va ShHT doirasida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda uchrashgan, xolos.

Ikki rahbarning kam uchrashayotganiga davlatlar o‘rtasida yig‘ilib qolgan qator muammo va o‘zaro kelishmovchiliklar sabab bo‘lib qolmoqda. Ammo bu safar Tojikiston matbuoti hukumatdagi o‘z manbalariga tayangan holda Karimov va Rahmonning "birga-bir" uchrashuv o‘tkazishi haqida xabar bermoqda.

O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlarining har bir uchrashuvi ikki davlat aholisining ko‘nglida umid shu‘lalarini yoqadi. Oddiy odamlar ikki rahbarning nihoyat “til topishishi” ortidan bordi-keldi muammolari hal qilinishiga, do‘stlik-qardoshlik munosabatlari mustahkamlanishiga umid qiladi.

Tojikistonlik siyosatshunos Rashid G‘ani Abdullo ayni paytdagi tojik-o‘zbek munosabatlari juda ham g‘arib holda ekanligini aytar ekan, bu galgi uchrashuvdan ham bir narsa umid qilish qiyin, deydi:

“Munosabatlarning yaxshilanishi uchun hali poydevor tayyorlanmagan. Lekin men aminmanki, hozir qudratli davlatlar o‘zaro keskin qarama-qarshilkda qolayotgani va ular odatda, bu qarama-qarshilikni uchinchi davlatlar hududida hal qilishini ikki davlat prezidentlari yaxshi anglaydi”, deydi Rashid G‘ani Abdullo.

Rashid G‘ani fikricha, ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi qarama-qarshilik vaziyatini uchinchi davlatlar o‘z foydasi uchun ishlatishi va qudratli davlatlar bu hududni geosiyosiy jang maydoniga aylantirishi mumkinligini O‘zbekiston ham, Tojikiston ham asta-sekin anglab bormoqda.

O‘zbekistonlik siyosatshunos Alisher Ilhomovning aytishicha, dunyoda ro‘y berayotgan so‘nggi voqealar ikki qo‘shni davlat prezidentlarini o‘zaro munosabatlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda:

“Xorijdagi siyosiy vaziyat Tojikiston va O‘zbekistonni mintaqadagi vaziyatga yangicha ko‘z bilan qarashga vazifador qiladi. Ayni paytda ikki qo‘shni davlat hukumatlarining bir-biriga ishonchsizligi yuqori darajaga chiqqan. Hozir ham oqibatlari qarama-qarshilik va hatto urushga olib borishi mumkin bo‘lgan muammolar saqlanib qolmoqda. Hozirgi sharoitda eng avvalo bosqinchilik ambitsiyalari kuchayib borayotgan Rossiya ana shu zaif nuqtalarni o‘z foydasi uchun ishlatishi mumkin”, deydi Alisher Ilhomov.

Biroq, ayrim ekspertlar ikki davlat o‘rtasidagi kelishmovchilikni ikki prezidentning shaxsiy ambitsiyalari bilan bog‘laydilar. Ularning fikricha, davlat rahbarlarining bir-birlariga bo‘lgan shaxsiy adovati ikki davlat o‘zaro munosabatlarining yomonlashishiga sabab bo‘lmoqda.

Qarama-qarshiliklar tarixi

Ikki qo‘shni davlat mustaqillikka erishgan 1991 yildan buyon O‘zbekistonu Tojikistonning munosabatlari doim murakkab bo‘lgan.

Tojikiston hukumatining Rog‘un GESini qurish haqidagi qat‘iy qaroridan so‘ng rasmiy Toshkent bunga qarshi chiqib kelmoqda. Avvaliga O‘zbekiston tojik yuk poyezdlarini o‘z hududidan o‘tkazishda turli xil to‘siqlar qo‘ya boshladi va tranzit bojini misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tardi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston har yili Tojikistonga sotadigan gaz narxini oshira borib, pirovardida har ming kubometr gazning narxini 400 dollarga yetkazdi, 2012 yildan boshlab esa gaz berishni taqa-taq to‘xtatdi.

2012 yilda Olmaotaga qilgan tashrifi chog‘ida, Islom Karimov Rog‘un GESi qurilishiga to‘xtar ekan qat‘iy ohangda shunday degan edi:

"Vaziyat shu darajada keskinlashib ketishi mumkinki, bu holat shunchaki diniy qarama-qarshilik emas, urushlarni keltirib chiqarishi mumkin", degan edi Islom Karimov.

O‘zbekiston hukumatining qat‘iy qarshiligiga qaramay Jahon banki xalqaro tashkilotlar yordamida Rog‘un GESini ekologik va texnik ekspertizadan o‘tkazdi. Ekspertiza bunday to‘g‘on qurilishini texnik jihatdan amalga oshirish mumkinligini joriy yilning sentabr oyi boshida qayd etdi.

XS
SM
MD
LG