Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:37

Jizzaxlik ayol erini chavaqlab o‘ldirdi


Qo‘shko‘pir tuman hokimi qo‘shib yozish va mablag‘ o‘marishda ayblandi. Jizzaxlik ayol shirakayf erini chavaqlab o‘ldirdi. Tezyurar poyezd kechikib kelgani sababli mas‘ullar jarimaga tortildi. Joriy hafta mahalliy matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

“Shaharlararo va xalqaro qo‘ng‘iroq qilish tartibi o‘zgaradi”

Toshkent shahrida joriy yil 24 sentabrdan 1 oktabrgacha shaharlararo va xalqaro so‘zlashuvlarni amalga oshirish uchun raqam terish qoidalarini o‘zgartirish bo‘yicha ishlar olib boriladi (“Toshkent oqshomi”, 10 sentabr).

Shu tariqa shaharlararo aloqaga chiqish “8” raqami o‘rniga “0” raqamini, xalqaro aloqaga chiqish “8-10” raqami o‘rniga “00” raqamini terish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

“Qo‘shko‘pir tuman hokimi qo‘shib yozish va mablag‘ o‘marishda ayblandi”

Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumani hokimi vazifasini bajaruvchi qo‘shib yozish va mablag‘ o‘marishda ayblandi (“Darakchi”, 11 sentabr).

Ismi oshkor etilmagan hokim tumandagi bug‘doy planini bajarmagan 10 dan oshiq fermer xo‘jaligining har biridan 1000 dollardan 2400 dollargacha yig‘ib olgan. Mazkur mablag‘ “naqd pulga bug‘doy sotib olish uchun” degan vaj bilan olingan.

Bundan tashqari, Qo‘shko‘pir rahbari tumandagi qurilish va transport kasb-hunar kolleji qayta qurilayotganidan foydalanib, kollej binosidan chiqqan umumiy bahosi 22 million so‘mdan oshiq qurilish materiallarini o‘zlashtirgan.

Ma‘lum qilinishicha, “hokim buva”ning “ber-ber” kasalidan yana boshqalar ham jabr ko‘rgan. Jinoiy ishning boshqa tafsilotlari oshkor etilmagan. Qayd etilishicha, tuman hokimi va unga jinoyatda yordam berganlarga “qilmishiga yarasha jazo tayinlangan”.

“Jizzaxlik ayol shirakayf erini chavaqlab so‘ng yoqib yubordi”

Jizzaxlik Muborak Norboyeva qotillikda ayblanib 15 yilga ozodlikdan mahrum etildi (“Huquq”, 11 sentabr).

Jinoyat Zarbdor tumanida marhumning tug‘ilgan kunida ro‘y bergan. Ayolning turmush o‘rtog‘i Rustam Norboyev mast holatda uyiga kelib qizi Sevarani kaltaklay boshlagan.

Ichkilikka ruju qo‘ygan erining qilmishlaridan to‘ygan Muborak Norboyeva uni chavaqlab tashlagan. So‘ng o‘g‘li va qizi yordamida jasadni palosga bog‘lab, zovurga olib borib benzin quyib yoqib yuborgan. Keyin qarindoshlariga Rustam Norboyevni ishlash uchun Rossiyaga ketgan deyishgan. Ammo keyinroq marhumning qarindoshlari yordamida jinoyat ochilgan.

Haj ziyorati qanchaga tushadi?

O‘zbekistonlik ziyoratchilarning ilk guruhi 15 sentabrdan muborak Haj safariga yo‘l oladi (“Oila davrasida”, 11 sentabr).

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim mudiri Muhammad Akmalxon Shokirovning ma‘lum qilishicha, bu yil 5200 nafar kishi ziyoratga otlanib turibdi.

Haj-2014 mavsumi xarajatlar smetasiga binoan har bir hoji uchun 8 million 265 ming so‘m miqdorida belgilangan.

O‘zbekistonda hajga borish uchun navbatda turish talab etiladi. Bu borada hojilar uchun ajratiladigan o‘rinni ko‘paytirish masalasiga to‘xtalgan Shokirov shunday degan: “Haqiqatan ham hajga borish istagini bildirib, ziyoratga borish uchun navbatda turgan fuqarolarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi. Lekin bugungi kunda Saudiya Arabistoni podshohligining Makkai mukarrama va Madinai munavvara shaharlarida keng ko‘lamli ta‘mirlash va qurilish ishlari olib borilayotgani sababli, butun dunyodan keladigan hojilar safi qisqartirilayotgan bir vaqtda bizdan boradigan hojilar sonini ko‘paytirish masalasini ko‘tarish noo‘rin deb hisoblaymiz”.

“Chinni bozordagi yong‘in atayin uyushtirilgan”

Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Chinni bozorida joriy yil 12 avgust tunida ro‘y bergan yong‘in atayin uyushtirilgan (“Novшy vek”, 11 sentabr).

Gazeta bozor hududida savdo bilan shug‘ullangan tadbirkorlarga tayanib shunday taxminni ilgari suradi. Ushbu versiyaga ko‘ra, bozorni yoqish orqali tadbirkorlarni yangi qurilgan va ijara haqi ancha qimmat sanalgan “Abu Saxiy” majmuasiga majburiy ko‘chib o‘tishiga erishish ko‘zlangan.

Gazetaga ko‘ra, bu stsenariy o‘tgan yili Toshkentdagi Qatortol savdo majmuasiga o‘t qo‘yilganda ham kuzatilgan. Shu bilan birga, “yong‘in – bozorni o‘z nazoratiga olishga uringan guruhlar o‘rtasidagi kurash oqibati” degan taxmin ham ilgari surilgan. Yong‘in xavfsizligiga mas‘ul vazirjlik yong‘inlar atayin uyushtirilishi haqidagi fikrlarni biror marta tasdiqlamagan. Jumladan, 12 avgust kungi yong‘in ham, Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, “elektr simlaridagi qisqa tutashuv oqibatida” yuzaga kelgan.

“Tezyurar poyezd kechikib kelgani sababli mas‘ullar jarimaga tortildi”

Toshkent-Buxoro yo‘nalishida qatnovchi “Sharq” tezyurar poyezdi 1 soatu 10 minutga kechikib kelgani sababli mas‘ullar jazoga tortildi (“Adolat ko‘zgusi”, 11 sentabr).

“Adolat ko‘zgusi” gazetasi tezyurar poyezd imillab harakat qilgani, qolaversa, yozning issiq kunlarida ham sovitish tizimi ishlamagani haqida tanqidiy maqola e‘lon qilgan.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” shirkati tekshiruvlardan keyin maqolada tanqid qilingan faktlar tasdiqlangan. Shu tariqa tezyurar poyezd faoliyatidagi kamchiliklar uchun Yo‘lovchi poyezdlarini reysga texnik va texnologik tayyorlash filiali bosh muhandisi A.Azlarxo‘jayevga, elektrotsex boshlig‘i I.Po‘latovga va boshqa mas‘ullarga jarima jazosi qo‘llanilgan.

XS
SM
MD
LG