Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:14

Xo‘jaylilik talaba qiz zo‘rlab, keyin pichoqlab o‘ldirildi


6 sentabr kuni bedarak yo‘qolgan Xo‘jayli Pedagogika kolleji talabasi oradan besh kun o‘tib o‘lik holda topildi. 17 yashar talaba qiz avval zo‘rlangan, keyin esa pichoqlangan. Voqea tafsilotlaridan xabardor manbalar talabaning paxta hashari paytida o‘ldirilganini iddao qilayapti. Lekin bu iddaoni Xo‘jayli rasmiylari inkor qildi.

Qoraqolpog‘istonning Xo‘jayli tumani Sariq Jungul qishlog‘ida yashagan talaba qizning ismi-sharifi Ozodlikka ma‘lum. Lekin ushbu qotillik bo‘yicha jinoiy ish surushtiruvi nihoyasiga yetmagani bois tergov siri sababidan qizning shaxsini ochiqlamayapmiz.

Xo‘jayli Pedagogika kolleji talabasi bo‘lgan 17 yashar qizning fojiaviy o‘limi haqida Ozodlikka xabar qilgan manbaga ko‘ra, talabaning jasadi paxta dalasidan topilgan:

“Qizning o‘ligi Xo‘jaylining Kumbuz Ovul degan joydagi paxta dalasidan topilgan. Jasad qiz o‘ldirilganidan 5 kun o‘tib topilgan. Hozir morgda saqlashmoqda. Qiz paxta terishga chiqqan ekan. Uni dalada zo‘rlashgan, keyin pichoqlab, o‘ldirib ketishgan”, dedi voqeadan xabardor xo‘jaylilik manba.

Xo‘jayli tuman huquq-tartibot idoralaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, talaba qiz joriy yilning 6 sentabr kuni bedarak yo‘qolgan va 10 sentabr kuni uning jasadi Xo‘jayli shahri yaqinidagi posyolkadan topilgan.

“1997 yilda tug‘ilgan bu qiz Xo‘jayli Pedagogika kollejining 3-kursi talabasi bo‘lgan, tumandagi Sariq Jungul fuqarolar yig‘inida yashagan. Uning jasadi Xo‘jayli yonida joylashgan posyolkadagi zapravkaning orqasidan topildi”, dedi Xo‘jayli huquq-tartibot idoralaridagi manba.

Talaba qizning o‘limida gumonlanib, xo‘jaylilik 27 yashar E. (uning ismi Ozodlikka ma‘lum, biroq tergov siri sababidan uning shaxsi ochiqlanmayapti-tahr.) ismli yigit hibsga olingan.

“1987 yilda tug‘ilgan E. mast holda qizning orqasidan kelib bo‘ynidan bo‘g‘gan. Keyin pichoq sanchib, o‘ldirib ketgan. Gumondor talaba qiz bilan tanish bo‘lmagan. Mutlaqo begona yigit”, dedi huquq-tartibot idoralaridagi manba.

Hozirda talaba qizning o‘limida gumonlangan yigitga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining “Qasddan odam o‘ldirish” (97-modda) moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochilib, tergov boshlangan. Shuningdek, gumondor Jinoyat kodeksining “Nomusga tegish” (118-modda) va “Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish” (119-modda) moddalari bo‘yicha ham ayblanishi mumkin.

“Hozir unga nisbatan 97-moddaning a, b, v, g bandlari bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi. Hozir qizning zo‘rlanishi bo‘yicha tibbiy ekspertiza xulosalari hali chiqmadi. Xulosa chiqqach, agar zo‘rlash holati tasdiqlansa, 118- va 119- moddalar bo‘yicha ham ish qo‘zg‘atiladi. Ekspertizani kutayapmiz”, dedi Xo‘jayli huquq-tartibot idoralaridagi manba.

Xo‘jayli tuman kollejlar boshqarmasi rasmiylari talaba qizning paxta terimiga chiqarilgan payti o‘ldirilgani haqidagi iddaolarni inkor qilishdi:

“Bizda hali paxtaga “komanda” berilmadi. Barcha talabalar kollejlarda o‘tirishibdi. Hamma kollejlarda o‘qishlar davom etayapti. U qiz o‘sha kuni paxtaga chiqarilmagan. U 6 sentabr kuni kollejdagi darslarini tugatib, uyiga qaytayotgan payt shu fojea sodir bo‘lgan”, dedi Xo‘jayli tuman kollejlar boshqarmasining ismini ochiqlamayotganimiz rasmiysi.

XS
SM
MD
LG