Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:23

Bishkek tug‘ruqxonasidan sotib yuborilgani aytilgan chaqaloq topilmayapti


Bishkekdagi 1-sonli tug‘ruqxona shifokori tomonidan 29 avgustda sotib yuborilgan yangi tug‘ilgan chaqaloq shu kungacha topilgani yo‘q. Chaqaloqni sotib yuborganlikda gumonlanayotgan shifokor esa hibsga olingan.

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligining ma‘lum qilishicha, Bishkekdagi 1-tug‘ruqxonada 27 avgustda tug‘ilgan va 29 avgustda noma‘lum shaxslarga sotib yuborilgan chaqaloqning qayerda ekani hozirgacha aniq emas. Chaqaloqning sotib yuborilgani haqida bolaning onasi militsiyaga ariza yozgan.

Ichki ishlar vazirligi rasmiysi Ernist O‘smo‘nbayev chaqaloqni sotib yuborganlikda ayblanib bir shifokor hibsga olinganini bildirdi:

-Bolaning sotilgani bir necha kun davomida olib borilgan tekshiruv jarayonida aniqlandi. Biroq chaqaloqning qayerda ekani, kimning qo‘lida ekani noma‘lum. Mazkur voqea yuzasidan “odam savdosi”, “hujjatlarni qalbakilashtirish va qalbaki hujjatlardan foydalanish” moddalari bo‘yicha jinoyat ishi ochildi.

Tergovchilar chaqaloqni sotib yuborishda gumonlanayotgan shifokor va chaqaloq onasining ism-sharifini sir saqlamoqda.

Ayni paytda Bishkek Sog‘liqni saqlash departamenti va tug‘ruqxona rahbariyati chaqaloq sotilishi yuzasidan iddaolar tasdiqlanmaganini bildirmoqda.

-Biz o‘zimiz mustaqil tarzda tekshirdik, biroq mazkur fakt tasdiqlangani yo‘q. Huquq-tartibot tuzilmalari o‘z tekshiruvini olib bormoqda. Shahardagi birorta tug‘ruqxonada bola sotilgani hodisasi qayd etilmagan, -dedi Bishkek Sog‘liqni saqlash departamentining bosh akusheri Raisa Asilbasheva.

Qirg‘izistonda yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni sotish holati avvalari ham kuzatilgan. Masalan, o‘tgan yilning noyabrida Bishkekdagi 4-tug‘ruqxonadan bir chaqaloq sotib yuborilgan. Joriy yilning aprelida esa Talasda 17 yoshli qiz 6 oylik chaqaloqni 500 dollarga sotayotganida qo‘lga olingan.

Qirg‘iziston parlamentining Ijtimoiy siyosat qo‘mitasi rahbari Damira Niyazaliyeva chaqaloqlarning bu tarzda sotilishini shifokorlar oyliklarining ozligi bilan izohlaydi:

-Shifokorlarning oyliklari oshirilgani bilan inflyatsiya tufayli pul qadrsizlanib bormoqda. Shuning uchun ham shifokorlarning ayrimlari moddiy ahvolini yaxshilash maqsadida mana shunday ishlarga qo‘l urayapti. Bu muammoni kompleksli tarzda hal etish kerak. Ayni paytda chaqaloqlarni sotish korruptsiyalashgan sistemaga aylanib bormoqda.

Mutaxasislar fikricha, Qirg‘izistonda chaqaloqlarni sotib olish yoki sotish holatlari mamlakatda bola asrab olish juda murakkab jarayonga aylangani ortidan sodir etilmoqda.

XS
SM
MD
LG