Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:02

Namozxon: Imom oq do‘ppisini yechmaganlar masjiddan haydalishini aytdi


Ozodlik mushtariylarining bildirishlaricha, O‘zbekistonda imomlar masjidlarga Hayit nomozini ado etgani oq do‘ppi kiyib borgan namozxonlarga oq do‘ppilarni yechishni buyurgan, aks holda masjiddan chiqarilishi haqda ogohlantirgan.

Bu haqda ismi sir qolishini istagan o‘zbekistonliklardan biri Ozodlikka quyidagilarni aytdi:

- Biz ertalab saharda nomozga bordik. 6.30da Hayit nomozi o‘qildi. Nomoz payti yaqinlashganida imom masjidga kirgan musulmonlar boshiga qarab oq matodan tikilgan do‘ppilarni yechishni, aks holda masjiddan chiqarilishlarini e‘lon qildi. Nahotki nomozga kiyib boradigan bosh kiyimini farqi bo‘lsa, - deydi Hayit nomoziga borgan o‘zbekistonlik.

O‘zbekistonda oq do‘ppilarga norasmiy taqiq borligi haqida Ozodlik avval xabar bergan edi.

Toshkentdagi Xo‘ja Alabmardor jome‘ masjidi imomlaridan biri oq do‘ppi arab mamlakatlari uchun hos bo‘lgani uchun uni kiyish O‘zbekiston uchun begona ekanligini aytadi:

-Oq do‘ppini arablar kiyadi, bizni o‘zimizni do‘ppilarimiz bor. Nimaga o‘zbeklar o‘ziniki turganda arablarni do‘ppisini kiyishi kerak, - deydi o‘zbekistonlik imom.

Yosh bolalar Hayit nomoziga qo‘yilmadi

O‘zbekistondagi ko‘pgina masjidlarga 20 yoshdan kichik bo‘lgan o‘smirlar kiritilmagan. Ularga hukumat qarori pesh qilinib, ortga qaytarilgan.

– Hukumatni qarori bor ekan, "yoshi 20 dan kichik bo‘lganlar kiritilmaydi", deyishdi. Melisa nomozga kelganlarni nazorat qilib turdi, - deydi 4 oktyabrь kuni Hayit nomoziga bolalari bilan borgan farg‘onalik Inomjon aka.

Masjidlarga yosh bolalar qo‘yilmaganini boshqa o‘zbekistonlik ham tasdiqlaydi.

– Erta tongda masjidga yaqinlashar ekanman, masjidni qurollangan askarlar o‘rab olgani va hali 20 yoshga to‘lmagan fuqarolarni qaytarayotgani va har bir insonni chegaradan o‘tgani kabi tekshirib masjidga kiritayotganiga hayron qoldim, - deydi ismi sir qolishini istagan o‘zbekistonlik.

O‘zbekistonlik imomlar ham musulmonlarga bolalarini olib kelmaslikni tavsiya etishmoqda.

- Yosh bolalarni namozi baribir ibodat emas. Yosh bolalar masjidda namozxonlarga xalaqit qilishlari mumkin. Shuning uchun bolalarni masjidga olib kelmaslik aytilyapti, - dedi o‘zbekistonlik imom.

O‘zbekistonda bolalar va o‘smirlar juma nomozlariga qo‘ilmayotgani, jome‘ masjidlari oldida bolalarni militsiya ortga qaytarayotgani haqda Ozodlik avval xabar bergan edi. Bu O‘zbekistonda bolalarni masjiddan ayri tutish yo‘lidagi harakat sifatida ko‘riladi.

Huquq faollari fikricha, masjidlarda musulmonlar oq do‘ppilarni yechishga majburlanishi va bolalarning Hayit ibodatlarini ado etishlari uchun masjidlarga kiritilmagani e‘tiqod erkinligi cheklovining bir ko‘rinishidir.

Shuningdek, bu yil ham Toshkent va Toshkent viloyatlarida urf bo‘lgan yangi tushgan kelinlarga Hayit salomi taqiqlab qo‘yilgan.

Ozodlikning Toshkentdagi manbalariga ko‘ra, poytaxtning Eski shahar qismidagi ayrim mahallalarda yangi kelin tushirgan oilalardan hayitni o‘tkazmaslik borasida tilxat ham olingan.

XS
SM
MD
LG