Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:39

Boyovut hokimi paxtaga chiqmagan tadbirkorlarni jazolashni buyurdi


Paxta terimi bois O‘zbekistonning aksariyat tumanlaridagi dehqon bozorlari yopib qo‘yilgan.
Paxta terimi bois O‘zbekistonning aksariyat tumanlaridagi dehqon bozorlari yopib qo‘yilgan.

Sirdaryoning Boyovut tumani hokimi buyrug‘i bilan paxta terimida do‘konlarini yopmagan tadbirkorlar videoga olinib, majlisda izza qilinmoqda. Tadbirkorlar o‘z o‘rniga terimchi yollaganiga qaramay ularning o‘zlari do‘konlarni yopib paxta terimiga chiqishi talab qilinyapti. Aks holda, hokim bu tadbirkorlarning faoliyatini soliq idoralari tomonidan qayta tekshirtirish bilan tahdid qilmoqda.

Boyovut tumani hokimi Doniyor Botirov tuman tadbirkorlarining paxta mavsumi davrida do‘konlarini ochib ishlayotganini videoga olib, ularni jazolash haqida farmoyish berdi.

Bu haqda Ozodlikka ismi sir qolishini so‘ragan tadbirkorlardan biri ma‘lum qildi:

- Kecha hokim hamma tadbirkorlarni yig‘ib majlis qildi. Ikki kun oldin kunduzi do‘konlarini ochgan tadbirkorlarni videoga olib ketishgan edi. Majlisda videolarni namoyish qilib, bu oshxona, do‘konlar nega kunduz kuni ishlayapti, nega paxtaga chiqmayapti, deb do‘q qildi. Bir-ikki tadbirkorlar biz o‘rnimizga odam chiqarganmiz, soliqdan ruxsat olganmiz desa ham hokim “do‘koningni yopib o‘zing chiqasan paxtaga” deb baqirdi,- dedi tadbirkor.

Uning aytishicha, hokim tadbirkorlarning paxtaga chiqishini ta‘minlashni soliq idorasi boshlig‘iga buyurgan:

- Hokim soliqning boshlig‘iga aytyapti: “komissiya tuzasan, komissiyaga o‘zim rahbarlik qilaman. Qaysi biri chiqmayotgan bo‘lsa, akt qilasanu shtraf qilib do‘konini yopasan”. Biz tadbirkorlar hayron qoldik. Hammamiz o‘rnimizga 200 ming so‘mdan odam yollab paxtaga chiqarayotgan bo‘lsak bu ham hokimga kamlik qilyapti,- dedi tadbirkor.

Tadbirkorga ko‘ra, paxta siyosati sabab Boyovut tumani markazi urush bo‘layotgan joyni eslatadi:

- Tuman markazi bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolgan. Hamma joy yopiq. Bir-bir u yoki bu tomonga o‘tib qolgan mashinani, biror zarur yumush bilan chiqqan odamning do‘konlar eshigini tortib ko‘rayotganini ko‘rasiz. Urush kinolarida ko‘rgandik, shaharlar bo‘shab qolgan, og‘ir sukunat. Bizda ham hozir shuning o‘zi. Do‘konlarni ichidan qulflab o‘tiribmiz. Kechqurun soat 5 larga borib ko‘chalarda odam ko‘rina boshlaydi. GAIlar markazga kelgan lyuboy mashinani haydab yuboryapti,- dedi boyovutlik tadbirkor.

Boyovut tumani hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda haqiqatan ham paxta siyosati juda qattiq bo‘layotganini tan oldi:

- Tadbirkorlarga odam chiqarish topshirig‘i berilgan edi. Endi barchani to‘la safarbar etish uchun kechqurun soat beshgacha tumanda birorta do‘kon, oshxona, paynet ishlamasligi haqida hokim farmoyish berdi. Bu faqat bizning hokimning tashabbusi emas, viloyat hokimi shunday topshiriq bergan. Yo‘llar ham kechqurun soat to‘rt yarimdan keyin ochiladi,- dedi hokimlik mulozimi.

O‘zbekiston hokimiyat idoralari Paxta-2014 kampaniyasiga odamlarni majburan jalb qilishda avvalgi yillarga nisbatan ko‘proq jonbozlik ko‘rsatmoqda.

O‘tgan yilgi paxta mavsumida, asosan, davlat tashkilotlari, kollej va oliy o‘quv yurtlari ishtirok etib, xususiy shirkatlarning majburiy ishtiroki anchayin cheklangan edi. Bu yil esa, xususiy shirkatlar, tadbirkorlar yoppasiga paxta xirmoniga hissa qo‘shishga majburlanmoqda.

XS
SM
MD
LG