Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:52

Tojikistonlik imom bangfurushlikda gumonlanmoqda


Qo‘rg‘ontepadagi Abubakr Siddiq jome‘ masjidi.
Qo‘rg‘ontepadagi Abubakr Siddiq jome‘ masjidi.

Tojikiston Giyohvand moddalar noqonuniy savdosiga qarshi kurash agentligi Qo‘rg‘ontepa shahridagi jome‘ masjidi imomi Abdullo Aslamovni qoradori sotganlikda gumonlab qo‘lga oldi.

Agentlik matbuot kotibi Xushnud Rahmatulloyevning Ozodlik radiosi tojik xizmatiga ma‘lum qilishicha, huquq-tartibot idoralari xodimlari 36 yoshli imom Abdullo Aslamov qoradorini Qo‘rg‘ontepa shahar Abubakr Siddiq nomidagi jome‘ masjidining o‘zida sotgan bo‘lishi mumkin, degan gumondalar.

Tojikiston Giyohvand moddalar noqonuniy savdosiga qarshi kurash agentligi o‘tkazgan amaliyot natijasida imomning yonidan to‘rtta vazelin idishida afyun topilgan.

Rahmatulloyevga ko‘ra, dastlabki tergov chog‘ida qo‘lga olingan imom Aslamov o‘zi ham qoradori iste‘mol qilgani, uni boshqa odamlarga ham sotgani aniqlangan.

13 oktabr kuni Ozodlik muxbiri bilan suhbatlashgan imom noiblari Qori Abdullo qoradori sotayotganda qo‘lga olingani haqidagi xabardan tang qolganini aytganlar. Ularga ko‘ra, Abubakr Siddiq jome‘sida 2007 yildan buyon imomlik qilib kelayotgan Qori Abdullo o‘zi yashaydigan Vaxsh tumanining Toshrabot jamoatida qo‘lga olingan. Noiblar imomning afyun iste‘mol qilgan yoki sotgan bo‘lishi mumkinligi haqida birinchi marta eshitayotganlarini e‘tirof etganlar.

Tojikiston Giyohvand moddalar noqonuniy savdosiga qarshi kurash agentligi ma‘lumotiga ko‘ra, amaliyot chog‘ida jome‘ imomiga qoradori yetkazib berganlikda gumonlangan boshqa ikki shaxs ham qo‘lga olingan. Agentlik matbuot kotibi Xushnud Rahmatulloyev Abubakr Siddiq jome‘ masjidi imomi Xatlon viloyat Din ishlari qo‘mitasi xodimlaridan biri bergan ma‘lumotga asosan ushlanganini ma‘lum qilgan. Bu manbadan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, davlatdan 800 somoniy (taqriban 155 AQSh dollari – tahr.) maosh olib ishlayotganiga qaramay, Abdullo Aslamov bir o‘ram qoradorini 120 somoniydan (taqriban $24) sotib olib, uni 150 somoniydan (taqriban $30) sotish bilan shug‘ullanib kelgan.

Hozirda imomga nisbatan “giyohvand moddalar yoki psixotrop moddalar noqonuniy savdosi” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, bu ish yuzasidan gumonlanayotganlarning har uchchalasi hibsxonada saqlanmoqda.

Bu Tojikistonda din arbobining bangfurushlikda gumonlanib qo‘lga olinishi bo‘yicha ilk holatdir. Bungacha ruhoniylarning ayollar ustidan zo‘ravonlik qilish singari jinoyatlarda gumonlanib qo‘lga olingani qayd etilgan.

Ayni paytda ekspertlar din arboblarining jinoyatga aloqadorligi doim ham dalil-isbotga ega bo‘lavermaydi, deb hisoblaydilar. Ularning mulohazasicha, bunday urinishlar ko‘pincha aholining din va ruhoniylarga nisbatan ixlosini biroz sovutish uchun diniy arboblar obro‘sini to‘kish maqsadida amalga oshiriladi. So‘nggi yillarda, guvohlar e‘tiroficha, Tojikistonda aholining Islom diniga bo‘lgan qiziqishi sezilarli darajada kuchaygan.

XS
SM
MD
LG