Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:35

Soxtalashtirilgan tarix, boshsiz jasad va plagiat


Ser Ben Kingsli "Tabib" filmida Ibn Sino rolini ijro etgan.
Ser Ben Kingsli "Tabib" filmida Ibn Sino rolini ijro etgan.

Qamchiq dovoni yo‘l ta‘miridan 334 million so‘m o‘margan mansabdor fosh etildi. Cirdaryoda zapravka rahbarining boshsiz jasadi topildi. “O‘zsanoatqurilishbank”ning Xorazm viloyati rahbari dollarfurushlik qilgan. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

“IIV vakili bolalar ishtirokidagi avariyalar ko‘payishida ta‘lim tizimi rahbarlarini aybladi”

O‘zbekistondagi maktablarda yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha darslarga e‘tibor susayib ketdi (“Oila davrasida”, 23 oktabr).

Ichki ishlar vazirligi vakili Mansurjon Rixsiyevga ko‘ra, ayni paytda ayrim maktablarda besh soatlik yo‘l harakati qoidalari darsi o‘tilmoqda, ayrimlarida esa umuman o‘tilmayotir. Harakat xavfsizligiga mas‘ul vakil bu borada ta‘lim tizimidagi rahbarlarni ayblaydi, ularning aksari O‘zbekistonda bolalar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha 2010-2015 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi borligidan ham bexabar deb hisoblaydi.

“Ta‘lim muassasalari o‘z navbatida uning ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida xalq ta‘limi bo‘limiga, bo‘lim viloyat boshqarmasiga, boshqarma vazirlikka axborot berib boryapti. Bir qarashda ish ketyapti. Biroq ayrim mas‘uliyatsiz mutasaddilar bunga befarq qarab, zimmasidagi vazifani faqat qog‘ozda bajarayotgani sezilmoqda”, deb yozadi IIV rasmiysi, podpolkovnik M.Rixsiyev.

“Cirdaryoda zapravka rahbarining boshsiz jasadi topildi”

Sirdaryo viloyati Xovos tumani hududida noma‘lum erkakning boshsiz jasadi topilgan (“Huquq”, 23 oktabr).

Surishtiruv-tergov jarayonida marhum shu hududdagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shaxobchasi rahbari ekani aniqlangan. Qayd etilishicha, qotillikka o‘qishga kiritish mojarosi sabab bo‘lgan.

Shu tumanlik fuqaro Bosim Musabekov o‘g‘lini Chirchiq Olimpiya zahiralari kollejiga 2000 dollar evaziga o‘qishga kiritmoqchi bo‘ladi, ammo buning uddasidan chiqolmaydi. O‘g‘lining o‘qishga kirmasligida esa ismi oshkor etilmagan zapravka rahbarini aybdor deb ko‘radi. Marhumning o‘qishga kiritish operatsiyasiga qanday daxli borligi ochiqlanmagan.

Shundan keyin B.Musabekov ukasi Shokir Sattorov bilan birga zapravka boshlig‘i joniga qasd qilishadi. Boshsiz jasadni Xovos tumani hududiga, boshni esa Gulistondagi kanalga tashlab yuborishadi.

Marhumning mashinasini ham suvga cho‘ktirishadi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati sudi aka-uka Musabekov va Sattarovni 24 yilga ozodlikdan mahrum etgan.

“Nemis kinorejissyori Shtyoltsl alloma Ibn Sino haqidagi filmda tarixni soxtalashtirdi”

Nemis rejissyori Filipp Shtyoltsl Avitsenna (Abu Ali ibn Sino) haqidagi “Tabib” filьmida tarixiy faktlarni soxtalashtirdi (“Darakchi”, 23 oktabr).

Filmda asosiy urg‘u Ibn Sino obraziga emas, uning angliyalik shogirdi, to‘qima qahramon Robert Koulga berilgan. Filьm talqiniga ko‘ra, Ibn Sino qora o‘latning turli hasharotlardan yuqishi, yurakning tuzilishi, insonning qon aylanish tizimini va boshqa ko‘plab tibbiy bilimlarni angliyalik shogirdidan o‘rganadi.

Maqola muallifi Rustam Jabborov bu holatni tarixni soxtalashtirish deb hisoblaydi. Muallifga ko‘ra, filmdan o‘rin olgan allomaning o‘z joniga qasd qilish epizodi ham tarixiy haqiqatga mutlaqo zid.

“G‘arb kinoustalari buyuk ajdodlarimizning tarix oldidagi xizmatlarini soxtalashtirish evaziga millionlab dollar topayotgani yetmagandek, jamoatchilik fikrini noto‘g‘ri tarafga yo‘naltirmayaptimi? Millionlab tomoshabinlar nazdida buyuk hakim Ibn Sinoning jahoniy shuhrati G‘arb adibining hayolot mahsuli bo‘lgan allaqanday Robert Koulning soyasida qolib ketmayaptimi?” deya savol qo‘yadi maqola muallifi R.Jabborov.

“Qamchiq dovoni yo‘l ta‘miridan 334 million so‘m o‘margan mansabdor fosh etildi”

“Farg‘onaneftkimyomontaj” mas‘uliyati cheklangan jamiyati raisi Azimjon Jumaoxunov Qamchiq dovoni yo‘lini ta‘mirlash loyihasidan 334 million so‘mdan oshiq mablag‘ni o‘margani aniqlandi (“Diyonat”, 23 oktabr).

Jumaoxunov Moliya vazirligi huzuridagi Yo‘l jamg‘armasi bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra, Toshkent-O‘sh avtomobil yo‘lining 154-170 kilometrlariga qor ko‘chkisiga qarshi inshootlar o‘rnatishi lozim edi.

Aniqlanishicha, Jumaoxunov zimmasidagi ishni talab darajasida bajarmay, hujjatlarni soxtalashtiradi va juda katta miqdordagi mablag‘ni o‘zlashtiradi. Jumaoxunov uch yil mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum etilib, eng kam oylik ish haqining 400 baravari miqdorida jarimaga tortilgan.

“Dorixonalar ixtiyoriy-majburiy ravishda chel elning qimmat dorilarini sotmoqda”

Toshkentdagi aksar dorixonalarda dimedrol, validol, nitroglitserin, paratsetamol, aspirin, analьgin, levomitsin kabi dori-darmonlarni topib bo‘lmay qolmoqda (“Noviy vek”, 23 oktabr).

Holbuki mazkur dori vositalari Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlagan hujjatga ko‘ra, dorixonalarda bo‘lishi va vazirlik belgilagan narxda sotilishi kerak.

Aptekachilar esa arzon hisoblangan mazkur dori vositalari qolib, xaridorlarga xorijdan keltirilgan qimmat dorilarni ixtiyoriy-majburiy ravishda sotmoqda. Nashr Sog‘liqni saqlash vazirligini qoidabuzarlarga nisbatan chora ko‘rishga chaqiradi.

“O‘zsanoatqurilishbank”ning Xorazm viloyati rahbari dollarfurushlik qilgan”

“O‘zsanoatqurilishbank”ning Xorazm viloyati rahbari noqonuniy valyuta savdosi va katta miqdordagi mablag‘ni talon-taroj qilishda ayblandi. Bu haqda “Darakchi” gazetasi xabar beradi.

Qayd etilishicha, ismi oshkor etilmagan bank rasmiysi 2 million 854 ming 530 AQSh dollari miqdoridagi xorijiy valyuta noqonuniy ravishda sotib daromad qilgan. Ya‘ni viloyat rahbarining topshirig‘i bilan bank shaxobchalari xorijiy valyutani oddiy fuqarolarga emas, dollarfurush shaxslargagina sotgan.

Noqonuniy dollar savdosida bundan tashqari kamida o‘n nafar xodim qatnashgan. Bank rasmiysi juda katta miqdordagi mablag‘larni talon-taroj etishda ham ayblangan. Bankirlarga jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudi hukm chiqargani aytilgani holda, ularga tayinlangan jazo ochiqlanmagan.

“Mahalliy gazeta taniqli shoira Tursunoy Sodiqovaning kitobidan g‘oya o‘g‘irladi”

Mahalliy gazetalarda ko‘chirmakashlik va g‘oya o‘g‘irligi kabi holatlar aniqlanmoqda (“Hurriyat”, 22 oktabr).

Masalan, “Sabo” gazetasining 2014 yil 27 mart sonida e‘lon qilingan “Qahri qattiq sovchi” hikoyasi (muallif Homidjon Tohirjonov) g‘oyasi taniqli shoira Tursunoy Sodiqovaning “O‘g‘lim, qizim, senga aytaman” kitobidan o‘g‘irlangan.

“Hordiq” gazetasining joriy yil 15 may sonida e‘lon qilingan “Boringga shukur, sevgi!” hikoyasi syujeti esa (muallif Quvondiq) yozuvchi Sa‘dulla Siyoyevning “Sarvinoz” asaridan o‘g‘irlangan.

“Yo qudratingdan, nahotki “ijodkorlar” shu darajada bir xil o‘ylay boshlagan bo‘lishsa!..” deya kinoya qiladi maqola muallifi F.Xayrullayeva.

XS
SM
MD
LG