Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:07

Suriyadagi o‘zbek jangarilari "Islomiy davlat" reklamasi bilan shug‘ullanmoqda


Yutubga IShID tomonidan qo‘yilgan videodan tasvir.
Yutubga IShID tomonidan qo‘yilgan videodan tasvir.

“Islomiy davlat” ekstremist guruhi Turkiya bilan chegaradosh Kobani shahrining asosiy qismini egallab olishi ortidan 17 oktabr kuni bu guruh jangarilarini “insonparvar” deya taqdim qiluvchi video internetdagi Youtube portaliga yuklandi. Targ‘ibot maqsadida olingani ko‘rinib turgan videotasvir “qaxramoni” o‘zini qarovsiz qolgan kurdlarning haloskori sifatida tamsil qiladi.

Video bilan tanishgan Iroqlik jurnalist Hoshim Alining fikricha¸ tasvir "Islomiy davlat" guruhini propaganda qilish maqsadida Suriyadagi o‘zbek jangarilari tarafidan Kobani shahrida suratga olinib, internetga yuklangan.

Videotasvirni suratga olayotgan tasvirchi va kadr ortidagi odamlarning o‘zbek tilida gaplashib, tasvirni izohlagani ham bu xulosaga asos bo‘ladi.

Besh daqiqalik videotasvirda sersoch¸ sersoqol "ID" jangarisining ishg‘ol qilingan hududda qolib ketgan qari ayolga yordam ko‘rsatgani va oziq-ovqat bilan ta‘minlagani aks etgan.

Targ‘ibot maqsadida olingani ko‘rinib turgan videotasvir “qaxramoni” - "ID" jangarisi videokameraga qarab “Mana bu qari kurd ayolni farzandlari ovqat va suvsiz tashlab ketishdi. Biz esa bu ayolga ovqat, suv va boshpana berdik”, deya gapiradi.

Kadr ortidagi o‘zbekcha ovoz esa “Buni suratga olib, Internetga qo‘yish kerak¸ kofirlar ko‘rsin”, deydi.

Ana shundan keyin tasvirdagi "ID" jangarisi qari kurd kampirni mototsiklga o‘tkazib olib ketadi. Mototsiklga kampirga atalgan oziq-ovqat solingan qop ham yuklanadi.

“Qopni suratga ol qopni”, degan o‘zbek tilidagi ovoz kadr ortida jaranglaydi.

Iroqlik jurnalist Hoshim Alining Ozodlikka aytishicha¸ bu video "ID"ni rahmdil qilib ko‘rsatuvchi propagandaning bir qismidir.

- Bu g‘irt propaganda¸ yolg‘on ustiga qurilgan propaganda. Tasvirdagi ayolni bolalari tashlab ketmagan. U Kobanidagi kimsasiz ayol. Lekin videodagi jangari bu ayolni bolalari tashlab ketgan deb aytadi. Maqsad¸ kurdlar o‘z jonlarini qutqarib, qari ota-onalarini jang maydoniga tashlab ketgan rahmsiz qavm degan fikrni tarqatish. Videodagi jangari qari ayolga qarab¸ endi biz sizning hizmatingizdamiz¸ biz sizga farzandmiz, deb pisanda qiladi¸ deydi Hoshim Ali.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ "ID" o‘zlari haqidagi tasavvurlarning ijobiy bo‘lishini ta‘minlash uchun PR targ‘ibotni kuchaytirgan.

- "ID"ning targ‘iboti haqida maqola yozganman. Hozir ID eng rivojlangan IT-texnologiyalar asosida ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ibotni kuchaytirgan. "ID"ni rahmdil qilib ko‘rsatuvchi¸ "ID"ni shariat posboni¸ adolat tamali qilib ko‘rsatuvchi videoroliklar sahna dramaturgiyasi asosida inson his-tuyg‘ularini nishonga olgan holda yaratilmoqda. "ID" jangarisining qari kurd ayolga rahm-shafqat ko‘rsatgani haqidagi video ham shulardan biri, deydi suhbatdosh.

Ayni paytda, "ID" janggarilari qisman Kobanidan siqib chiqarilgan. Bu guruh tarkibida o‘zbek jangarilari ham bor.

Biroz muqaddam Suriyada jang qilib yurgan va o‘zining ayni guruhiga mansub ekanini aytgan o‘zbekistonlik jihodchi Ozodlik bilan bog‘langan edi.

"ID" safidagi o‘zbek jangarisi.
"ID" safidagi o‘zbek jangarisi.

U yerdagi jang harakatlari va unda ishtirok etishdan maqsadini bayon qilgan "jihodchi" o‘zbekistonlik va Markaziy Osiyo mintaqasidan borgan jihodchilar ko‘pligi, ularning 200-300 kishilik bir necha guruhi Suriya hamda mintaqaning boshqa hududlaridagi janglarda ishtirok etayotganini iddao qilgan.

Suriyada jihod qilayotganini aytgan Abu Usmon O‘zbek ismli o‘zbekistonlik WhatsApp tarmog‘idan Ozodlikka bog‘lanib, Iroq va Shom diyorida jang qilib yurgan jihodchilar orasida oilasi bilan jabhaga kirayotgan o‘zbekistonliklar soni ortayotganini aytgan edi.

Norasmiy kuzatuvlarga ko‘ra, keyingi paytlarda Suriyaga ketib qolayotganlar safiga Rossiyada mardikorlik qilib yurgan o‘zbeklar ham qo‘shilmoqda. Turkiyalik huquq faollari Suriyadagi jihodchi o‘zbeklar soni 3-3,5 ming kishiga yetganini taxmin qilmoqda.

O‘tgan oyda O‘zbekiston Islomiy harakati "Islomiy Davlat"ni qo‘llab-quvvatlashi va u bilan bir safda ekanligini ma‘lum qilgan edi.

O‘zbekiston Islomiy harakati rahbari 44 yashar Usmon G‘oziy (asl ismi Valiyev Abdunosir Shukurovich-tahr.) tarafidan 13 sentabr kuni imzolagan va 26 sentabr kuni e‘lon qilingan bayonotda “Iroq va Shomda Islomiy Xalifalik e‘lon qilingani xabari” harakat a‘zolarini “xursand va xushnud” qilgani ta‘kidlangan edi.

Bayonot mualliflari butun dunyo musulmonlarini “Islomiy Xilofatning tiklanishi” bilan tabriklab, boshqalarning ham bu guruhni qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan edi.

XS
SM
MD
LG