Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:07

Prokuror pochchasi ishdan haydalgan Toshkent viloyat militsiyasi boshlig‘i ham ketdi


Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Abdumajid Mullajonov Markaziy bank raisining o‘g‘li hamdir.
Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Abdumajid Mullajonov Markaziy bank raisining o‘g‘li hamdir.

Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Abdumajid Mullajonov ishdan olingani aytilmoqda. Bu haqda xabar qilgan Uzmetronom nashri Toshkent viloyati militsiyasi boshlig‘i O‘zbekiston Markaziy banki raisi Fayzullo Mullajonovning o‘g‘li ekanini eslatdi. Bu xabarni Ozodlik manbalari ham tasdiqladi. Shu oy boshrog‘ida Mullajonovlar oilasining kuyovi Qibray tumani prokurori ham ishdan olingan edi va bu ikki hodisa O‘zbekistonda katta nufuzga ega Fayzullo Mullajonov shaxsi bilan bog‘lanmoqda.

Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Abdumajid Mullajonov ishdan chetlatilgani haqida ishonchli manbalariga tayanib, Uzmetronom nashri xabar qildi.

Xabarda aytilishicha, Mullajonovning Toshkent militsiyasi rahbarligidan olinishi uning boshqa viloyat, ehtimol, Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga boshliq qilib o‘tkazilayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Lekin boshqa manbalar, O‘zbekistonning eng nufuzli shaxslaridan biri hisoblangan Markaziy bank raisi Fayzullo Mullajonovning o‘g‘li butunlay ichki ishlar tizimidan chetlatilganini aytishmoqda, deydi Ozodlik bilan suhbatda, Uzmetronom nashri bosh muharriri Sergey Yejkov.

- Bitta versiyaga ko‘ra, uni Samarqandga o‘tkazishgani aytilmoqda. Lekin boshqa versiyaga ko‘ra, uni ko‘chaga haydashayotganini eshitdim. Men ikkinchisiga ko‘proq ishonaman, deydi jurnalist Yejkov.

O‘zbekiston ichki ishlar vazirligi vakillari, Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, bu xabarni na tasdiqlashdi, na inkor qilishdi. Lekin ichki ishlar vazirligi mutasaddisi hozirda Abdumajid Mullajonov mehnat ta‘tilida ekanini bildirdi. Shu bilan birga Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi vakili esa, viloyatga yangi boshliqning kelishi kutilmayotganini bildirdi.

Ayni paytda polkovnik Mullajonov ishdan olingani haqidagi xabarni uning otasi, Markaziy bank raisiga yaqin bo‘lgan Ozodlik manbasi tasdiqladi. Manbaning aytishicha, Mullajonov haqiqatan Toshkent viloyati IIBsidan ishdan ketgan. “Lekin uning yo Samarqand, yo Namangan viloyatiga o‘tyapti, deb aytishdi”, dedi manba.

Toshkent militsiyasi mulozimi O‘zbekiston hokimiyatidagi nufuzli figuralardan biri Fayzulla Mullajonovning o‘g‘li ekanini qayd etgan Uzmetronom nashri ikki hafta avval uning kuyovi, Qibray tumani prokurori Alisher Abdusalomov ishdan olinganini eslatadi. Prokuror Abdusalomov O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzoulug‘bek Abdusalomovning o‘g‘lidir. Uzmetronom muharriri Yejkov o‘g‘il bilan kuyovning ishdan olingani Markaziy bank raisi shaxsi bilan bog‘liqligini taxmin qiladi.

- Aniq sababini aytish qiyinkuya, lekin bu menimcha Mullajonov bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Chunki avval kuyovi, endi o‘g‘li ham ishdan olinishi tasodif bo‘lishi qiyin. Boshqa tarafdan bu o‘g‘il va kuyovlarning ham o‘ziga yarasha qilmishlari bor. To‘g‘ri Mullajonov yoki Mirzoulug‘bek Abdusalomovlar o‘z joylarida qolmoqda. Lekin buning xayron qoladigan joy yo‘q, chunki hozir saylov oldidan bunday jiddiy o‘zgarishlarga hojat yo‘q. Bizda bunday narsalar, birovni hurkitmaslik uchun, imi-jimida qilinadi, deydi jurnalist.

Toshkent viloyati militsiyasi boshlig‘ining pochchasi, Qibray tumani prokurori Alisher Abdusalomov paxta kampaniyasida yetarli jonbozlik ko‘rsatmaganlik aybi bilan 10 oktabr kuni ishdan olingan edi. U bilan birga Toshkent viloyatining Ohangaron tumani prokurori Umid Muhammedov ham ishdan chetlatilgan edi.

Joriy yil boshidan beri O‘zbekiston kuch ishlatar idoralari tarkibida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berganini eslatish joiz. Qisqa muddat ichida Milliy xavfsizlik, ichki ishlar vazirligi, bojxona qo‘mitasi kabi idoralarining yuzlab mulozim va xodimlari ishdan olindi va yoki hibgsa olindi.

XS
SM
MD
LG