Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:23

Ajnabiylar $7000 to‘lab, Buxorodagi noyob xongul kiyigini ovlayapti


O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi 20 oktabr qabul qilgan 290- sonli qarori bilan mamlakatdagi noyob hayvonlarning chet elliklar tarafidan pul evaziga ovlanishiga izn berildi. Qaror chiqqanidan yetti kun o‘tib, 27 oktabr kuni noyob hayvonlarni kim va qancha pulga otib o‘ldirishiga doir preyskurant ham e‘lon qilindi. Preyskurantda O‘zbekiston qizil kitobiga kirgan holdor yo‘lbars¸ qo‘ng‘ir ayiq va Buxoro cho‘llarining sohibjamoli xongul kiyiklar va ko‘zoynakli ilonlarni valyuta evaziga ovlash narxlari belgilangan.

Butunlay yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan hayvonlarning chet ellik turistlar ko‘ngilxushlik qilib otib tashlashiga izn bergan O‘zbekiston Vazirlar mahkamasining qarori hayvonlarni himoya qiluvchi faollarning tanqidiga sabab bo‘ldi.

Qaror chiqishidan oldin Arab Amirliklaridagi shayxlarning O‘zbekistonga kelib, iznsiz lochin ovlagani matbuotga sizib munozaralarga sabab bo‘lgan edi.

O‘zbekiston tabiatni himoya qilish qo‘mitasidagi Ozodlik manbalarining aytishicha, bu hujjat xo‘jako‘rsinga qabul qilingan.

Ammo nega aynan bugun noyob hayvonlarni chet elliklar tarafidan valyuta evaziga ovlanishiga izni beruvchi hujjat qabul qilingani borasidagi savolimizga javob topa olmadik.

Vazirlar mahkamasining qarorida nafaqat noyob hayvon¸ baliq va qushlarni ovlashga, balki uvildiriqlar¸ qush tuxumlari¸ baqachanoq va mo‘miyolarning terib olinishga ham izn berilgan.

Masalan, xoldor yo‘lbars va qoplon va ilvirsni chet ellik ovchi 20 ming dollar to‘lab, otib o‘ldirishi mumkin.

Asalxo‘r tog‘ qo‘ng‘ir ayig‘i¸ xongul kiyigi¸ Turkiston silovsini kabi qizil kitobga kirgan hayvonlarni ovlash haqi 7000 AQSh dollari qilib belgilangan.

27 oktabr kuni e‘lon qilingan preyskurantga ko‘ra¸ shoxin¸ lochin va tovuslarni 6 ming dollar¸ ko‘zoynakli ilon¸ kul rang echkiemarni ov qilish uchun 1000 dollar to‘lanishi kerak.

Qizilqumdagi toshbaqalarni, donasiga ikki dollardan to‘lab, ushlab olishga ham Vazirlar mahkamasi izn beregan.

Tovus ovchilari uchun maxsus sayohat

Toshkentdagi sayohat agentliklaridan biri chet ellik turistlarga ekoturizm paketini taklif qilyapti.

Mazkur agentlik xodimi, ismi aytilmaslik sharti bilan Ozodlikka chet elliklarning O‘zbekistonda ov qilishiga oid tafsilotlarni gapirib berdi:

- Odatda chet ellik sayyoh o‘z miltig‘i bilan keladi¸ biz ularni patronlar bilan ta‘minlaymiz. Shuningdek ov qilishiga izn beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirib beramiz. Sayyohlar Jizzaxning Zomin tumanida¸ Buxoroda va Termiz atrofida ov qilishadi.

Ozodlik: Masalan, chet ellik sayyoh O‘zbekiston qizil kitobiga kirgan hayvonlarni yoki Buxorodagi laylak va tovuslarni ovlash istagini bildirsa¸ bunday istak amalga oshishi mumkinmi?

- "Kliyent doimo prav" degan gap bor, bilasiz. Biz iloji bor qadar mijozlar istagini bajo qilishga intilamiz. Laylaklarni donasiga 200 dollar to‘lab ov qilishga 27 oktyabrdan boshlab izn berildi. Tovusni ovlash 6 ming dollar. Bu rasmiy to‘lov. Lekin cho‘ntagida puli bor odam kelib, tovus ovlayveradi degani emas bu. Ko‘p idoralardan izn olish kerak. Bu qog‘ozbozlik va rasmiyatchiliklarni biz amalga oshiramiz¸ albatta buning uchun biz alohida haq olamiz¸- deydi suhbatdosh.

Butunlay yo‘qolib ketish havfi ostida turgan hayvonlarning chet ellik sayyohlar ko‘ngilxushlik qilib otib tashlashiga izn bergan Vazirlar mahkamasi qarori hayvonlarni himoya qiluvchi faollarning tanqidiga sabab bo‘ldi.

Toshkentlik 35 yashar Gavhar To‘laganova bo‘sh vaqtlarida shahardagi qarovsiz it-mushuklar holidan habar olib turadi va o‘zini hayvonot dunyosining do‘sti deb biladi.

Suhbatdosh Vazirlar mahkamasining noyob hayvonlarni pul evaziga ovlanishiga izn bergani haqidagi o‘z fikrlarini Ozodlikka yozma javob tarzida yo‘lladi:

“Elementar tanqid yo‘qligi uchun havasga ov qilish jarayoni tizginsiz va tsinik holat kasb qildi. Ayni paytda o‘zbekistondagi turizm biznesi hayvonlarni o‘ldirish kabi anaxronizmni parvarishlamoqda. Pul topish ilinjida turizm biznesi odamlar ichidagi hayvonlarni qatl qilib zavq olish kabi primitiv tuyg‘udan foydalanmoqda. Biznesmenlar qaysi hayvon bo‘lishidan qat‘iy nazar¸ qizil kitobga kirgan hayvonlarni ham o‘ldirishga bemalol sharoit yaratib bermoqda. Puli kelishilsa bo‘ldi. Takrorlayman bu holat yeng ichida¸ kishi bilmas tarzda davom etmoqda. Vazirlar mahkamasining qarori esa bu holatga legitim tus berdi xolos. Afsus, O‘zbekiston bu borada kundan kunga yevropaga emas balki Afrikadagi mamlakatlar qatoriga tirkalmoqda¸” deyiladi toshkentlik hayvonsevar maktubida.

Qirg‘ovul uchun istisno

O‘zbekiston tabiatni himoya qilish qo‘mitasidagi Ozodlik manbalarining aytishicha, bu hujjat hali puli bor bo‘lgan chet ellikka hayvonlarni qiron qilish huquqini bermaydi:

- Siz hujjatni sinchiklab o‘qib chiqing¸ unda hamma hayvonlarni pul evaziga o‘ldirilsin, deyilmagan. Masalan, Zarafshon qirg‘ovulini o‘ldirish mumkin emas. Million dollar to‘lasangiz ham. Yana bir holatni eslatsam¸ O‘zbekistonda ov qiladigan chet ellik ovchi Vazirlar mahkamasi qo‘mitalari doxil bir necha vazirlikdan qo‘shimcha izn olishi kerak. Bu oson emas¸- deydi suhbatdosh.

Suhbatdan ayon bo‘lishicha¸ O‘zbekistondagi byurokratiya bois chet ellik ovchilarning hafsalasi pir bo‘lib ovdan voz kechishi ehtimoli ko‘proq.

Bu qoplonni 20 ming dollar evaziga o‘ldirish mumkin.
Bu qoplonni 20 ming dollar evaziga o‘ldirish mumkin.

Sukerberg blok qilgan ovchi

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha¸ Yevropa mamlakatlarida noyob hayvonlarni katta pul evaziga ham ovlash mumkin emas.

Ammo Osiyo va Afrika mamlakatlarida noyob hayvonlarni ovlash uchun litseniziya tizimi mavjud.

Masalan, Qozog‘iston Tabiatni himoya qilish qo‘mitasi Arab amirliklaridagi shayxlardan tekinga olingan jip mashinalari evaziga ularga yo‘lbars ovi uchun izn bergan edi.

Tsukerberg blok qilgan ovchi
Tsukerberg blok qilgan ovchi

AQShning Texas universiteti talabasi 19 yashar Kendall Djons ham pul to‘lab, Afrika changalzorlarida yo‘lbarslarni otishni o‘ziga xobbi qilgan.

Kendall Djons o‘zi o‘ldirgan karkidon va yo‘lbarslar tasvirini Facebook sahifasiga qo‘yib boradi.

Ayni paytda bu rasmlar dunyodagi minglab hayvonsevarlarning g‘azabini keltirdi.

Ikki yuz ming kishi imzo to‘plab, Kendall Djonsning hayvonlarni o‘ldirgan tarzda tushgan rasmlarini bloklab qo‘yishni Facebook asoschisi Mark Sukerbergdan talab qilishdi.

Hayvonsevarlar talabini haqli, deb bilgan Sukerberg Kendall Djonsning hayvonlarni o‘ldirib turgani aks etgan rasmlarini blok qilib qo‘ydi.

XS
SM
MD
LG