Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:31

Xotinini g‘ayritabiiy seksga majburlashda ayblangan kuyov o‘n yilga qamaldi


Jizzax viloyatining Jizzax tumanida istiqomat qilgan 25 yoshli Bahodir Bo‘riboyevni sud xotini bilan jimo‘ paytida "jinsiy ehtiyojini zo‘rlik ishlatib, g‘ayritabiiy usulda qondirganlikda" aybdor, deb topdi va o‘n yilga ozodlikdan mahrum etdi. 19 yashar xotini bilan bor-yo‘g‘i 46 kun birga yashagan Bahodir tergov va sud majlisida bu ayblovni keskin inkor etgan.

Jizzax viloyat, Yangiobod tumani jinoyat ishlari sudi 24 oktabr kuni Jizzax tumanining G‘ozg‘ontepa qishlog‘ida istiqomat qiladigan 25 yoshli Bahodirni o‘n yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Bahodir 19 yoshli xotini S. F.ga nisbatan jinsiy ehtiyojini zo‘rlik ishlatib,"g‘ayritabiiy usulda qondirganlikda" ayblandi.

Bu haqda xabar bergan uznews.net "g‘ayritabiiy usul" nima ekanligini konkretlashtirib, "S.ning yaqinlari Bahodir xotinini oral va anal seks qilishga majburlaganligini iddao qilishgan", deb yozdi.

Bahodirning onasi 58 yoshli Xolijon opaning Ozodlikka aytishicha, bunday ayblov bilan kelini arazlab uyiga ketib qolganidan ikki oy o‘tganidan keyin da‘vo qilgan:

- Kelin uzoq qarindoshimiz bo‘ladi. Kelinni o‘zim topganman. O‘tgan yil 11 dekabr kuni tushirib oldim. Qirq kundan so‘ng uyiga olib bordim, o‘n kun qolib ketdi. Kelinim telefonda yashirinib ko‘p gaplashgan, o‘g‘lim bundan norozi bo‘lib telefonini sindirib tashlagan. Keyin uning yaqinlari 9 fevral kuni kelib olib ketdi. Bitta telefon janjali bo‘ldi, boshqa narsa yo‘q bizda. Qudalarimga yalinib-yolvorsam ham unashmadi, deydi Xolijon opa.

Suhbatdoshning aytishicha, 13 mart kuni kelinning yaqinlari ko‘ch-ko‘ronini olib ketishgan va ikki oydan so‘ng Bahodir tergovga chaqirilgan:

- Kelin uyiga ketgandan ikki oydan keyin og‘zimga va orqamga qildi, deb yozib bergan. Ko‘chini olib ketganda ham bu gaplar yo‘q edi. Ikki oydan keyin shunday, deb melisaga berib o‘tiribdi. Axir bu g‘irt tuhmatku, nohaqdan o‘g‘limga o‘n yil berdi, yonib boryapman, yonib, deydi Xolijon Bo‘riboyeva.

Bahodir Bo‘riboyev ustidan mahkama jarayoni avgust oyida Yangiobod tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudida boshlangan edi.

24 oktabr kuni sudya Elyor Abduvaliyev raisligida o‘tgan mahkama Bahodir Bo‘riboyevni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 119-moddasi (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) bilan aybdor, deb topib, uni o‘n yilga ozodlikdan mahrum etish haqida hukm chiqardi.

Bahodir Bo‘riborevning advokati Mahmud Qo‘ldoshev Ozodlik bilan suhbatda adolatsiz hukm chiqarilganini ta‘kidlar ekan, hukm yuzasidan kassatsiya shikoyati hozirlanayotganini aytdi:

- Tergov davomida qilingan ekspertiza Bo‘riboyev foydasiga xulosa bergan. Ekspertiza zo‘rlashning birorta belgisini topmagan. Men bunaqa holatni advokatlik tajribamda endi ko‘ryapman. Agar zo‘rlangan bo‘lsa vaqtida murojaat qilishi kerak edi. Uch oydan keyingi murojaatning shubhali tomoni bor. Menimcha, bu yerda oilaviy janjal bor, xolos. Kelin ketib qolyapti, Bahodir uni borib olib kelmayapti va o‘ch olish maqsadida shunday qilinyapti. Tergov organi va sud esa buni jinoyat deb topib turibdi, deydi Mahmud Qo‘ldoshev.

Ozodlik tasarrufida S. F.ga oid sud-tibbiy ekspertizaning xulosalari nusxasi mavjud.

“Sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazish paytida fuqaro F. S.ning (xulosada ism-familiya to‘liq keltirilgan - tahr.) og‘iz bo‘shlig‘i, orqa chiqaruv kanali, jinsiy a‘zolari va tanasining boshqa sohalarida biror bir jarohat topilmadi. Sud-tibbiy ekspertizasiga kech murojaat qilgani uchun hamda biron bir jarohati bo‘lmagani uchun fuqaro F. S.ning og‘iz bo‘shlig‘idan, orqa chiqaruv kanali va qinidan surtma tampon olish maqsadga muvofiq emas va u 62-sonli xat orqali O‘zbekiston Respublikasi sud-tibbiy ekspertiza byurosiga maslahatga yuborildi. Maslahat javobi taqdim etilguncha sud-tibbiy ekspert xulosasi tugatilishi to‘xtatildi”, deyiladi Jizzax viloyati sud-tibbiy ekspertlari xulosasida.

2014 yil 10 may kuni Toshkentidagi 1-Respublika klinik shifoxonasi tomonidan berilgan 79-sonli ma‘lumotnomada F. S. anal jomining 1-2 darajali yetishmasligi bayon qilingan.

Advokat Mahmud Qo‘ldoshevning aytishicha, sud hukmiga ana shu xulosa asos qilib olingan:

- Anal jomining 1-2 darajali yetishmovchiligi somatik kasalliklar oqibatida bo‘lishi mumkinligi ham ekspertiza xulosasida aytilgan. Masalan ichning qotishi ham shunga sabab bo‘lishi mumkin. Lekin sud buni inobatga olmadi, deydi advokat.

Ozodlik S. F.ning yaqinlari bilan suhbatlashishga harakat qildi. Lekin ular bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

F.S. sud tibbiy ekspertizasiga yozgan tushuntirish xatida uning eri tomonidan muntazam g‘ayritabiiy ravishda zo‘rlanib kelganini aytgan:

"To‘ydan keyin men 15 kun davomida uning qiynoqlariga chidadim, qaytib ketay desam ota-onam va el-urug‘dan uyaldim va 15 kundan so‘ng ... aloqaga majbur bo‘ldim. Oxirgi marta 2014 yil 9 fevral kuni .... jinsiy aloqa qildi. Va bu qiynoqlarga chidolmasdan ota-onamning uyiga ketib qoldim. Uyga borganimda 10 kun davomida katta hojatga chiqolmasdan qiynaldim, ya‘ni kuchli og‘riq sezib yurdim", deyiladi F.S.ning yozgan tushuntirish xatida.

Ozodlik Yangiobod tumani Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi sudyasi Elyor Abduvaliyev bilan bog‘lanishga harakat qildi. O‘zini Sultonmurod, deb tanishtirgan kotib Sultonmurod sudьyaning mahkamada ekanligini, ayni paytda u bilan gaplashish imkoni yo‘qligini aytdi.

Bahodir Bo‘riboyev yaqinlarining iddao qilishlaricha, "kelinning tog‘alari O‘zbekiston Oliy Sudida yuqori lavozimlarda ishlagani bois, ular sudning adolatli o‘tishi uchun bosim o‘tkazgan bo‘lishlari mumkin".

Biroq Ozodlik tasarrufida bu iddaolarni asoslaydigan dalil mavjud emas.

XS
SM
MD
LG