Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:34

O‘zbekistonda dollar ketidan oziq-ovqat 20-30 foizga qimmatladi


O‘zbekistonda pishiqchilik fasli bo‘lishiga qaramay meva-sabzavot ham qimmatlagan.
O‘zbekistonda pishiqchilik fasli bo‘lishiga qaramay meva-sabzavot ham qimmatlagan.

O‘zbekistonda AQSh dollari qurbining o‘zbek so‘miga nisbatan keskin oshib ketishi, mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilgan va xorijdan import qilinadigan oziq-ovqat, sanoat mollari narxi ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, go‘sht, guruch, o‘simlik yog‘i, kiyim-kechak va qurilish mollari 20-30 foizga qimmatladi.

So‘nggi kunlarda O‘zbekiston qora bozorlarida bir AQSh dollarining qiymati 3 ming 450 so‘mga chiqishi ortidan, mamlakat bozorlaridagi oziq-ovqat va sanoat mollari ham qimmatladi.

Toshkentlik pensioner Abduqahhor Musayevning aytishicha, bir kilogramm yaxshi mol go‘shtining narxi 40 ming so‘mga chiqqan:

- Bugun Kadishevadan bozor qildim. Go‘shtni 30 ming so‘m deb turibdi. Men qassobga o‘zing qanday go‘sht yesang shunaqa qilib ber, dedim. Uch kilo go‘shtni 120 ming so‘mga oldim. Piyoz 1800 so‘m edi, bugun 2500 so‘m bo‘pti. Guruchlar ham o‘rtacha 1000-1500 so‘mga oshgan. Sigaretga ham 500 so‘m qo‘shilibdi. Xullas, agar avgustda pensiyamga 40 ming so‘m qo‘shilgan bo‘lsa, hozir o‘sha 80 ming so‘m bo‘lib chiqib ketyapti, dedi Abduqahhor Musayev.

Toshkentlik o‘qituvchi Bahromga ko‘ra, dollarning qimmatlashgani eng avvalo xorij tovarlarining narxi keskin oshishiga sabab bo‘lgan:

- Kecha "Abu Saxiy" bozoriga tushgandim. Bitta ko‘ylakni 150 ming so‘m, deb turibdi. Qurilish mollar bozoriga ham o‘tdim. Hamma narsa qimmatlagan. Savdogarlar “nega buncha qimmat degan” savolingizga “dollar oshdiku” deb jo‘ngina javob berib qo‘yadilar, - dedi o‘qituvchi.

Ozodlik manbalarining aytishicha, O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham narx-navoning ko‘tarilishi kuzatilyapti.

Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida istiqomat qiladigan Narimonning aytishicha, asosan xorijdan import qilinadigan mollarning narxi oshib boryapti:

- Birinchidan, chetdan keladigan dori-darmonlar ko‘tarilgan. O‘tgan yilda 7-8 ming turadigan dorilar 10-15 ming so‘mga qimmatlagan. 5 litrlik pista yog‘i 26-27 mingdan 30-31 ming so‘mga chiqdi. Ayniqsa, kiyim-kechak zahar bo‘p ketdi. Kecha ayolim 800 ming so‘mga bolalarga qishki kiyim-kechak qilib keldi, shu narsalarni o‘tgan yili 400 ming so‘mga ham olsa bo‘lardi, - dedi Narimon.

Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida istiqomat qiluvchi dallol Haydarjon ham savdogarlar narx-navoning ko‘tarilganini dollar qurbining oshishi bilan izohlashayotganini aytadi:

- Bizda go‘sht ming so‘mga qimmatladi, 25 ming so‘m bo‘ldi. Samarqand tomonlarda esa 28-29 ming so‘mga chiqib ketibdi. Hatto. nosni narxi ham oshdi. Har safar bitta xaltachasini 500 so‘mga olardim, bugun esa 600 dan sotyapti. Ha, desam, “aka dollar oshdiku”, deydi ko‘zini lo‘q qilib. Dollarni senga nima aloqasi bor desam, “iye aka, hamma narsa oshib yotibdiku”, deydi.

O‘zbekiston qora bozorlarida 11 noyabr kuni bir AQSh dollari 3 ming 410 so‘mdan olindi va 3450 so‘mdan sotildi.

Shu kuni O‘zbekiston Markaziy banki belgilagan 1 AQSh dollarining rasmiy kursi 2 ming 392 so‘mu 50 tiyinni tashkil etdi. Qora bozor va rasmiy kurs o‘rtasidagi bugungi farq, 1000 so‘mdan ortiqni tashkil etyapti.

Kuzatuvchilarning aytishicha, sobiq MDH davlatlari orasida valyuta qora bozori faqat O‘zbekistonda konvertatsiya yo‘qligi sabab saqlanib qolmoqda.

XS
SM
MD
LG