Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:24

Xorazmda gaz yo‘qligidan norozi ayollar ko‘chaga chiqdi


Xorazm viloyatining Bog‘ot tumani Xitoy qishlog‘ida payshanba kuni 30ga yaqin ayol gaz taqchilligidan norozilik bildirib, ko‘chaga chiqdi. Hokimiyat rasmiylari norozi ayollar yoniga kelib, qishloq ahliga gaz ballonlari va ko‘mir berilishini va‘da qilganidan so‘ng olomon uylariga qaytgan.

Xorazm viloyatining Bog‘ot tumani Xitoy qishlog‘ida payshanba kuni o‘ttizga yaqin ayol gaz taqchilligidan norozilik bildirib, qishloq guzariga namoyishga chiqishgani to‘g‘risidagi xabarni Ozodlikning tuman hokimiyatidagi manbasi tasdiqladi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, ayollar uch soatcha qishloqdan o‘tuvchi yo‘lni to‘sib turganlar.

Norozilik qatnashchilaridan biri bo‘lgan bog‘otlik ayol Ozodlik bilan suhbatda bu haqda shunday dedi.

- Bizni Xitoy qishlog‘i Mesit mahallamiz tabiiy gazdan uzilgan. Bizga yonmaydigan ko‘mir berishyapti. Biz bunday ko‘mir bilan uyimizni isitolmaymiz. Farzandlarimiz uyda sovuqdan diydirab o‘tirishibdi. Qaxraton boshlansa nima qilamiz, sovuqdan o‘lamizmi. Chiqmagan jondan umid, deb ko‘chaga chiqdik. Boshqa nima qilaolamiz. Bizni qishloqqa gaz o‘tkazib berishsin. Hazorasp yo‘lini nargi tomonidagi, yuz metr naridagi qishloqda gaz bor, nega bizni qishloqda bo‘lmasligi kerak, - deydi ismi sir qolishini istagan norozilik qatnashchilaridan biri.

Bog‘ot tumani ichki ishlar bo‘limining tezkor guruhi va tuman hokimligi, gaz idoralarining mutasaddilari norozilik ro‘y bergan joyga yetib borgan.

Rasmiylar Xitoy qishlog‘i aholisiga gaz ballonlari va ko‘mir zudlikda berilishini va‘da qilganidan so‘ng norozi ayollar tarqalgan.

Norozilar bilan uchrashgan Bog‘ot tumani gaz idorasi rasmiylaridan biri Xitoy qishlog‘i Mesit mahallasiga gaz berish imkonsiz ekanini tan oldi.

- Gazni taqib bo‘lmasligi ularga tushuntirildi. Davlat dasturi bo‘yicha viloyatda 70 ming xonadon, Bog‘ot tumanida 7 ming 200 xonadon hozirgi vaziyatda gazdan uzilganligi ularga aytildi. Mana ko‘mir, mana suyultirilgan gaz desak, yo‘q bizga gaz bering deyishyapti. Xullas, ularga gaz berilmasligi tushintirildi. Har bir xonadonga ko‘mir va suyultirilgan gaz yetarli miqdorda beriladigan bo‘ldi. Shundan keyin tarqalishdi, - dedi Bog‘ot tumani hokimiyati rasmiylaridan biri.

O‘zbekistonda joriy yilda gaz va elektr ta‘minotidagi taqchillikka qarshi aholining norozilik chiqishlari birinchi marta kuzatilyapti.

O‘tgan yil Samarqandning Sartepa mavzesining Xo‘jasoat mahallasi xotin-qizlari gaz va chiroq yo‘qligiga norozilik tariqasida avtomobil yo‘lini to‘sganidan so‘ng mahallaga gaz berila boshlagan edi.

Lekin, Bog‘ot tumani Xitoy qishlog‘idagi ayollar qaxraton qishda sovuqda qolishadigan bo‘lishsa va hokimiyat mahallasiga gaz bermasa yana ko‘chaga chiqish bilan po‘pisa qilishmoqda.

- Hozir qishlog‘imizda faqat ayollar qolgan. Erkaklar Rossiya, Qozog‘istonda. Hokimiyatdagilarni vazifasi bizga sharoit yaratib berish. Bizga sharoit yaratib berolmasa o‘rnini bo‘shatib qo‘ysin. Qishda sovuqda qolsak yana ko‘chaga chiqamiz haqqimizni talab qilib, - deydi bog‘otlik ayol.

Ozodlik Xitoy qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan hodisa yuzasidan Bog‘ot tumani hokimligiga ham bog‘landi. Hokimiyat rasmiylari bu yuzadan izoh berolmasliklarini aytishdi.

XS
SM
MD
LG