Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:15

O‘zbekistonlik 5 ayol chegaradan mashina yukxonasida o‘tayotganida ushlandi


Qirg‘iz chegarachilari mashina yukxonasida yashirincha Qirg‘iziston hududiga o‘tmoqchi bo‘lgan besh nafar o‘zbekistonlik ayolni qo‘lga oldi. Bu haqda 27 noyabr kuni Ozodlikka Qirg‘iziston chegara xizmati matbuot kotibi Gulmira Bo‘rubayeva ma‘lum qildi. Uning aytishicha, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgach o‘zbekistonlik ayollar Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining Botken viloyat Qadamjoy tuman bo‘limiga o‘tkazib berilgan.

Qirg‘iziston Chegara xizmati matbuot kotibi Gulmira Borubayevaga ko‘ra, voqea 26 noyabr kuni Botken viloyati bilan Farg‘ona viloyati o‘rtasidagi Qadamjoy chegara punktida sodir bo‘lgan:

- Qirg‘iziston chegarachilari qirg‘izistonlik ayolni to‘xtatgan. Tekshiruv chog‘ida uning avtomashinasida O‘zbekiston fuqarolari borligi aniqlangan. Besh o‘zbekistonlik ayol qirg‘izistonlik ayolga tegishli bo‘lgan “AUDI” rusumidagi mashina yukxonasida yashirincha Qirg‘iziston hududiga o‘tmoqchi bo‘lgan, - deydi Gulmira Bo‘rubayeva.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolarida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmagan.

- Tegishli hujjatlar rasmiylashtirilganidan so‘ng qo‘lga olingan shaxslar Qirg‘iziston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining Qadamjoy tuman bo‘limiga o‘tkazib berildi, dedi Gulmira Bo‘rubayeva.

Qirg‘iziston chegara xizmati matbuot kotibi hibsda ushlab turilgan o‘zbekistonlik ayollarning shaxsiga oid ma‘lumotlarni bermadi.

27 noyabr kuni o‘zbekistonliklar bilan bog‘liq Qirg‘izistonda yuz bergan yana bir voqea to‘g‘risida xabar paydo bo‘ldi.

Shu kuni Bishkek shahar Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati tarqatgan ma‘lumotga ko‘ra, boshqarmaning 10- bo‘limi xodimlari tomonidan Bishkekdagi qurilishlardan birida tegishli hujjatlari bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarolari qo‘lga olingan.

Qancha odam qo‘lga olingani ochiqlanmagan habarda aytilishicha, tekshiruv davomida qo‘lga olingan shaxslarning qirg‘iz-o‘zbek chegarasidan o‘tishi va ularning ishga joylashishiga bishkeklik Bektur ismli yigit ko‘maklashgani ma‘lum bo‘lgan.

O‘zbekiston va Qirg‘izistondan ikki tomonlama qatnov faqat Jaloloboddagi “Madaniyat” chegara punktida amalga oshiriladi.

Shu kunda bu chegara-o‘tkazish punkti ikki davlat fuqarolari qatnovi uchun ikki tomonlama tartibda ochiq turgan yagona o‘tkazish punktidir.

Qirg‘izistonning O‘sh, O‘zbekistonning esa Andijon viloyati o‘rtasida joylashgan "Do‘stlik" chegara punkti esa faqat O‘zbekiston hududidan tranzit asosida o‘tuvchi xorij fuqarolariga ochiqdir.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari bu punktdan o‘tib-qayta olmaydilar. Faqatgana Qirg‘iziston fuqarolari "Do‘stlik" chegara-o‘tkazish punkti orqali O‘zbekistondan chiqib ketishi mumkin, xolos.

Shu sabablimi so‘nggi oylarda ikki davlat chegarasida chegara buzish hollari ko‘p kuzatilmoqda. Ba‘zi hollarda qurol qo‘llanilgan va fuqarolar chegarachilar o‘qidan vafot etgan.

Masalan, Qizilqiya-Qadamjoy avtoyo‘lida 10 noyabr kuni O‘zbekiston chegarachilari fuqarolarga qarshi qurol qo‘llagani oqibatida to‘rt nafar o‘zbekistonlik va Qirg‘izistonning Qadamjoy tumani Markaz qishlog‘ida istiqomat qiluvchi fuqaro tan jarohati olgandi.

22 oktabr kuni Haydarkon chegara otryadi chegarachilari chegarani buzib o‘tgan 3 o‘zbekistonlikni qo‘lga olgan. Ma‘lum bo‘lishicha, qo‘lga olingan O‘zbekiston fuqarolari Qirg‘izistonga kelganiga 60 sutkadan oshib ketgan va Qirg‘izistonda yurish huquqini beradigan hujjatni rasmiylashtirishmagan.

XS
SM
MD
LG