Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 09:52

Qirg‘iz chegarachilari bir yilda 70 o‘zbekistonlikni ushladi


O‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi "Do‘stlik" chegara punktida navbatda turganlar.
O‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi "Do‘stlik" chegara punktida navbatda turganlar.

Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati yakunlanayotgan yilda chegaradan noqonuniy o‘tishga uringan 252 odam ushlangani, bularning 70 nafari O‘zbekiston fuqarosi ekanini ma‘lum qildi. Ushlangan o‘zbeklarning ikki nafari harbiy xizmatchi ekani va qisqa muddatli surishtiruvdan so‘ng qo‘yib yuborilgani aytildi.

Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati e‘lon qilgan yillik hisobotida 2014 yilda O‘zbekiston bilan chegarasida sodir bo‘lgan nizolar, chegaraoldi hududida yashovchi, chegaradan o‘tib-qaytuvchi fuqarolar tomonidan sodir etilgan qonunbuzarliklar soni kamayganini qayd etdi.

Xizmat matbuot kotibi Gulmira Bo‘rubayevaning aytishicha, yakunlanayotgan yilning 10 oyi ichida jami 70 o‘zbekistonlik chegarada qisqa muddatga ushlanganini aytdi:

- O‘tgan 10 oyda Qirg‘iziston davlat chegarasidan noqonuniy yo‘llar orqali o‘tgani uchun 70 nafar O‘zbekiston fuqarosi ushlangan. Ulardan ikki nafari harbiydir, - dedi Qirg‘iziston Chegara xizmati matbuot xizmati rasmiysi Gulmira Bo‘rubayeva.

Unga ko‘ra, o‘zbek-qirg‘iz chegarasida sodir bo‘lgan 5 insident 2 tasida o‘zbek chegarachilari tomonidan qurol qo‘llanilgan va natijada, bir qirg‘izistonlik halok bo‘lgan.

Birinchi voqea 10 noyabr kuni O‘zbekistonning chegara yaqinidagi Vodil aholi punktida sodir bo‘lgan va bir qirg‘izistonlik jarohatlanib, oyog‘i amputatsiya qilingan.

Ozodlik bu haqda xabar qilgan edi. Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, 10 noyabr kuni Qizilqiya-Qadamjoy avtoyo‘lida O‘zbekiston chegarachilari fuqarolarga qarshi qurol qo‘llagani oqibatida to‘rt o‘zbekistonlik va Qirg‘izistonning Qadamjoy tumani Markaz qishlog‘ida istiqomat qiluvchi bir qirg‘izistonlik tan jarohati olgan.

Ikkinchi voqea esa 13 noyabr kuni ikki davlat o‘rtasida hali aniqlanmagan bahsli chegara hududida sodir bo‘lgan va unda bir qirg‘izistonlik o‘lgan.

- Ikkinchi voqea 13 noyabr kuni Olabuqa tumanidagi chegaraning aniqlanmagan qismida sodir bo‘lgan. O‘zbekiston tomoniga ko‘ra, qirg‘izistonliklar chegaradan kontrabanda mollarini olib o‘tishga harakat qilgan. O‘shanda O‘zbekiston Respublikasi chegarachilari Qirg‘iziston fuqarosiga qarshi qurol qo‘llagan. Natijada, Qirg‘iziston fuqarosi O‘zbekiston hududida shifoxonada vafot etgan, - deydi Gulmira Bo‘rubayeva.

Ikkinchi voqea haqida ham Ozodlik xabar bergan. O‘shanda guvohlar intsidentning Jalolobod viloyati Olabuqa tumani O‘zak qishlog‘iga tutashgan O‘zbekiston hududida sodir bo‘lganini xabar qilgan edi. O‘zbek chegarachilari tomonidan otib o‘ldirilgan shaxs Qirg‘iziston fuqarosi, 40 yoshli Ahmadjon Yoqubjonov ekani Ozodlikka ma‘lum qilingan.

Qirg‘iziston chegara xizmati rasmiysi Gulmira Bo‘rubayevaning aytishicha, o‘tgan yili qirg‘iz-o‘zbek chegarasida 15 ta intsident qayd etilgan.

2014 yilning 10 oyida Qirg‘izistonning qo‘shni davlatlar bilan chegarasida sodir bo‘lgan jami nizolar soni esa 40 ta ekani aytilmoqda. Bularning 32 tasi qirg‘iz-tojik, 5 tasi qirg‘iz-o‘zbek, 2 tasi qirg‘iz-qozoq chegarasi, 1 tasi qirg‘iz-xitoy chegarasida sodir bo‘lgan.

Qirg‘iziston chegara xizmati qurol qo‘llanilgan 8 nizo qirg‘iz-tojik chegarasida sodir bo‘lganini aytmoqda va chegaraning bu qismida mojarolar ko‘paygan. Ya‘ni, 2013 yilda qirg‘iz-tojik chegarasida 19 ta insident kuzatilgan bo‘lsa, 2014 yilning 10 oyi ichida 32 ta intsident qayd etildi.

Jumladan, qirg‘iz-tojik chegarasida 11 yanvar kuni sodir bo‘lgan mojaro paytida 7 nafar qirg‘iz chegarachisi yaralangan.

Hozirda, 1 ming 378 kilometr uzunlikda bo‘lgan qirg‘iz-o‘zbek chegarasining 1 ming 54 kilometri aniqlangan chegara bo‘lib hisoblanadi.

Qo‘lga olingan jami 252 shaxsning 182 nafari chegaradan noqonuniy o‘tishga harakat qilgan Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolaridir.

XS
SM
MD
LG