Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:30

UMS rahbariyati SIM-kartalarini ko‘paytirish ehtimolini inkor qilmadi


MTS shirkati O‘zbekistondagi sho‘‘basi - UMS shirkati sotuvga chiqargan SIM-kartalar sonini oshirishni rejasini ehtimoldan soqit qilmayotir. Shirkat matbuot xizmati vakili Dmitriy Solodovnikov Ozodlik bilan suhbatda UMS shirkatining muvaffaqiyatli ish boshlaganini ta‘kidlarkan, dastlabki 2 kunda sotilgan SIM-kartalar soni haqida ma‘lumot bermadi.

Solodovnikov shirkat rahbarlari UMS muvaffaqiyatli faoliyat boshlagani va shartnomalarga talab kutilganidek katta bo‘lganini aytdi:

- Birinchi kun savdo ofislari faol ishladi. Shartnomalar yaxshi sotildi. Umuman olganda, bildirilgan talab kutganimizdek bo‘ldi. Biz talab katta bo‘lishini kutgan edik, - dedi MTS rasmiysi.

Dmitriy Solodovnikov UMS shirkati birinchi ish kunida mijozlarga qancha SIM-karta sotilgani haqidagi ma‘lumotlarni oshkor eta olmasligini qo‘shimcha qildi.

UMS ofislariga ajratilgan SIM-kartalar sotib bo‘linganidan keyin talabgorlar soni kamaymasa, shirkat kvotani oshiradimi, degan savolga javoban Solodovnikov bunday ehtimolni inkor qilmadi:

- Keling, bu masalada real vaziyatdan kelib chiqqan holda fursati kelganda gaplashaylik. Hozircha bu teoretik muhokama bo‘lib qoladi. Agar buni taqozo qiladigan qanaqadir vaziyat yuzaga kelsa, fursati bilan hal qilamiz, - dedi mulozim.

Ayni paytda, Dmitriy Solodovnikov UMS SIM-kartalariga talab katta ekaninidan tashkilot rasmiylari qoniqish his qilganini aytdi.

UMS ofislarida esa turnaqator navbatga tizilgan mijozlarga shartnomalar sotilishi davom etmoqda.

Toshkentning Qo‘yliq dahasida yashovchi Kamron Shodiyev Ozodlik bilan suhbatda 1 dekabr kuni ikkita UMS SIM-kartasini 20 ming so‘mga sotib olgani va yangilangan shirkatning xizmati sifatidan mamnuligini aytdi.

- UMS offisi kecha ertalab soat to‘qqizda ochildi. Men 10 ming so‘mdan ikkita SIM-karta sotib oldim. Ichida bir yarim dollardan puli bor, - deydi Kamron Shodiyev.

Suhbatdoshga ko‘ra, o‘tgan bir kun davomida UMS aloqa operatorining faoliyatida hozircha kamchilik sezmagan.

- Telefon qilasiz va tezda ulanasiz. UMSda shunaqa ekan. Balki hozir mijoz kam bo‘lgani uchun shunaqadir. Masalan UMSdan UMSga chiqasizmi, UMSdan Ucell yoki Beelinega qo‘ng‘iroq qilasizmi 3 sent. SMS ham 3 sent. Abonentlik to‘lovi kuniga 10 sent. Men, asosan, Internet uchun oldim. UMSda oyiga 100 Mbt berarkan. Kechasi foydalanamanmi, kunduzimi bemalol kirib ketaveraman. Sifati hozircha yaxshi, - deydi Kamron Shodiyev.

Biroq yangilangan eski shirkatning xizmati sifatidan noliganlar ham bor. Toshkentning Hasanboy mavzeida yashaydigan Jasur Soatov UMS SIM-kartasini sotib olgandan keyin, tarmoqqa ulanishi qiyin bo‘lganidan nolidi.

- Internet slabiyroq. Maqtaydigan darajada emas. SIM-kartani 1 dekabrda oldim, 2 dekabrda podklyucheniye qilib berishdi. Bir kunda uch-to‘rt marta borib keldim kampaniyaga, - deydi Jasur Soatov.

Suhbatdosh fikricha, Hasanboy mavzesida UMS xizmatining sustligi u yerda shirkat o‘rnatgan antennalar yetarli emasligi bilan bog‘liq.

Ayni paytda pul to‘lovlarini amalga oshiradigan PAYNET shirkati 1 dekabrdan boshlab UMS mobil aloqa xizmatlari uchun to‘lovlarni qabul qilishini boshladi.

12news.uz nashri xabariga ko‘ra, PAYNETning O‘zbekistonda 25 mingdan ziyod shoxobchalari bor va bir kunda 2 milliondan ortiq mijozga xizmat ko‘rsatadi. 2012 yilning iyun oyi - sobiq "O‘zdunrobita" shirkati yopilgungiga qadar PAYNET xaridorlarining kattagina qismini sobiq MTS mijozlari tashkil qilar edi.

XS
SM
MD
LG