Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:51

Dushanbe fohishalarining bosh homiysi - militsiyadagilar


Fohishaligini tan olgan Mohruxsor.
Fohishaligini tan olgan Mohruxsor.

Dushanbe huquq-tartibot idoralarining shahardagi fohishalarni ovlashga qaratilgan reydlari davom etmoqda. Ozodlikka gapirgan fohishalarga ko‘ra, tungi kapalaklarning aksari aynan huquq tizimlaridagi homiylari qanotida ishlaydi va bu reydlarda faqat “krisha”si yo‘q qizlar qo‘lga tushayapti.

Dilorom yaqinlargacha hech qanday muammosiz ko‘chalarda “tungi kapalak” bo‘lib mijozlarga xizmat ko‘rsatib kelgan. Biroq endi “ish”ga chiqishdan oldin militsiyada ishlaydigan homiysidan, "bu tunda reyd bo‘ladimi yoki yo‘q?” deb so‘raydi. Agar yo‘q deyishsa, u bemalol ko‘chaga chiqadi. Uning “ish joyi” Qorabolo kasalxonasidan Yakkachinor mahallasigacha bo‘lgan yo‘lning bo‘yida. Bu yo‘lda tunda “tijoriy seks” avj olishini hamma yaxshi biladi. Bu ko‘chadan 21 yoshli Diloromni mijozlar olib ketishadi va o‘tkazilgan tun uchun 150 AQSh dollari haq to‘laydi.

Homiyli fohishalar

Ozodlik radiosi bilan 2 dekabr kuni suhbatlashgan Dilorom uning ichki ishlarda o‘z homiysi borligini aytadi.

Yaqin vaqtgacha o‘zi va dugonalari faoliyatida hech qanday muammo bo‘lmaganini aytgan Diloromga ko‘ra¸ so‘nggi uch oy mobaynida Tojikiston IIV muntazam o‘tkazib kelgan reydlar natijasida fohishalikka chiqish qiyinlashgan. Endi Dilorom va uning besh dugonasi “ish”ga chiqishdan oldin xavfsizlik haqida militsiyada ishlaydigan homiylaridan informatsiya oladi.

Dilorom qo‘lga tushib qolishdan qo‘rqmasligi¸ ilgari ham bir necha marta qo‘lga tushib¸ bir tunlik ish haqini jarima sifatida to‘laganidan so‘ng qo‘yib yuborilganini aytadi. Suhbatdoshga ko‘ra, militsiya endi ularni jazolashning boshqa usulini qo‘llayapti - ularning ota-onalari va mahalla oqsoqollari ham militsiyaga taklif qilinmoqda:

“Avvalgi reydlar paytida ular hatto pasportlarimizni ham so‘rashmasdi. Protokol tuzib jarima qilishardi¸ xolos. Biroq endi faqat jarima bilan qutulib bo‘lmaydi”, deydi Dilorom.

Tojikistondagi aksariyat fohishalarning ota-onalari ularning bu ish bilan shug‘ullanayotganliklarini bilmaydi. Diloromga ko‘ra, militsiyadan tashqari aholi ham ularning o‘z ishini bemalol qilishiga xalaqit bera boshlagan.

Tojikiston IIVning fohisha va islovotxonalar haqidagi xabarlarni ichki ishlarga yetkazishni so‘rab aholiga qilgan murojaatidan so‘ng, aholining fohishalarga nisbatan munosabati yanada keskinlashdi. Buning ortidan fohishalar yashash joylarini o‘zgartirishga majbur bo‘lmoqda.

Homiysiz fohishalar

25 yashar Mohruxsor ikki yildan buyon fohishalik qiladi. U militsiyada homiysi yo‘qligini aytadi. Bu ayol qo‘shmachilarsiz, yoki aytish urf bo‘lgan “Mama Roza”larsiz ishlaydi. U ovga dugonasi bilan birga chiqadi. Dugonasining militsiyadagi homiysi esa hamma vaqt ularni reyd bo‘lish ehtimolidan ogohlantiradi.

Mohruxsor maktabda bor-yo‘g‘i to‘rt yil o‘qigan. Uni juda yosh erga berishgan. Eridan ajralganidan so‘ng, restoranga ofitsiantka bo‘lib ishga joylashgan va o‘sha yerda yengiloyoq bir qiz bilan tanishgan.

Mohruxsorga ko‘ra, so‘nggi paytlarda reydlarning ko‘p o‘tkazilayotgani bois, ko‘chaga kam chiqadigan bo‘lgan. U reyd bo‘lmagan paytlarda haftasiga ikki-uch marta ko‘chaga chiqadi va oyiga 200-300 dollar pul topadi.

Mohruxsor to‘rtinchi marta qo‘lga tushganida ota-onasi va mahalla oqsoqolini chaqirishib, uning fohishalik qilayotganini aytib berishgan:

“Otam mening fohisha ekanligimni biladi, lekin hech narsa demaydi. Otam juda yaxshi odam. U meni juda erta erga berganidan va hayotim o‘xshamay ajrashib ketganim uchun o‘zini aybdor deb hisoblaydi. Onam besh yashar o‘g‘limga qaraydi. Ammo men bu ish bilan uyimdan ancha uzoqroq joyda shug‘ullanishga harakat qilaman. O‘zimga o‘xshagan bir ayolning uyida yashayman”, dedi Mohruxsor.

Mohruxsor tahqirli kasb bilan shug‘ullanishini tan oladi:

“Bu ishda odam doim tahqir va haqoratlarga uchraydi. Erkaklar ham doim odamni kamsitadi, masxara qiladi. Dogovor qilgan pulni bermaydi. Ba‘zi paytlar shahar tashqarisiga olib chiqadida, ishini bitirgandan so‘ng tashlab ketadi”, deydi suhbatdosh.

Fohishaligini tan olgan Mohruxsor bilan Ozodlik radiosi tojik xizmati muxbiri o‘tkazgan suhbatni quyida ko‘ring:

Моҳрухсор: Қизларингизни назорат қилинг¸ мен каби фоҳиша бўлмасин
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:44 0:00

Mohruxsor o‘z ismini tozalash va normal hayotga qaytishni orzu qilayotganini qo‘shimcha qildi.

“Mama Roza”lar nima deydi?

Militsiya tomonidan bosim o‘tkazilayotganidan shikoyat qilgan fohishalardan farqli o‘laroq, Mama Rozalar fikricha bu reydlar muammoni hal qila olmaydi.

O‘zini Gulya deb tanishtirgan Mama Rozalardan birining aytishicha, aksariyat hollarda huquq-tartibot organlari xodimlari va ota-onalarning o‘zlari qizlarni fohishalikka undaydi.

Qirq yoshli bu ayolga ko‘ra, ba‘zan uning oldiga onalarining o‘zlari fohishalikka majbur qilgan qizlar kelishadi. Ularning ba‘zilari bir mijozga 50 somoni( qariyb 10 AQSh dollari)ga ham xizmat ko‘rsatishga tayyor.

Gulyaning aytishicha¸ bir tunlik xizmati 500-700 dollar narxlanadigan qimmat fohishalar ham bor:

“Yosh va chiroyli qizlar ham bor. Erkaklar bundaylarga pulni ayamaydi. Ba‘zi amaldorlar ham bu qizlarning xizmatidan foydalanadi. Xalqimizning qanday yashayotgani hammaga ma‘lum. Ayniqsa¸ qishloqlarda hayot juda og‘ir”, deydi Gulya.

Tojikiston IIV ma‘lumotiga ko‘ra, o‘tgan 11 oy davomida 385 fohisha ushlanib, jarimaga tortilgan. 275ta islovotxona aniqlangan. Fohishalardn undirilgan jarimadan byudjetga 25600 somoni kirim qilingan.

Tojikiston qonunchiligida fohishalarga 400 dan 800 somonigacha (80-160 AQSh dollari) jarima belgilangan.

XS
SM
MD
LG