Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:07

Andijon hokimi Izboskanda ko‘mirning erkin bozorini yo‘q qildi


Hukumat va‘da qilgan ko‘mirni ololmagan, uni bozordan topolmagan izboskanliklar boshqa tumanlarga ko‘mir qidirib ketmoqda.
Hukumat va‘da qilgan ko‘mirni ololmagan, uni bozordan topolmagan izboskanliklar boshqa tumanlarga ko‘mir qidirib ketmoqda.

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov 27 noyabr kuni Izboskan tumaniga borib, erkin narxda ko‘mir sotayotgan tadbirkorlarni ko‘mirni teng yarim narxida sotishga majburladi. Bu haqda Ozodlikka xabar bergan izboskanliklarning aytishlaricha, majburiy savdodan katta zarar ko‘rgan tadbirkorlar umuman ko‘mir sotmay qo‘ygan. Hukumat va‘da qilgan arzon ko‘mir ololmagan izboskanliklar esa boshqa tumanlarga ko‘mir izlab ketmoqda.

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov 27 noyabr kuni Izboskan tumanidagi ko‘mir savdogarlariga ko‘mirni teng yarim narxiga arzonlatishni buyurgan.

Ismi sir qolish sharti bilan bu haqda Ozodlikka gapirgan izboskanliklardan biriga ko‘ra, hokim ko‘mirning erkin narxini pasaytirish vazifasini soliq inspektsiyasiga yuklagan:

“Katta hokim Izboskanga kelib rekonstruktsiya qilingan 2-maktab, kasalxona va yangi bozorni ko‘rdi. Hokim shu bilan birga yo‘l bo‘yida aholiga tijorat narxida ko‘mir sotayotgan tadbirkorlarni qaqshatdi. Men o‘zim bu voqeaning guvohi bo‘ldim. Hokim moshinadan tushib kelib, ko‘mirni qanchadan sotyapsan, deb so‘radi. Sotuvchi 550 so‘mdan, dedi. Hokim esa 350dan bir so‘m ortiq sotmaysan, dedida soliqchilarni gruppasini chaqirtirdi", deydi manba.

Uning aytishicha, shundan so‘ng tadbirkorlar e‘tiroz bildira boshlagan:

“Tadbirkorlarning, hokim buva bu ko‘mir bizga 490-500 so‘mdan tushib kelyapti, ustiga 50 so‘mdan qo‘yib sotyapmiz, biz zarariga sotmaymizku, deganiga qaramasdan hokim ko‘mirni soliqchilar nazoratida 350 so‘mdan sottirib yubordi. O‘sha kunning ertasidan boshlab Izboskanning biror hududida bozorga ko‘mir chiqmadi. To‘rtko‘l, Moygir degan qishloqlardagi bozorlardagi ko‘mirlarni esa soliqchilar musodara qilgan. Hukumat va‘da qilgan ko‘mirni ololmayotgan, kuni bozordagi ko‘mir bilan o‘tib turgan aholi og‘ir ahvolda qoldi. Odamlar boshqa tumanlarga ko‘mir izlab ketmoqda”, dedi tadbirkor.

Boshqa bir izboskanlik ham hukumat va‘da qilgan ko‘mirga hali-beri navbati kelmasligini aytar ekan, viloyat hokimi qahraton qishda odamlarni sarson qilib qo‘yganini ta‘kidlaydi:

- Men ham kuni kecha ko‘mir olay, deb Poytuqqa chiqdim. Hech qayerda ko‘mir yo‘q. Odamlar izillab, ko‘mir izlab yuribdi. Hokim ko‘mirni arzon sotasan, degandan keyin ko‘mirchilar tijoratlarini yig‘ishtiribdi. Tadbirkorlar ahmoq emasku, o‘z zarariga ko‘mir sotsa? Bu yog‘i sovuq qattiq bo‘lyapti, svet uch soat yonsa, olti soat o‘chadi. Mahallaga beramiz degan, lekin hali navbatim uzoq ekan. Keyin, bir tonna bergan ko‘miri 500-600 kilo chiqyapti,- dedi izboskanlik.

Izboskanliklarning aytishlaricha, ayni paytda tijorat narxida sotiladigan Angren ko‘miri ham, Qozog‘istondan keltiriladigan ko‘mir ham bozorlardan yo‘qolgan. Ozodlik manbasi Angren ko‘miri Qozog‘istondan keltirilgan ko‘mirdan qimmat ekanligini aytadi:

“Qozoq ko‘mirining bir kilosi 470-500 so‘mga yetib keladi bizning Izboskanga. Angren ko‘miri esa 700dan 760 so‘mgacha keladi. Tadbirkorlar uni elab, setkalab ustiga 50-100 so‘mdan qo‘yib sotishardi. Endi esa unisi ham, bunisi ham yo‘q”, deydi manba.

Izboskan tumani hokimi Ulug‘bek Abdullayev Ozodlik bilan suhbatda ko‘mirning tijorat narxlarda sotilishiga taqiq qo‘yilganini tasdiqladi. Hokimning aytishicha, bu tadbir ko‘mir narxining oshib ketishini oldini olishga qaratilgan:

- Erkin narx yo‘q. Buni to‘xtatilishiga sabab, ko‘mir sotuvchilar xohlagan narxini qo‘yib sotishyapti. Biz aholini ko‘mir bilan o‘zimiz arzon narxda ta‘minlaymiz. Ko‘mir hamma joyda bor. Kuni kecha yana 25 vagon ko‘mir keldi. Har bir qishloq fuqarolar yig‘ini ehtiyojiga qarab ajratganmiz, hammasi qattiq nazoratda. O‘zimiz taqsimlab belgilangan narxda aholining uyigacha olib borib beryapmiz,- dedi Ulug‘bek Abdullayev.

Hokimning aytishicha, bir tonna Angren ko‘mirining aholiga sotiladigan narxi 125 ming so‘m, Qozog‘iston ko‘mirlari esa 210 va 300 ming so‘mni tashkil etadi.

O‘zbekistonda tabiiy gaz va elektr ta‘minotidagi muammolar bois O‘zbekiston Vazirlar mahkamasining maxsus qarori bo‘yicha qish mavsumida ijtimoiy soha ob‘ektlari hamda aholi xonadonlarini ommaviy ravishda ko‘mir bilan isitish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Biroq, kuzatuvchilarga ko‘ra, o‘tgan yillar davomida hukumat aholini ko‘mir bilan yetarli darajada ta‘minlay olmagan.

XS
SM
MD
LG