Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:26

Putin safaridan so‘ng Rossiyada o‘quvchi o‘zbek zobitlari soni ko‘payadigan bo‘ldi


2015 yilda O‘zbekiston Qurolli kuchlari tarkibidagi 3000 zobit Rossiyada ta‘lim oladi. Bu haqda O‘zbekiston Mudofaa vazirligidagi Ozodlik manbasi ma‘lum qildi. Ayni paytda kuzatuvchilar o‘zbek harbiylari va MXX xodimlarining Rossiyada ta‘lim olishi O‘zbekiston siësiy kelajagini xatar ostiga qo‘yishi mumkinligini aytmoqda.

2015 yilda 3000 nafar O‘zbekiston Qurolli kuchlari tarkibidagi zobit Rossiyada ta‘lim oladi.

Bu haqda O‘zbekiston Mudofaa vazirligidagi Ozodlik manbasi ma‘lum qildi. Manbaning aytishicha¸ 2015 yil Rossiyaning harbiy ta‘lim muassasalarida ta‘lim olishi uchun 3000 kishilik o‘zbek zobitlarining ro‘yxati tasdiqdan o‘tgan:

- Bular O‘zbekiston Qurolli kuchlarida xizmat qilayotgan ofitserlardir. Shu bilan birgalikda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tarkibidagi o‘quv muassasalaridagi iqtidorli talabalar Rossiyadagi qisqa muddatli kurslarga ham yuboriladi¸ dedi Ozodlik manbasi.

Manbaning aytishicha¸ ayni paytda 500 dan ziyod o‘zbek ofitseri Rossiyada malaka oshirmoqda.

10 dekabrь kuni Toshkentga kelgan Vladimir Putin O‘zbekiston-Rossiya muzokaralari yakunlariga bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Rossiya oliy o‘quv yurtlarida o‘zbekistonlik 12 ming talaba ta‘lim olayotganini tilga oldi.

“Toshkentda Rossiyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlari filiallari muvaffaqiyatli ishlab turibdi. Joriy yilda O‘zbekistonga 212 ta davlat stipendiyasi ajratildi, respublikaning Rossiya oliy o‘quv yurtlarida o‘qiyotgan fuqarolarining umumiy soni esa 12 ming kishini tashkil qiladi. Ta‘lim sohasida bundan keyin ham aloqalarni rivojlantiramiz”, deb ta‘kidlagan Rossiya prezidenti nechta o‘zbek talabasi harbiy sohada Rossiyada ta‘lim olayotganini ochiqlamadi.

Rossiyaning “RIA Novosti” agentligi o‘zbekistonlik harbiylarning Rossiyada og‘ir qurollar va aviatsiya tizimlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tayyorgarlik o‘tayotgani haqida ma‘lumot bergan edi.

Hozir Rossiyada istiqomat qiladigan O‘zbekiston qurolli kuchlarining ismini aytishni istamagan zobitining ta‘kidlashicha¸ O‘zbekiston mutaxassislari Rossiyadan olib kelingan qurol-yarog‘larni ishlatish uchun Rossiyada malaka oshirishga majbur.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Rossiya O‘zbekistonga qurol sotgan paytda¸ bu qurollarni ishlatadigan o‘zbek zobitlarini o‘qitib berishni ham zimmasiga oladi.

- Gap bu yerda O‘zbekiston Rossiyadan sotib oladigan og‘ir zirhli qurollar va aviatsiya tizimlari haqida ketadi. Bu texnikani ishlatish malakasiga ega bo‘lish Rossiyada ta‘lim olishni taqozo qiladi. Sovet davridan qolgan an‘ana hozir ham davom etmoqda¸ deydi suhbatdosh.

Rossiyada chop etiladigan “Voyenno-promishlenniy kuryer” nashrida O‘zbekiston armiyasidagi Rossiyaga oid texnikalarga oid ma‘lumot keltirilgan.

Bu ma‘lumotga ko‘ra¸ O‘zbekiston harbiy havo kuchlarida 45 ta zenit raketa kompleksi, 419 ta harbiy uchoq, 30 ta vertolyot mavjud.

O‘zbekiston qurolli kuchlari sobiq zobitining aytishicha¸ “O‘zbek armiyasi Rossiya qurollarini ishlatuvchi¸ Rossiya tipidagi va Rossiyaga bog‘liq bo‘lgan armiyadir”.

1994 yilning mart oyida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida harbiy sohadagi hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida bitim imzolangan edi.

2012 yilga kelib esa O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida O‘zbekiston armiyasiga 2020 yilga qadar qurol yetkazib berishda hamkorlik qilish dasturi qabul qilingan edi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga tashrifi esa bunday hamkorlik istiqbolini yanada porloq qilgani aytilmoqda.

Putinning Toshkentdagi nutqida “ta‘lim sohasida bundan keyin ham aloqalarni rivojlantirish” haqida gap boradi.

Ayni paytda kuzatuvchilar o‘zbek harbiylarining va MXX xodimlaring Rossiyada ta‘lim olishi O‘zbekiston siyosiy kelajagini xatar ostiga qo‘yishi mumkinligini aytishmoqda.

O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik xizmati sobiq xodimi¸ hozir Britaniyada istiqomat qilayotgan 34 yashar Ikrom yoqubov nazarida¸ Rossiyada ta‘lim olgan harbiylar va MXX xodimlari Moskva imo-ishorasi bilan O‘zbekistoni ostin-ustun qiladigan vositadir:

- O‘zbekistondagi hamma ofitserlar Moskvada malaka oshirib kelgan. Armiya¸ MXX¸ GRU va boshqa tizimlardagi ofitserlar Rossiyada bir muddat tahsil olishgan. Moskvada o‘qigan zobitlarning O‘zbekistonga yoki prezidentga qanchalik sodiqligi katta savol. MXX zobitlari 23 yildan beri Rossiyaning uch shahrida tahsil olishadi. Moskva¸ Sankt-Peterburg va Yekaterinburgdagi o‘quv markazlarida tahsil olgan MXX zobitlari pirovardida O‘zbekiston MXXsida rahbar lavozimlarga ega bo‘lishadi. Bu esa¸ O‘zbekiston uchun juda katta tahlikadir. Chunki Lubyankadan bir signal bo‘lsa¸ ular Karimovdan hokimiyatni tortib olib qo‘yishlari ham mumkin¸ deydi suhbatdosh.

XS
SM
MD
LG