Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:22

Dushanbeda xotinini o‘zini o‘ldirishiga sababchi bo‘lgan er sudlandi


Shahlo Rustamxo‘jayeva (o‘rtada) erning zulmiga chiday olmay o‘z joniga qasd qilgan.
Shahlo Rustamxo‘jayeva (o‘rtada) erning zulmiga chiday olmay o‘z joniga qasd qilgan.

Dushanbe shahrining Jinoyat ishlari bo‘yicha Shohmansur tuman sudi 25 yashar xotinini o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazgan Ikrom Sattorovni uch yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi. Sud bunday hukm uchun ayolning o‘limi oldidan yozgan so‘nggi maktubi va uning badanida qolgan kaltak izlarini asos qilib oldi.

Ozodlik muxbiri bilan bo‘lgan avvalgi suhbatlarida xotini Shahlo Rustamxo‘jayevning o‘z joniga qasd qilishida aybi yo‘qligini ta‘kidlab kelgan dushanbelik 32 yoshli Ikrom Sattorov Tojikiston Jinoyat Kodeksining 109-moddasi, ya‘ni o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazishda aybdor deb topilib, sud hukmi bilan uch yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Ayblov xulosasida aytilishicha, Ikromning xotiniga muntazam zug‘um o‘tkazib kelgani oqibatida aël o‘z joniga qasd qilgan. Sud hukmiga ko‘ra bu ayblov hujjat, dalil va guvohlar ko‘rsatmasi bilan asoslangan.

Sud hukm chiqargunga qadar Ikrom Sattorov ochiqda bo‘lgan va sud zalining o‘zida hibsga olingan.

Sud Ikromni xotini Shahlo Rustamxo‘jayevani o‘z joniga qasd qilishda aybdor deb topgan bo‘lsa ham, lekin uning o‘zi Ozodlik bilan bo‘lgan suhbatda hech qachon xotiniga zug‘um qilmaganini va uni haddan ortiq yaxshi ko‘rganini aytgan. Ikromga ko‘ra, xotini o‘lganidan so‘ng unga yashashning qizig‘i qolmagan.

Shahloning eri Ikrom Sattorov.
Shahloning eri Ikrom Sattorov.

Shahloning yaqinlari Ikromning bu da‘volarini asossiz deb bilib, sud majlisida unga qarshi ko‘rsatma berganlar.

25 yashar Shahlo Rustamxo‘jayevaning jasadi joriy yilning 20 avgust kuni Shohmansur tumanidagi o‘zi ishlaydigan “Faride” go‘zallik salonida soch quritadigan apparatning simiga osilgan holatda topilgan edi.

Jasadning yonidan topilgan maktubda o‘z yaqinlariga murojaat qilgan Shahlo o‘z joniga qasd qilishiga eri sababchi ekanligi, o‘limidan so‘ng ikki nafar bolasini eriga bermasligini iltimos qilgan.

Sud Shahlo badanida kaltaklanishdan qolgan izlar va shu maktub asosida hukm chiqargan.

Shahloning opasi Marhabo Rustamxo‘jayevaning aytishicha, bu oiladagi janjallarning sababi Ikromning ikkinchi xotini borligi bilan bog‘liq bo‘lgan:

“Singlimga uylanishidan oldin uning boshqa xotini ham bo‘lgan ekan. U singlim bilan Moskvada ekanligida Shahloni uyidan haydab chiqargan edi. O‘sha paytda Moskvada haydovchilik qilayotgan otam kunduz kunlari Shahloni o‘zi bilan birga olib yurar, kechqurun esa tanishlarining uyida qolar edi. Oqibatda otam Shahloni olib uyga qaytdi”, dedi Marhabo.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, har kuni Tojikistonda bir ayol o‘z joniga qasd qiladi. Tojikiston IIV ma‘lumotiga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida o‘z joniga qasd qilgan 318 shaxsning 153 nafari ayollardir.

XS
SM
MD
LG