Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:31

O‘zTV "jihodchi o‘zbeklar"ni besoqolbozlikda aybladi


"Xiyonat yoxud vatanga qarshi ishlatishning yangi usuli" ko‘rsatuvidan skrinshot.
"Xiyonat yoxud vatanga qarshi ishlatishning yangi usuli" ko‘rsatuvidan skrinshot.

11 dekabr kuni "O‘zbekiston" telekanali orqali namoyish qilingan "Xiyonat" ko‘rsatuvida Norvegiyada soxta ko‘rsatmalar bilan qochqinlik maqomi olgan o‘zbeklar ko‘pligi, ular jihodchilar safiga qo‘shilayotgani iddao qilingan. Shuningdek, ko‘rsatuvda Yevropadagi "jihodchi o‘zbeklar" besoqolbozlikda ayblangan.

35 daqiqadan iborat "Xiyonat yoxud vatanga qarshi ishlatishning yangi usuli" deb nomlangan ko‘rsatuvda toshkentlik olti yigitning Norvegiyaga borib, qochqinlik olgani va jihodchilar safiga qo‘shilgani da‘vo qilingan.

Taxminlarga ko‘ra, tergov izolyatorida suratga olingan tasvirlarda 28-37 yoshlardagi Toshkent shahridan deb tanishtirilgan olti yigit "ko‘rsatma" bergan.

O‘z intervyusida yigitlarning barchasi Norvegiyaga borib, soxta ko‘rsatmalar orqali qochqinlik maqomi olganini hikoya qiladi.

Jumladan, 29 yoshli Zafar Karimov ism-familiyasini o‘zgartirgani va qidiruvda ekani haqidagi yolg‘on ma‘lumot bilan qochqinlik maqomi so‘raganini so‘zlaydi.

30 yoshli Davron Rahmonov qimorbozlik qilib qarz bo‘lgani uchun uni ta‘qib qilishlari, 34 yoshli Ahmadjon Xoliqov esa narkotik moddalar savdosiga aralashgani haqidagi yolg‘on vaj bilan O‘zbekistonga qayta olmasligini aytib, qochqinlik idorasiga murojaat qilganini aytishadi.

Ko‘rsatuv mualliflari Norvegiyaning tegishli idoralarini o‘zbekistonliklarning uydirma gaplariga ishonib qolayotgani va hatto jinoyatchilarga ham qochqinlik berayotgani yuzasidan "taassuf bildirib", qochqinlik maqomining kimlarga va qay tartibda berilishiga to‘xtalgan.

"Xiyonat" davomida toshkentlik olti yigit Norvegiyada yashirin faoliyat ko‘rsatgan diniy-ekstremistik oqimga a‘zo bo‘lgani, ularga Oslodagi Abduvohid ismli imom boshchilik qilganini aytishadi.

Jihodchilikka tayyorlanganlarini "bo‘yniga olgan" bu yigitlar besoqolbozlik bilan ham shug‘ullanganliklarini "e‘tirof etganlar".

Jumladan, 28 yoshli Asadulla Rizqiyev va 37 yoshli Shuhrat Ilhomov besoqolbozlik bilan shug‘ullanganliklarini kamera oldida "tan olib" gapirishadi.

Ko‘rsatuvda shu ikki yigitning so‘zidan tashqari "jihodchi o‘zbeklar" besoqolbozlik bilan shug‘ullanganayotganiga oid biror fakt keltirilmaydi.

Bu olti yigitning hozirgi taqdiri haqida "Xiyonat"da biror ma‘lumot yo‘q. Tergov tugab, ish mahkamaga oshganmi yoki yigitlar allaqachon qamoq jazosini o‘tayaptimi - bular ko‘rsatuvda ochiqlanmagan.

Ozodlik Toshkentdagi huquq-tartibot idoralaridan bu borada biror ma‘lumot olishga muvaffaq bo‘lolmadi.

"Xiyonat" ko‘rsatuvi prezident Islom Karimov mamlakat ulamolarini fuqarolarning Islomiy Davlat ta‘siriga tushib qolishining oldini olishga chaqirganidan keyin yoyinlangan ikkinchi hujjatli ko‘rsatuvdir.

26 noyabr kuni ham O‘zTV IShID - "gazandalar to‘dasi"ga tushib qolgan o‘zbeklardan gap ochgan edi.

"Manfurlik" nomi ostida 14 daqiqadan oshiqroq davom etgan hujjatli filьmda “mo‘may daromad” niyatida Rossiyaga ketib, u yerda radikal guruhlar ta‘siri bilan “Islomiy davlat” safiga jihodga borgan qashqadaryolik 27 yoshli Nodir Javliyevning tazarrusi namoyish qilinadi.

Turli manbalar, jumladan, Qozog‘iston va Rossiya maxfiy xizmatlari hamda turkiyalik huquq faollari hisob-kitobicha, Suriya va Iroqda jang qilayotgan o‘zbek janggarilari soni 500 nafardan 1 ming 200 nafargachadir.

Shu kunga qadar O‘zbekiston hukumati Suriya va Iroqda jang qilayotgan fuqarolariga oid biror bayonot bergani yo‘q. Ayni paytda Tojikiston va Qirg‘iziston hukumatlari, yaqinda esa Qozog‘iston hukumati ham bu borada o‘z rasmiy pozitsiyasini bildirgan hamda fuqarolarni terror g‘oyalaridan ihota qilish uchun chora-tadbirlar ko‘rayotganini ma‘lum qilgan.

E‘tiborli jihati shuki, "Islomiy davlat" safidagi markaziy osiyoliklar haqidagi tadqiqotlar va rasmiy bayonotlarning barchasida bu janggarilarning aksar qismini o‘zbeklar tashkil qilishi aytib kelinmoqda.

XS
SM
MD
LG