Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:55

Payariqda gaz quyish stantsiyasidagi portlashda bir kishi halok bo‘ldi


Samarqand viloyati Payariq tumanidagi AYoQShda yong‘in.
Samarqand viloyati Payariq tumanidagi AYoQShda yong‘in.

Samarqand viloyatining Payariq tumanidagi avtomobillarga propan gazi quyish shoxobchasida 14 dekabr kuni sodir bo‘lgan portlashda shoxobcha ishchilaridan bir kishi halok bo‘ldi, uch kishi 30-90 foizlik kuyish jarohati bilan og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizildi. Voqea guvohlarining aytishicha, avtomobil motoridan chiqqan uchqun portlashga sabab bo‘lgan.

Payariq tumanining Samarqand xo‘jaligi hududidagi avtomobillarga propan gaz quyish shoxobchasida 14 dekabr kuni ertalab soat 8 larda kuchli yong‘in sodir bo‘ldi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan, payariqlik manbaning aytishicha, avtomobil motoridan chiqqan uchqun yong‘inga sabab bo‘lgan:

"Juda ham katta yong‘in bo‘ldi. Aytishlaricha, moshinaga gaz zapravka qilayotgandami yoki bo‘lgandan keyinmi motor yonib ketgan. Tuman markazidan 9 ta o‘t o‘chirish mashinasi keldi. Yong‘inni ikki soat davomida zo‘rg‘a o‘chirishdi. Bir kishi yong‘inni ichida qolib jizg‘anak bo‘lib ketgan ekan. O‘chirib bo‘lgandan keyin topishdi uni. Yana uch kishini olib ketishdi, juda ham qattiq kuygan edi", dedi manba.

Payariq tumani ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi yong‘inda bir kishi halok bo‘lganini, uch kishi kasalxonaga olib ketilganini tasdiqladi.

"Bir kishi voqea joyida halok bo‘lgan, uch kishini avval o‘zimizning kasalxonaga, keyin Samarqandga olib ketishdi. Voqea sodir bo‘lgan joyda ekspertlarimiz ishlamoqda. Oddiy texnika xavfsizligiga rioya qilinmaganligi natijasida yong‘in kelib chiqqan", dedi ichki ishlar mulozimi.

Samarqand viloyati tibbiyot birlashmasida ishlaydigan Ozodlik manbasiga ko‘ra, uch kishi juda og‘ir ahvolda keltirilgan:

“Bizga uch kishini olib kelishdi. Biri 90 foiz, biri 75 foiz, biri 30 foiz kuygan. Endi bizning tajribamizda 70 foizdan ortiq kuygan odamlarni saqlab qolish qiyin. Lekin qo‘limizdan kelgan hamma ishni qilyapmiz. Uchovi ham reanimatsiya bo‘limida yotibdi", dedi birlashma mulozimi.

Mulozimning aytishicha, kuyganlarning 3 nafari shoxobcha ishchilari, bir nafari esa haydovchidir.

Ozodlik AYoQShlardagi yong‘inlar, ayniqsa, mashinalarga o‘rnatilgan gaz ballonlarning portlagani to‘g‘risida ko‘p xabar qilgan.

Fevral oyida Namangan tumanidagi “Ezgu niyat sari” avtomobillarga gaz quyish shoxobchasida Neksiya avtomobiliga o‘rnatilgan gaz balloni portlashi oqibatida shoxobcha xizmatchisi tan jarohati olib, kasalxonaga yotqizilgan edi.

O‘tgan yilning 1 mart kuni Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani markazidagi “Baxt-er” avtomobilga yonilg‘i quyish shoxobchasi (AYoQSh)da Neksiya avtomobiliga o‘rnatilgan gaz balloni portlashi oqibatida 36 metr uzoqlikda turgan farg‘onalik yo‘lovchi 35 yoshli Igor Jo‘rayev halok bo‘lgan edi.

2013 yilning 18 oktabr kuni Samarqand viloyati Ishtixon tumani Azamat qishloq fuqarolar yig‘inining Qirqyigit qishlog‘ida yangi ochilgan avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchasida yuz bergan portlash oqibatida ikki odam nobud bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG