Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:15

Jihodchilar haqida video yoyinlagan Kloop.kg sayti mintaqa rasmiylari bosimiga uchradi


Kloop.kg saytidan skrinshot.
Kloop.kg saytidan skrinshot.

Tahririyati Bishkekda bo‘lgan Kloop.kg sayti vakillari Qirg‘izistonda o‘zlarining axborot tarqatish huquqi buzilayotganidan shikoyat qilayaptilar. Qozog‘istonlik jihodchi bolalar haqidagi materiali tufayli ham qozoq, ham qirg‘iz rasmiylari bosimiga uchragan Kloop.kg vakillari endilikda saytni xorijiy serverlarga ko‘chirish taraddudiga tushdilar.

Kloop.kg muassisi Bektur Iskenderning Ozodlikka aytishicha, sayt xodimlari va ikki mamlakat rasmiylari o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchilikka 24 noyabr kuni nashr etilmish “Islomiy davlat” videosi: Qozog‘istonlik bolalar kofirlarni o‘ldirish bilan tahdid qilmoqda” sarlavhali maqola sabab bo‘lgan.

Kloop.kg sayti muassisi Bektur Iskender.
Kloop.kg sayti muassisi Bektur Iskender.

- Bu ichida turli tomonlar, shu jumladan, Qozog‘iston maxsus xizmatlaridan olingan sharhlar bo‘lgan yangilik edi. Ammo bu yangilikning ichiga biz jihodchi bolalar haqida Britaniyaning “Daily Mail” gazetasi tayyorlagan videolavhani ham qo‘shib qo‘ygandik. Bu videoda “Islomiy davlat” media-markazi “Al-Hayat” tasvir olgan kadrlardan foydalanilgan. Material nashr etilganidan keyin avvaliga Qozog‘iston rasmiylari bizdan uni saytdan olib tashlashni so‘rashdi. Biz rad javobini berdik. Chunki biz bunday hodisalar yuz berayotgan paytda ular haqida gapirish muhim va bu terrorchilikka qarshi kurashning eng samarali yo‘li, deb hisoblaymiz. Ammo Qozog‘iston rasmiylarining siyosati boshqachaga o‘xshaydi. Aftidan, ular muammo bilan kurashishning eng yaxshi yo‘li og‘iz ochmay, jim o‘tirish, deb o‘ylashsa kerak. Shu tufayli saytimizga Qozog‘istonda to‘siq qo‘yildi. Oradan ko‘p o‘tmay bu masala Qirg‘iziston rasmiylarini ham bezovta qila boshladi, - deydi Bektur Iskender.

Kloop.kg muassisiga ko‘ra, dekabr oyi boshlarida Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi yuqorida zikr etilgan maqolani ekstremistik xarakterda, deb topib, bu boradagi materiallarni respublika Bosh prokuraturasiga yo‘llagan. Qirg‘iziston Davlat aloqa agentligi esa Bosh prokuratura talabiga ko‘ra mamlakatdagi provayderlarga mazkur maqolaga to‘siq qo‘yish haqida ko‘rsatma yuborgan.

Qirg‘izistondagi provayderlar Davlat aloqa agentligiga saytdagi alohida materialga to‘siq qo‘yish uchun o‘zlarida texnik imkoniyat yo‘qligini ro‘kach qilib, buni faqat saytni butunlay to‘sib qo‘yish bilan amalga oshirish mumkinligini bildirishgan va hatto ayrim provayderlar shunday qilganlar ham.

Kloop.kg saytiga xosting xizmatini ko‘rsatuvchi “ProHost” shirkati esa 15 dekabr kuni sayt xodimlarini ularning serverlari o‘chirilishi mumkinligidan ogohlantirgan. Bektur Iskenderning aytishicha, bu anglashilmovchilik “ProHost” shirkati xodimlarining Davlat aloqa agentligi ko‘rsatmasini noto‘g‘ri tushungani tufayli sodir bo‘lgan.

- Aftidan, ular ko‘rsatmani noto‘g‘ri tushunganlar, chunki ular avval-boshdan kimdir bizning serverlarni musodara qiladi, deb qo‘rqqan ekanlar. Shuning uchun biz har ehtimolga qarshi saytimizni o‘chirib, xorijiy serverga ko‘chib o‘tishga qaror qilgandik. Ammo kechqurun shirkatdan telefon qilishib, Davlat aloqa agentligi ko‘rsatmasini boshqacha tushunganlarini aytishdi, - der ekan Bektur Iskender bu voqea jurnalistlarni xushyor torttirganini, bundan buyon shu kabi muammolarga duch kelmaslik uchun tahririyat saytni xorijiy xostingga ko‘chirish bo‘yicha qat‘iy qarorga kelganini qo‘shimcha qildi.

Ayni paytda Kloop.kg muassisi bu mojaroga qo‘l siltab, qirg‘iz rasmiylari harakatini javobsiz qoldirish niyatida emas. Bektur Iskender muxbiringizga bu voqea yuzasidan Qirg‘iziston Davlat aloqa agentligi bilan ham, provayderlar bilan ham, Bosh prokuratura bilan ham sudlashmoqchi ekanini ma‘lum qildi.

- Biz provayderlar yozuvlarimizga to‘siq qo‘yish orqali bizning axborot tarqatish huquqimizni buzayapti, degan fikrdamiz. Biz Davlat aloqa agentligi ko‘rsatmasini noqonuniy, deb hisoblaymiz. Biz hozir provayderlar bilan ham, Davlat aloqa agentligi bilan ham va agar bizga Qirg‘iziston qonunlarini buzgandek ko‘rinsa, Bosh prokuratura bilan ham sudlashish haqida jiddiy bosh qotirmoqdamiz.

Kloop.kg sayti “Kloop Media” jamoatchilik jamg‘armasi loyihasi bo‘lib, u 2007 yildan buyon faoliyat yuritib keladi. Asosan rus va qirg‘iz tillarida faoliyat yurituvchi saytda vaqti-vaqti bilan o‘zbek va ingliz tillarida ham maqolalar chop etib turiladi.

XS
SM
MD
LG