Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:52

O‘sh aeroportidagi qurolli bosqinda bir kishi o‘g‘irlandi​


27 dekabr kuni O‘sh xalqaro aeroportida “spetsnaz” yozuvi bor qora kiyimli qurollangan besh kishi Urumchiga uchib ketish oldidan yuklarini topshirayotgan odamlarni kaltaklab, ulardan birini o‘g‘irlab ketishdi. Ayni paytda mahalliy militsiya bu ish bo‘yicha tergov ishlarini olib bormoqda.

O‘shda odam o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq voqea shanba kuni ertalabki soat 10 larda aeroportning VIP zali yonidagi tijorat xonasida sodir bo‘lgan. O‘sh-Urumchi yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lovchilar yuklarini tekshirtirib, topshirayotgan paytda u yerga notanish besh kimsa kirib kelgan. Ulardan to‘rttasi orqasiga “spetsnaz” deb yozilgan kiyimda bo‘lgan. Ular xonadagilarga Kalashnikov avtomati va to‘pponcha o‘qtalib, xaltalardagi pul va bir odamni o‘g‘irlab ketishgan.

Guvohlarga ko‘ra, aeroportdan chiqqanlaridan so‘ng ular Toyota Estima rusumli avtomashinada ko‘zdan g‘oyib bo‘lishgan.

O‘sh viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Jenish Ashirbayev voqea yuzasidan quyidagilarni aytdi:

- Qurolli odamlar u yerga: “Maxsus amaliyot o‘tkazayapmiz”, deb kirishgan. Qo‘lidagi avtomatlarini o‘sha yerdagi tadbirkorlarga o‘qtalib, “yotlaring” deyishgan. Tahdid bilan to‘rt-besh xalta pul va pul egalaridan birini garovga olishib, noma‘lum tomonga qochib ketishgan. Dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, jinoyatga aloqador odamlar Toyota Estima rusumli mashinada bo‘lishgan. Hozir jinoyatchilarni tutish harakatlari amalga oshirilayapti, - dedi Jenish Ashirbayev.

Militsiya xodimlari mazkur avtomashinaning raqami D 0118 ekanini, ammo bu raqam soxta bo‘lishi mumkinligini aytib, mashinani ko‘rganlardan militsiyaga xabar berib qo‘yishni so‘ranayapti.

O‘sh xalqaro aeroporti.
O‘sh xalqaro aeroporti.

Tartib posbonlari voqeaga oydinlik kiritish uchun guvohlardan ko‘rsatma olayapti. Ashirbayevga ko‘ra, voqea chog‘ida hech kim jabrlanmagan. Ayni paytda aeroportda o‘g‘irlangan pul miqdori, uning muhtamal egasi kimligi hamda bosqinchilarni tutish bo‘yicha tezkor harakatlar amalga oshirilmoqda.

- Tadbirkorlar orasida turli millat vakillari bor. Bu qirg‘izistonlik tadbirkorlarning Urumchilar mol olib keladigan puli ekan. Ular pulni to‘plab, bir tadbirkorga berib, deklaratsiyadan o‘tkazayotgan paytda shu voqea sodir bo‘libdi. Tergov manfaatlaridan kelib chiqqan holda hozir tadbirkorlarning ham, firmalarning ham nomini aytolmaymiz. Shu bilan birga, O‘sh xalqaro aeroportida ishlaydigan militsiya xodimlarining xatti-harakatlariga ham baho berish bo‘yicha ichki tekshiruv o‘tkazilayapti, - dedi Jenish Ashirbayev.

Aeroport rahbariyati va militsiyasi voqea yuzasidan hali izoh berganicha yo‘q. Ma‘lumotlarga ko‘ra, aeroport VIP zalining ikkala tomonida ham militsiya bo‘limlari bor.

VIP zali oldidagi tijorat xonasida sodir bo‘lgan voqea aeroport ishini izdan chiqardi, deyish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bu yerda qatnovlar odatdagidek amalga oshirilmoqda. Ismi oshkor etilmasligini istagan aeroport xodimlaridan biri Ozodlikning qirg‘iz xizmatiga bu yerda bosqin bo‘lganidan yo‘lovchilarning ko‘pchiligi xabar ham topmaganini aytgan.

- Bir-ikki kishi baqir-chaqir qilganini eshitdik. “Nima gap ekan?” desak, “Pul o‘g‘irlab ketishibdi, ular spetsnaz ekan”, deyishdi. Biz ularni ko‘rganimiz ham yo‘q. Yo‘lovchilar hech narsani bilmay ham qolishdi. Qiy-chuv bo‘lgani yo‘q. Ular VIP zali oldidagi bir xonada qilg‘iliqni qilib, keyin qochib ketishibdi. Ular ichkariga “maxsus xizmatdanmiz” deb, hujjatlarini ko‘rsatib kirishgan. Postda turganlar shuning uchun ularni ichkariga qo‘yvorishgan ekan, - dedi aeroport xodimi.

Ozodlikka yetib kelgan ma‘lumotlarga ko‘ra, o‘g‘irlangan xaltalarda kamida 3-4 million dollar bo‘lgan. Biroq bu ma‘lumot hali mahalliy militsiya tomonidan tasdiqlanganicha yo‘q.

O‘sh aeroportida o‘tgan yilning noyabr oyida ham yirik miqdorda pul o‘g‘irlangandi. O‘shanda to‘rt nafar qurolli shaxs bir tadbirkorning 4,5 million dollar solingan ikki sumkasini o‘g‘irlab ketgandi. Ko‘p o‘tmay talonchilardan biri qo‘lga olinib, undan ichida 1 million 100 ming dollar bo‘lgan sumka musodara etilgandi.

XS
SM
MD
LG