Линклар

Шошилинч хабар
24 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:23

O‘zbekistonda qayta saylov o‘tkazildi​


4 yanvar kuni O‘zbekistondagi 22 ta saylov okrugida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga qayta saylov bo‘lib o‘tdi. Unda har bir saylov okrugidan saylovda ishtirok etgan ikki nomzoddan qay biri, foizidan qat‘iy nazar, eng ko‘p ovoz jamg‘arsa, o‘sha deputat bo‘ladi.

2014 yilning 21 dekabr kuni parlament quyi palatasiga bo‘lib o‘tgan saylovda 135 saylov okrugidan 22 tasida nomzodlarning hech qaysisi deputatlik mandatini olish uchun yetarli ovoz jamg‘arolmagan. Shu sababli Markaziy saylov komissiyasi bu okruglarda 4 yanvar kuni qayta saylov o‘tkazish haqida qaror qabul qilgan.

Qayta saylov Qoraqalpog‘iston Respublikasi (3-Ellikqal‘a saylov okrugi), Andijon (10-Oltinko‘l saylov okrugi), Buxoro (23-Shohrud saylov okrugi), Jizzax (30-Do‘stlik saylov okrugi), Navoiy (34-Navoiy saylov okrugi), Samarqand (52-Bulung‘ur saylov okrugi), Sirdaryo (67-Oqoltin saylov okrugi), Xorazm (106-Bog‘ot saylov okrugi), Qashqadaryo (115-Nishon saylov okrugi) viloyatlari va poytaxt Toshkentda (124-Oqtepa saylov okrugi) bittadan okrugda, Namangan (45-Uychi va 48-Chust saylov okruglari) va Toshkent (78-Bekobod va 89-Do‘stobod saylov okruglari) viloyatlarida ikkitadan okrugda, Farg‘ona viloyatida uchta (91-Dang‘ara, 95-Rishton va 98-Marg‘ilon) okrugda, Surxondaryo viloyatida esa beshta (70-Termiz, 71-Jarqo‘rg‘on, 72-Qumqo‘rg‘on, 73-Sho‘rchi, 74-Denov) okrugda o‘tkazildi.

Mahalliy qonunchilikka ko‘ra, bu okruglarda saylovchilar 21 dekabr kungi saylovda eng ko‘p ovoz yiqqan ikki nomzoddan biriga ovoz berishlari mumkin va unda eng ko‘p ovoz jamg‘argan nomzod deputatlik mandatiga ega bo‘ladi.

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmatining ma‘lum qilishicha, yakshanba kuni Toshkent vaqti bilan soat 12.00 gacha takroriy ovoz berilgan 1472 saylov uchastkasida saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 3434345 fuqarodan 1840471 saylovchi yoki 53,6 foizi ishtirok etgan.

Bu galgi saylovda ham prezident Islom Karimov siyosatini qo‘llab-quvvatlovchi to‘rt siyosiy partiyadan nomzodlar ishtirok etdi. 21 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida muxolifatdagi “Erk” va “Birlik” partiyalari hamda “Birdamlik” harakati vakillari qatnashmagan.

Ikki hafta muqaddam O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarini kuzatgan YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi matbuot kotibi Tomas Rimer saylovlarni "risoladagidek tashkil qilingan, ammo asl raqobat va ochiq muloqot ruhi yetishmadi", deb baholagandi. Missiya matbuot kotibi Tomas Rimerning Ozodlikka aytishicha, zohiran yaxshi tashkil qilingan saylovlar mohiyatan demokratik tamoyillarga mos o‘tkazilmagan.

XS
SM
MD
LG