Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:05

Qamoqda qolayotgan Azimjon Asqarov hukumatni xatosini tan olishga chaqirdi


Umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan qirg‘izistonlik huquq faoli Azimjon Asqarov jamoatchilikka yana bir murojaatnoma yo‘llab, mamlakat rasmiylarini 2010 yildagi qonli iyun voqealari bo‘yicha xatolarini tan olishga chaqirdi. Faolning rafiqasi Hadicha opaga ko‘ra, 4,5 yildan beri qamoqda qolayotgan Asqarov o‘zining nohaq qamalgani isbotlanib, ozod etilishidan umidini uzmagan.

O‘tgan oy boshlarida Bishkekdagi 47-koloniyada saqlanayotgan turmush o‘rtog‘i Azimjon Asqarovning ziyoratiga borgan Hadicha opa u yerda bir oycha qolib ketganini aytadi. Bunga payg‘ambar yoshidan oshgan Azimjon akaning surunkasiga bir necha hafta xastalangani sabab bo‘lgan.

- Men kechagina Bishkekda bir oy turib keldim. Azimjon akangiz bilan uchrashuvga borgandim, toblari bo‘lmay, isitma kirib, bir oycha og‘ridi. U yerdagilar ukollar qilib, kapelnitsalar qilishibdi. Kelishimda yana bir kirgandim, sal o‘ziga kelib qolgan ekan, - deydi Hadicha opa.

Suhbatdoshimizning aytishicha, qamoqdagi huquq faoli Hadicha opa bilan so‘nggi uchrashuvda unga jamoatchilikka yetkazishni so‘rab, ochiq xat bergan.

Bu xatda Azimjon Asqarov 2010 yil iyunidagi millatlararo nizo rasmiylarning layoqatsizligi tufayli sodir bo‘ldi, degan fikrni ilgari suradi. “Men va boshqa ko‘plab o‘zbeklar uzoq zamonlardan beri qamoqda nima uchun o‘tiribmiz, nima uchun rasmiylar iyunь voqealari bo‘yicha o‘z xatolarini tan olishni istamayapti?”, deb yozadi Azimjon Asqarov o‘z xatida.

Eslatib o‘tamiz, jalolobodlik huquq faoli Azimjon Asqarov Qirg‘izistondagi 2010 yilgi voqealarda militsiya xodimini o‘ldirganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. Bu ayblov tuhmat ekanini so‘nggi xatida yana bir bor takrorlagan huquq faoli o‘zining haqligini isbotlash uchun “yolg‘on detektori”da sinovdan o‘tishga ham tayyor ekanini ta‘kidlagan. Turmush o‘rtog‘ining haqligiga ishongan Hadicha opa o‘zi ham bunaqa sinovga hozirligi aytadi.

- Kundan-kun, oydan-oy, yildan-yil o‘tib, mana besh yilgacha vaqt o‘tayapti. Ammo kechagiday hamma narsa esimda. Masalan, Azimjon akangiz u yerda (militsiya xodimi o‘ldirilgan joyda demoqchi – tahr.) bo‘lgan ham emas, unaqa ishlarga aralashgan ham emas. Men hech qayoqqa ketgan emasdim, uyda qolgandim. Ikkalamiz birga edik. Kerak bo‘lsa, odamlar o‘sha militsiya o‘lgan paytda “o‘lib qolibdi, chaqirib bering” deganda, o‘zim uyg‘otib berganman uni. Agar o‘sha “detektor lji”si haqiqatni ayta oladigan bo‘lsa, men ham o‘tirishga tayyorman, - deydi Hadicha Asqarova.

Hadicha opaning aytishicha, Azimjon Asqarovni ozod qilish bo‘yicha xalqaro jamoatchilik tinimsiz harakat qilayotganiga qaramay, qirg‘iz rasmiylari bu chaqiriqlarga nisbatan hech bir sas-sado chiqarmayapti. Ammo bu sassizlik Azimjon akani tushkunlikka tushirgani yo‘q. Hadicha opa turmush o‘rtog‘ining ruhi doim tetik qolishiga dunyoning turli joylaridan, ayniqsa yosh bolalardan kelayotgan tasalli xatlari, rasmlar va otkritkalar ham sabab bo‘layotganini qo‘shimcha qildi.

- Shvetsiya, Shveytsariya, Norvegiya, Niderlandiya, Angliya – hamma yerdan, chet o‘lkalardan yosh bolalar ham, kattalar ham xat yozayapti. “Siz sabr qiling. Xudo xohlasa, siz ozod bo‘lasiz, biz siz bilanmiz. Siz bizning xayollarimizda, o‘ylarimizdasiz” degan xatlar rosa ko‘plab kelyapti. 500, hatto 1000 tadan ham oshadi u xatlar. Men tez-tez to‘plab, uyga olib kelaman har borganimda u xatlarni, - deydi Hadicha Asqarova.

Qamalganiga qariyb 4,5 yil bo‘lgan Azimjon Asqarov o‘tgan vaqt mobaynida Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi, Chexiyaning Falokatdagi odamlar nohukumat tashkiloti, Martin Ennals jamg‘armasi va boshqa shu kabi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan taqdirlangan.

Eslatib o‘tamiz, 2010 yil iyun voqealari ortidan Qirg‘izistonda 545 kishi jinoiy javobgarlikka tortilgan. Azimjon Asqarov doxil bu mahkumlardan 400 nafari o‘zbek, 133 nafari qirg‘iz, 8 nafari boshqa millat vakillaridir.

Mazkur etnik zo‘ravonliklarda 500 ga yaqin odam halok bo‘lgan. Bu maqtullarning ham aksariyatini o‘zbeklar tashkil etgan.

XS
SM
MD
LG