Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:16

Oilaga yaqin o‘zbekistonlik tadbirkor Dubayda garov puli evaziga ozod qilindi​


O‘zbekistonlik tadbirkor Aleksey Yaitskiy.
O‘zbekistonlik tadbirkor Aleksey Yaitskiy.

Ozodlik radiosiga bugun ma‘lum bo‘lishicha, Dubay qamoqxonasida ustidan o‘tkaziladigan sudni kutayotgan o‘zbekistonlik tadbirkor, Silk Road Cargo Bussiness shirkatining Dubaydagi vakili, United Arab EmiratesAviation & Aerospace transport shirkatining bosh direktori, Oilaga yaqin 58 yoshli Aleksey Yaitskiy garov puli evaziga ozod qilingan. Garov sifatida to‘langan pulning miqdori ma‘lum emas.

Ozodlikning ishonchli manbalariga ko‘ra, Aleksey Yaitskiy 2014 yil dekabri oxirida ozod qilingan.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha Aleksey Yaitskiy shaharni (Dubay) tark etmaslik haqida tilxat imzolagan.

“O‘zbekistondagi "o‘ta yuqori lavozimli hukumat mulozimlari va kriminal avtoritetlar Aleksey Yaitskiyni garov puli evaziga ozodlikka chiqarishga muvaffaq bo‘ldi ", dedi manba.

Ayni manba o‘tgan yil noyabri oxirida Ozodlik bilan suhbat asnosida “Aleksey Yaitskiyni garov puli evaziga ozodlikka chiqarishga jiddiy urinish bo‘layotganligini” bildirgan edi.

Ozodlikning bir-biridan mustaqil ikki manbasiga ko‘ra, Aleksey Yaitskiy pora berishda gumon qilinib, 2014 yil oktabrida Birlashgan Arab Amirliklarida hibsga olingan edi.

Ozodlikning Silk Road Cargo shirkatiga yaqin manbalari Aleksey Yaitskiyni ozod qilish, uy qamog‘iga o‘tkazish va unga qo‘yilgan ayblovni O‘zbekiston milliy qonunchiligi asosida O‘zbekistonda ko‘rib chiqish to‘g‘risida ilgari surilgan takliflar BAA ma‘murlari tarafidan rad qilinganini ham aytishgan edi.

Kelishuv samarasi ?

O‘tgan yilning noyabrida O‘zbekiston Adliya vaziri Ne‘matilla Yo‘ldoshev Birlashgan Arab Amirliklarida bu mamlakat Adliya vaziri bilan uchrashgan va bir nechta kelishuvni imzolagan edi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan matbuot xabarnomasida ta‘kidlanishicha¸ tashrif mobaynida BAA va O‘zbekiston o‘rtasida sudlararo va huquqiy hamkorlik bo‘yicha uchta kelishuv imzolangan.

Bu haqdagi Ozodlik yozgan maqolada mutaxassislar mana bu fikrni bildirgan edi:

“Bu imzolangan kelishuv BAA da qo‘lga olinib, qamoqda yotgan ba‘zi O‘zbekiston fuqarolari uchun jazodan qutulish mujdasi bo‘lishi mumkin.”¸ deb fikr bildirgan edi Ozodlik ekspertlari.

Aleksey Yaitskiyning ozod bo‘lishi BAA va O‘zbekiston o‘rtasida sudlararo va huquqiy hamkorlik bo‘yicha kelishuv samarasimi?

Bu savolga "Ha", deb javob berish uchun bizda aniq dalillar yo‘q.

Ozodlik manbalari iddaosiga ko‘ra, Yaitskiy BAA qonunlarida ko‘zda tutilgan “garov evaziga qamoqdan ozod qilish” protsedurasi doirasida sudgacha qamoqdan ozod qilingan.

Ayni paytda Aleksey Yaitskiyning hibsdan garov puli evaziga ozod qilingani u rahbarlik qiladigan shirkatlar va uning yaqinlari tarafidan sir tutilmoqda.

Ozodlik manbalaridan biriga ko‘ra, Aleksey Yaitskiy bilan bog‘liq jarayonni Dubaydagi yuqori martabali shayxlardan biri shaxsan nazorat qilmoqda.

Ma‘lum sabablarga ko‘ra shaxslari ochiqlanmasligi sharti bilan Ozodlik muxbiri bilan suhbatda bo‘lganlar, ayni paytda Yaitskiy Dubayda sudni kutayotganini ta‘kidlashdi.

Dubay sudi o‘zbekistonlik tadbirkor ishi yuzasidan qaror qabul qilishi kutilmoqda.

Korruptsiya iddaolari?

Yaitskiy bilan bog‘liq vaziyatni yaqindan biladigan Ozodlik manbasining iddao qilishicha, u (Yaitskiy) Dubaydagi yuqori martabali shaxsga 100 ming AQSh dollari miqdorida pora berishga urinayotgan paytda qo‘lga olingan. Unga nisbatan mansabdor shaxsni sotib olishga uringanlik va korruptsion sxemalar bo‘yicha biznes yuritganlik ayblovlari ilgari surilmoqda.

Yana bir manba esa, Aleksey Yaitskiy Dubayning mulozim shayxlaridan biriga 70 ming AQSh dollari miqdorida pora taklif qilib, transport biznesiga oid muammoni hal qilib berishni so‘ragan, deya iddao qildi. Manbaga ko‘ra, shayx pulni rad qilib, Yaitskiyni politsiyaga topshirgan.

Xorijiy investitsiyalar bilan shug‘ullanadigan o‘zbek mulozimi, Ozodlik muxbiri bilan o‘zaro suhbatda, Aleksey Yaitskiyning Dubayda hibsga olinganidan xabari borligini aytar ekan, "BAA tergov idoralari o‘zbekistonlik tadbirkordan uning Dubaydagi bank hisobidagi 10 million AQSh dollariga teng mablag‘ning qayerdan olinganini izohlab berishni talab qilmoqda. Yaitskiy hozircha bu mablag‘ning legal manbalariga oid ma‘lumot taqdim eta olmagan" dedi.

Ozodlik muxbiri o‘zbekistonlik tadbirkorning hibsga olinishi sabablariga oydinlik kiritish maqsadida Dubay Bosh prokuraturasi bilan bog‘landi. Prokuratura mulozimi tergov manfaatlari ro‘kach qilib, tergovdagi ishlar bilan bog‘liq tafsilotlar matbuotga ochiqlanmasligini bildirish bilan cheklandi.

Boshqa bir ishonchli ma‘lumotga ko‘ra, Yaitskiy 2014 yil boshida oilasini Dubaydan Londonga ko‘chirgan. O‘tgan yil sentyabrida Yaitskiyning farzandi Londondagi maktabga borgan.

Yaitskiy kim?

Qarorgohi Parijda joylashgan "Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi" rahbari Nadejda Atayevaning iddao qilishicha, Aleksey Yaitskiy O‘zbekistondagi o‘ta qudratli shaxslar nazoratidagi transport-logistika kompaniyasi manfaatlarini himoya qiluvchi Dubaydagi lobbichisi bo‘lib kelgan.

Ayni paytda Aleksey Yaitskiyning o‘zi ham O‘zbekistondagi qudratli shaxslar davrasiga kirishi aytilmoqda. Ozodlikka yetib kelggan fotosuratlarda Yaitskiy, WikiLeaks saytida "mafiya bossi" sifatida tilga olingan Salim Abduvaliyev bilan maroqli vaqt o‘tkazayotgani aks etgan.

Boshqa bir fotosuratda Aleksey Yaitskiyning O‘zbekiston havo yo‘llari shirkatining sobiq raisi “Boing” samolyotlarini sotib olishda, korruptsion sxemalardan foydalanganlikda ayblanib qamalib, pirovardida 2008 yilda olamdan o‘tgan Arslon Ro‘zmetov bilan yelkama-elka turgani aks etgan.

Sovet davrida fuqaro aviatsiyasi tizimida ishlagan Aleksey Yaitskiy mustaqillik yillarida O‘zbekiston havo yo‘llari milliy aviashirkatining xalqaro vakolatxonalari bo‘yicha bosh direktori o‘rinbosari lavozimida ishlagan, milliy aviakompaniyadagi Ozodlik manbasining aytishicha, "shef Arslon Ruzmetovdan keyin ikkinchi shaxs hisoblangan".

Yaitskiyni shaxsan tanishini aytgan Ozodlik manbasi, 1995 yil AQShdan sotib olingan “Boing” uchqichlarini mamlakatga keltirish jarayonining asosiy ishtirokchisi bo‘lganini ta‘kidladi.

​"U asosan Nyu-Yorkda ishlar edi va turli davlatlardagi vakolatxonalar bo‘yicha boshliq edi. O‘zbekistonga "Boing"larni ham u olib kelgan. Arslon Gaipovich (Ro‘zmetov-tahr.) qamalgan paytda, uning atrofidagi juda ko‘pchilikni ham "yopib qo‘yishgan" edi. Lekin Aleksey (Yaitskiy-tahr.) qutulib qolgan edi. O‘shanda hamma orqasida odamlari kuchli ekan, deb xayron qolgan edi", deydi Ozodlik manbasi.

Ayni manbalar O‘zbekistonlik tadbirkor Aleksey Yaitskiyning garov puli evaziga ozod qilnishi ham qudratli akaxonlar hizmati ekanligini ta‘kidlashmoqda.

XS
SM
MD
LG