Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:58

Kasod bo‘lgan jamoat transporti, otliqqa topilmayotgan ko‘mir va hamisha optimist Mirjalol Qosimov


Mirjalol Qosimov O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo kubogiga yaxshi tayyorgarlik ko‘rganini aytdi.
Mirjalol Qosimov O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo kubogiga yaxshi tayyorgarlik ko‘rganini aytdi.

Qashqadaryoda yuqori martabali moliya amaldori poraxo‘rlik uchun qamaldi. Farg‘onada ko‘mir bahosi 750-800 ming so‘mga chiqdi. Mirjalol Qosimov milliy terma jamoa Osiyo kubogiga puxta tayyorlanganini aytdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

“O‘zbekiston Prezidentining davlat maslahatchisi parlament deputati bo‘ldi”

Nurdinjon Ismoilov O‘zbekiston xalq demokratik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylandi (“O‘zbekiston ovozi”, 8 yanvar).

N.Ismoilov 2012 yildan buyon O‘zbekiston Prezidentining parlament masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi lavozimida ishlab kelgan.

Avvalroq ayrim saytlarda Nurdinjon Ismoilov Oliy Majlis quyi palatasiga spiker bo‘lishi haqida taxminlar ilgari surilgandi.

O‘tgan chaqiriqda Qonunchilik palatasiga rahbarlik qilgan Dilorom Toshmuhamedovaning nomi yangi saylangan deputatlar orasida yo‘q.

“Namanganda jamoat transporti kasodga uchradi”

Namangan shahrida jamoat transporti kasodga uchrashi oqibatida odamlar ancha qimmat narxda xususiy tashuvchilar xizmatidan foydalanishga majbur bo‘lmoqda (“Noviy vek”, 8 yanvar).

2014 yilda Namanganda o‘tgan “Barkamol avlod” sport o‘yinlari kunlarida jamoat transporti muntazam qatnagan, musobaqalar yakunlangach, avtobuslar qatnovi butunlay to‘xtagan. Qayd etilishicha, “Namangan yo‘lovchi tashish” davlat korxonasi 11 milliard so‘mlik lizing qarzini to‘lolmasligi oqibatida bankrot deb e‘lon qilingan va korxonaning 300 nafar xodimi ishsiz qolgan.

Namangan shahar hokimligi huzuridagi jamoat transporti boshqarmasi bosh mutaxassisi Ulug‘bek Sulaymonovga ko‘ra, jamoat transporti hech qachon foyda keltirmagan va buning uchun shahar byudjetidan dotatsiya mablag‘i ajratilishi lozim.

Gazetaga ko‘ra, qimmat va xatarli sanalgan “Damas”lardan bezor bo‘lgan yo‘lovchilar avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilishini intiqlik bilan kutmoqda.

“Farg‘onada ko‘mir bahosi 750-800 ming so‘mga chiqdi”

Farg‘ona viloyatida 1 tonna ko‘mirning narxi 750-800 ming so‘mga chiqdi (“Darakchi”, 8 yanvar).

“Bitta oila qishni bemalol o‘tkazib olishi uchun hech bo‘lmaganda ikki tonna ko‘mir kerak bo‘ladi. Ikki tonna ko‘mir olishim uchun esa 1 mln 600 ming so‘m sarflashim kerak. Nafaqadagi odamlar uchun bu o‘ta qimmat narx emasmi?” deya rasmiylarni savolga tutadi farg‘onalik Valijon Mamajonov.

“O‘zbekko‘mir” aktsiyadorlik shirkatining Farg‘ona hududiy distribyutorlik markazi rahbari o‘rinbosari Anvar Ehsonov xususiy shaxobchalarda narx qimmatligi uchun ular javobgar emasligini aytgan.

Ayni paytda, distribyutorlik markazi O‘zbekiston ko‘mirini 125 ming 100 so‘m va Qozog‘iston ko‘mirini 300 ming so‘mdan sotayotganini ma‘lum qilgan.

“Qashqadaryoda yuqori martabali moliya amaldori poraxo‘rlik uchun qamaldi”

Qashqadaryo viloyati g‘aznachilik boshqarmasi boshlig‘i Ne‘matilla Chariyev poraxo‘rlik jinoyatida ayblandi (“Huquq”, 8 yanvar).

Qayd etilishicha, viloyat boshqarmasi rahbari joylardagi bo‘lim boshliqlaridan ishga tayinlashlash yoki boshqa ishga o‘tkazish evaziga pul talab qilgan. Masalan, Muborak tuman g‘aznachilik bo‘limi boshlig‘i Otabek Saparovni boshqa ishga o‘tkazish evaziga katta miqdorda pora olgan.

“Aslida uning faoliyatidagi xatti-harakatlarni “qing‘irlik” degan birgina so‘z yordamida ifodalash qiyin. Uning faoliyati asosida davlat mulkini talon-taroj qilish va fuqarolarni aldash, ularning haqiga xiyonat qilish kabi kechirib bo‘lmas jinoyatlar mavjud”, deb yozadi Qashqadaryo prokuraturasi rasmiysi Hamza Bobojonov.

Ma‘lum qilinishicha, N.Chariyev 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan va eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdorida jarimaga tortilgan. Sud uni 3 yilga mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan ham mahrum qilgan.

“Mirjalol Qosimov kelishilgan o‘yinlarni futbol rivojiga to‘siq deb atadi”

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov kelishilgan o‘yinlarni futbol rivojiga to‘siq deb atadi (“Oila davrasida”, 8 yanvar).

O‘zbekiston oliy va quyi ligalaridagi kelishilgan o‘yinlar ro‘y berayotgani haqidagi savolga murabbiy “Bunday holatni ko‘zim bilan ko‘rib, qo‘lim bilan ushlamaganman. Agar bu bor bo‘lsa, juda ham yomon”, deya javob bergan.

Avstraliyadagi boshlanayotgan Osiyo kubogi-2015 musobaqasi bo‘yicha gapirgan murabbiy jamoaning tayyorgarligidan qoniqish hosil qilgani va bu samara berashi lozimligini ishonch bilan ta‘kidlagan.

“Voyaga yetmaganlar dorisi reklamasi uchun maxsus ruxsatnoma olinadi”

O‘zbekistonda 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga mo‘ljallangan dori-darmon reklamasi uchun Sog‘liqni saqlash vazirligidan maxsus ruxsatnoma olish talab etiladi (“Adolat ko‘zgusi”, 8 yanvar).

Vazirlar Mahkamasi 2014 yil 15 dekabrda tasdiqlagan “Voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan dori vositalarini reklama qilishga ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda ana shu talab ilgari surilgan.

Vazirlikka ruxsatnoma olish uchun reklama beruvchi ariza va hujjatlar bilan murojaat qiladi. Reklama qilinayotgan har bir doriga alohida ruxsatnoma olinadi.

“Nurotadagi noyob alqorlar kamayib bormoqda”

Navoiy viloyati Nurota davlat qo‘riqxonasida noyob alqorlar kamayib bormoqda (“Hurriyat”, 7 yanvar).

Qo‘riqxona mutasaddilariga ko‘ra, 1996-97 yillarda 2 mingtacha alqor bo‘lgan, ammo o‘sha yil qish qattiq kelib, ularning 200 tachasi nobud bo‘lgan. Bunday ayanchli holat keyingi yillarda ham kuzatilgan. Bugungi kunda alqorlar soni 1500-1600 atrofida.

Nurota tog‘idagi alqorlar yovvoyi qo‘ylarning eng kenja turi bo‘lib, faqat O‘zbekistonda saqlab qolingan. Gazetaga ko‘ra, ushbu noyob jonivorlarni asrash nafaqat qo‘riqxona nozirlari, barchaning burchidir.

XS
SM
MD
LG