Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:17

O‘zbekiston hukumati tashqi savdoda "davlat siri" himoyasini kuchaytirdi​


O‘zbekiston hukumati tashqi savdo - valyuta operatsiyalari, eksport va importga oid operatsiyalarga mas‘ul tadbirkorlik sub‘ektlarini 3 yarim oy muqaddam ishga tushirilgan - Yagona davlat interaktiv portali orqali hujjat yuritish majburiyatidan soqit qildi. Iqtisodchilar taxminicha, gap "davlat siri" sirasiga kiritilgan davlat qarzi, harbiy va xavfsizlikka oid hamkorlik shartnomalaridan tashqari, aholi uchun sir qolayotgan paxta, tilla, gaz kabi milliy boyliklar savdosiga oid kelishuvlar haqida bormoqda.

12 yanvar kuni Norma.uz saytida e‘lon qilingan xabarga ko‘ra, bundan buyon tashqi valyuta operatsiyalar, davlatning tashqi qarzi, harbiy-texnikaviy va axborot xavfsizligiga oid shartnomalar, eksport va import ko‘lamiga oid hamkorlik shartnomalari O‘zbekistonda joriy etilgan Yagona davlat interaktiv portali orqali rasmiylashtirilmaydi.

Balki, avvalda bo‘lgani kabi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tegishli tashkilotlar, jumladan, bojxona va bankning o‘zida, qog‘ozda rasmiylashtirilaveradi.

Ammo, hujjatda umumiylashtirilgan holda "tashqi savdoga oid shartnomalardagi davlat siri", deyilarkan konkret qanday shartnomalar va qanday ma‘lumotlar haqida gap borayotgani aniqlashtirilmagan.

Toshkentlik iqtisodchi Toshbek bu borada faqat taxminni tilga olish mumkin deydi:

- Ya‘ni, O‘zbekistonda qonun bo‘yicha davlat siri, deb qayd etilgan axborot bilan ishlovchi barcha tadbirkorlik sub‘ektlari, masalan, davlat buyurtmalari asosida tovar oldi-sotdi qiladigan yoki harbiy texnika olib keladigan, yo axborot xavfsizligiga oid yuqori texnologiyalar bilan ishlaydigan, eksport va import bilan ishlaydigan tashkilotlar shartnomalarini oldin qanday rasmiylashtirgan bo‘lsa, bundan keyin ham shunday qog‘ozda rasmiylashtiradi, umumiy internet portaliga kiritmaydi, - deydi hukumat qaroriga munosabatini bildirgan o‘zbekistonlik iqtisodchi Toshbek.

Ma‘lumki, 2014 yilning 1 sentabridan tashqi savdo aloqalariga oid shartnomalarni Yagona davlat interaktiv portali orqali rasmiylashtirish tartibi joriy etilgan edi.

Bu tartib orqali O‘zbekistondagi davlat idoralarida jamlangan tom-tom qog‘ozlarga bitilayotgan axborotni virtual olamga ko‘chirish tashabbusi, iqtisodchilar fikricha, tadbirkorlar tomonidan ham yaxshi qabul qilinadigan tashabbus edi:

- Shartnoma va tovarlarini O‘zbekistonda rasmiylashtirish uchun tadbirkorlik sub‘ektlari yoki mas‘ul tashkilotlar bank yoki bojxonadagi janob X.ning qabuliga borishi, kutishi va keyin uzundan-uzoq qog‘ozbozlikdan o‘tishi kerak edi. Bu portalda esa tadbirkor interaktiv davlat xizmatidan foydalanishi mumkin - ya‘ni, hujjatlarini onlayn shaklda, o‘ziga qulay vaqtda tegishli tashkilotga yuboradi va ishini qilaveradi, - deydi, jumladan, toshkentlik iqtisodchi Toshbek.

Ammo, o‘zbekistonlik ayrim iqtisodchilar fikricha, 2014 yilning 1 sentabridan joriy etilgan majburiyat shu kunga qadar ham talab darajasida bajarilmayotgan edi.

Birinchidan, portal yangi va hali to‘liq ishga tushmagan. Ikkinchidan, 12 yanvar kuni e‘lon qilingan "davlat siri" ga oid qaror aslida davlat interaktiv xizmatini taklif qilayotgan portalga yig‘ilajak axborot xavfsizligiga oid xavotirdan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin:

- Ya‘ni, "davlat siri" deyilganda nima nazarda tutilgan, o‘sha siz aytgan paxta yoki gaz eksportiga oid ma‘lumotlarmi-boshqasimi, u yoki bu axborotning portaldagi himoyasi hali to‘la ta‘minlanmagan bo‘lishi mumkin. Misol uchun, haker hujumi nazarda tutilgan bo‘lishi ham mumkin. Lekin, hali portal to‘liq ishga tushgani yo‘q va unda yig‘iladigan ma‘lumotlar bazasining amalda qay ko‘rinishda bo‘lishi ham aniq emas, - deb hisoblaydi Toshbek.

Quyida Toshbek bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:

Тошкентлик иқтисодчи Тошбек Каримов билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:01 0:00
Бевосита линк
XS
SM
MD
LG