Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:28

Farg‘onada Gulnora Karimova nazorat qilishi iddao qilingan zavodlarning 60 mulozimi sudlandi​


Gulnora Karimova Farg‘ona zavodlaridagi noqonuniy ishlarga onasi Tatyana Karimovaning boshchilik qilganini iddao etgan.
Gulnora Karimova Farg‘ona zavodlaridagi noqonuniy ishlarga onasi Tatyana Karimovaning boshchilik qilganini iddao etgan.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi, Farg‘ona yog‘-moy zavodi, QuvasoySement va QuvasoyKvarts zavodlari rahbarlaridan oltmishga yaqin odamning mahkama jarayoni yakunlandi. Prezidentning qizi Gulnora Karimova nazorat qilishi iddao qilingan ushbu korxonalarda rahbar lavozimlarida ishlagan shasxlar bir qator moliyaviy jinoyatlardan ayblanib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilindi.

Ozodlikning Farg‘onadagi manbasiga ko‘ra, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi, Farg‘ona yog‘-moy zavodi, QuvasoySement va QuvasoyKvarts zavodlarida direktor, direktor o‘rinbosari, hisobchi va iqtisodchi lavozimida ishlagan oltmishga yaqin odam O‘zbekiston Jinoyat kodeksining bir qancha moddasi bilan aybdor deb topilgan.

Farg‘onadagi huquq-tartibot idoralaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining olti mansabdori va bir qancha moddiy-mas‘ul xodimlari tomonidan davlatga o‘nlab million AQSh dollari miqdorida zarar yetkazilgani mahkama jarayonida isbotini topgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi o‘tgan yilning kuzida e‘lon qilgan rasmiy ma‘lumotiga ko‘ra, prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova boshchiligidagi “uyushgan jinoiy guruh” tomonidan birgina Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining “40,1 milliard so‘mlik aktivlari talon-taroj qilingan va o‘zlashtirilgan”.

Farg‘onadagi zavodlar bilan bog‘liq sud tafsilotlaridan xabardor manbaga ko‘ra, mahkamaga tortilgan boshqa korxonalarning rahbar shaxslari ham moliyaviy firibgarliklar qilgani va qonunga xilof ravishda nazorat qilinmaydigan daromadga ega bo‘lishgani aniqlangan.

Ushbu zavodlarning mansabdorlarini hibsga olish jarayoni bundan bir yarim yilcha avval boshlangan edi.

Jumladan, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining bir necha amaldori huquq-tartibot organlari tomonidan 2013 yilning oktabr oyida qo‘lga olingan.

Mazkur zavodlar mulozimlari bilan bog‘liq mahkamadan xabardor yana bir manba iddaosiga ko‘ra, Farg‘onada bu qonunbuzarliklarga aloqasi bo‘lmagan begunoh shaxslar ham sudga tortilgan.

“Men bu ishni "o‘zbeklar ishi"ga o‘xshataman. Ushbu ish ichidagilar bilan suhbatlashdim. Ularning aytishicha, ular bu ishdagi kichik odamlar. Ularga "qo‘l qo‘y", deyishgan, ular qo‘yishgan. Bu ishlarni boshqarganlarning imzosi yo‘q, ular rasmiy ravishda korxonada ishlamaydi", deydi farg‘onalik manba.

Unga ko‘ra, ushbu zavodlardan birining rahbari besh yil muddatga qamoq jazosiga hukm qilingan.

Ozodlik tasarufidagi hujjatlarda O‘zbekistondagi boshqa yirik tashkilotlar singari Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi, Quvasoydagi Kvarts va Sement zavodlarini ham Gulnora Karimova nazorat qilgani iddao qilinadi.

Ayni paytda Gulnora Karimova Twitter sahifasi yopilishidan avval (2013 yilning noyabrida) e‘lon qilgan shov-shuvli ma‘lumotlar bitilgan maktubida Farg‘onadagi ushbu korxonalardagi noqonuniy ishlar onasi Tatyana Karimova "qanoti ostida xamirdan qil sug‘urgandek" amalga oshirilgani haqida yozgandi.

Gulnoraning ushbu maktubida Farg‘onadagi bir nechta zavoddagi mansabdor shaxslarni qamash jarayoni 2012 yilning boshida boshlangani va xolavachchasi Akbarali Abdullayevning qamalishi ushbu kampaniyaning "avj nuqtasi" bo‘lgani haqida yozilgan.

Farg‘ona vodiysidagi neft oldi-sotdisini nazorat qilib kelgani iddao qilinadigan Akbarali Abdullayev O‘zbekiston prezidentining rafiqasi Tatyana Karimovaning jiyanidir. U o‘tgan yilning 19 noyabr kuni Toshkentdagi mahkamaga keltirilgani haqida Ozodlik xabar bergan edi. Lekin uning keyingi taqdiri mavhum qolmoqda.

Ayni paytda Farg‘onadagi zavodlar mulozimlariga ochilgan jinoiy ish bilan bog‘liq holda Toshkentda Gulnora Karimovaning yaqinlari bo‘lgan Gayane Avakyan, Rustam Madumarov, Nurmuhammad Sodiqov va boshqalar doxil uyushgan guruh ustidan ochilgan jinoiy ish davom etmoqda.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga ko‘ra, Gulnora Karimova doxil jinoiy guruh“ tomonidan davlat aktivlarini sun‘iy pasaytirilgan narxlarda qo‘lga kiritish va boshqa usullar bilan “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKning 5,5 mlrd. so‘mlik, “Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan Ltd.” MChJ QK ning 11,9 mlrd. so‘mlik, shuningdek boshqa korxona va tashkilotlarning 102 mlrd so‘mlik aktivlari talon-taroj qilingan va o‘zlashtirilgan”.

Bosh prokuratura Farg‘ona zavodlaridagi noqonuniy ishlarni ham ushbu ishga qo‘shgani aytilgandi.

Hozircha Toshkentdagi ushbu jinoiy ish bo‘yicha tergov jarayoni yakunlangan yoki ish mahkamaga o‘tgani haqida Ozodlikda biror ma‘lumot yo‘q.

XS
SM
MD
LG