Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:26

Xorijdan jo‘natilgan posilkalar boji to‘lanmasa, musodara qilinadi


Xususiy pochta-kuryer xizmatlari orqali O‘zbekistonga jo‘natilgan va bir oydan oshiq vaqt davomida bojxona omborlarida ushlab turilgan posilkalarga 100 foizlik boj to‘lanmasa, tovarlar kimoshdi savdosiga qo‘yiladi. Bojxonachilarga ko‘ra, 6 fevraldan boshlab bojxona omborlaridagi posilkalarga penya ham solinadi. Dekabr oyi oxirida minglab o‘zbekistonlikning xorijdan jo‘natilgan posilkalari oldindan ogohlantirmasdan omborlarga qulflanib, yangi tartib joriy qilingan edi.

Ozodlik suhbatlashgan bojxona xodimlariga ko‘ra, 5 yanvardan joriy qilingan yangi tartib bois xorijdan jo‘natilib, bojxona omborlarida ushlab turilgan posilkalar faqat boj to‘lovi to‘lanmagan taqdirda davlat foydasiga musodara qilinishi mumkin:

“O‘sha paytda yangi tartibni yo‘lga qo‘yish uchun posilkalarni ushlab qolgandik. Allaqachon ularni olib chiqishga ruxsat berilgan. Lekin ko‘pchilik 100 foizlik boj to‘lovi qo‘yilgani uchun tovarlarini olib ketmayapti. Tovar egasi avval ogohlantiriladi. Berilgan muddat o‘tgach, tovarlarga penya belgilanishi mumkin. Keyin ish sudga oshirilib, sud qarori bilan tovarlar davlat foydasiga oshiriladi. Keyinchalik kimoshdi savdosida sotilishi mumkin”, dedi O‘zbekiston Davlat Bojxona qo‘mitasining ismini ochiqlamayotganimiz mutaxasisi.

O‘tgan yilning 25 dekabridan boshlab qariyb ikki hafta davomida xorijdan jo‘natilgan posilkalar egalariga berilmasdan, bojxona omborlarida ushlab qolindi.

Bojxona qo‘mitasi mutaxasisi omborlarda ushlab turilgan posilkalarning bir necha yuz tonna ekani va ular minglab o‘zbekistonlikka tegishli ekanini aytdi, biroq bu boradagi aniq ma‘lumotni ochiqlamadi.

Uzmetronom.com sayti xabariga ko‘ra, bojxona omborlarida ushlab turilgan posilka egalari Davlat Bojxona qo‘mitasi va Adliya vazirligiga shikoyat xati bilan murojaat qilgan.

Xat mualliflari yangi tartib borasida oldindan ogohlantirilmasdan posilkalar ushlab qolinganiga norozilik bildirib, hozirda posilkaning boj to‘loviga taxminan 130 foizlik haq talab qilinayotganidan shikoyat qilishgan:

“Bojxona xodimlari o‘zaro suhbatda tovarlarni tezroq olib chiqishni aytishdi. Aks holda 6 fevraldan boshlab, tovarlar saqlab turilgani uchun penya hisoblanar ekan. Biz hammamiz stress holatidamiz, 500 dollarlik tovarning boj to‘lovi 600-700 dollarga tushayapti” deyiladi posilka egalarining Uzmetronom.com saytida e‘lon qilingan maktubida.

Ozodlik suhbatlashgan bojxona mutaxasisi omborlarda ushlab turilgan posilkalar taqdirini hal qilishning uchta yo‘li borligi va tovar egalari ulardan birini tanlash imkoniga egaligini aytdi:

“Biz tovar darrov davlat foydasiga musodara qilinadi, demayapmiz. Uchta yo‘li bor: birinchisi, tovarning qonunda belgilangan 100 foizlik boj to‘lovini to‘lab, tovarni olish; Ikkinchisi, tovarni qayerdan jo‘natilgan bo‘lsa, o‘sha yerga qaytarish; Keyin davlat pochtasi orqali O‘zbekiston Pochtasiga jo‘natsa, boj to‘lovini to‘lamaydi. Eng oxirgisi, bu aytilgan ikkita variant ham tanlanmasa, belgilangan muddat o‘tgach, tovar davlat foydasiga musodara qilinadi”, dedi Bojxona qo‘mitasining ismini ochiqlamayotganimiz mutaxasisi.

O‘zbek bojgirlari xorijdan jo‘natilgan posilkalarning ushlab qolinishini O‘zbekiston Davlat Bojxona qo‘mitasi tomonidan joriy qilingan yangi tartib bilan izohlab kelishadi.

Bojxona qo‘mitasining 5 yanvar kungi buyrug‘i bilan mamlakatga xususiy pochta-kuryer xizmatlari orqali olib kelinayotgan mahsulotlarga tovar narxining 100 foizi miqdorida boj solig‘i joriy qilindi.

Endilikda 1000 AQSh dollarigacha bo‘lgan tovarlar faqatgina O‘zbekiston Pochtasi davlat shirkati orqali jo‘natilsagina, bojxona to‘lovidan ozod qilinadi.

O‘zbekiston hududiga xorijdan yuborilgan yoki Internet orqali sotib olingan tovarlarni tashib kelgan 24 ta xususiy pochta-kuryer shirkat Vazirlar Mahkamasiga shikoyat bilan murojaat qilib, Bojxona qo‘mitasining yangi tartibi monopoliyaga qarshi milliy qonunchilikni qo‘pol ravishda buzish ekanini ta‘kidlashdi.

O‘zbekistonga pochta-kuryerlik jo‘natmalari yuborish bilan shug‘ullanib kelgan ellikka yaqin xususiy shirkat kichik xizmat haqi evaziga¸ umumiy qiymati 1000 dollardan oshmagan mollarni bojxona solig‘isiz egasiga qisqa muddat ichida yetkazib berayotgan edi.

Endilikda bu imtiyozning faqat "O‘zbekiston Pochtasi"da qoldirilishi¸ 51 foiz aktsiyasi hukumatga qarashli bo‘lgan bu hissadorlik jamiyatini pochta xizmatidagi yagona monopolistga aylantiradi.

“O‘zbekiston Pochtasi” ochiq aksionerlik jamiyati aktsiyalarining 35 foizi 2007 yilda O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga aloqador Finex kompaniyasi tomonidan sotib olingan.

XS
SM
MD
LG