Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:38

Jizzaxda metallolom olib kelmagan o‘quvchilar darsga qo‘yilmayapti​


Jizzaxning Mirzacho‘l tumanidagi 14-maktabda metallolom Ota-onalar, hatto, quyi sinf o‘quvchilariga ham o‘ttiz kilolik bir martalik soliq solinganidan shikoyat qilmoqda. Rasmiylar maktabga metallolom solig‘i solinganini tasdiqlarkan, bu yig‘imda o‘quvchilar ishtirok etayotganini inkor qildi.

Mirzacho‘l tumani maktablarining o‘quvchilari gir aylanib metal qoldiqlarini izlamoqda.

Ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka xabar bergan ota-onalardan birining aytishicha, 14-maktabning 2-sinfida o‘qiydigan o‘g‘li metallolom normasini bajarmagani uchun darsga qo‘yilmagan:

"Metallolom degani juda ham jonga tegib ketdi. Nima qilaylik, bolalarni maktabdan chiqarib olaylikmikan? Qo‘ymayapti, tinchlik yo‘q. Birinchi sinfdan uchinchi sinfgacha 30 kilo, undan yuqori sinflarga 43 kilo norma qo‘ygan. Bir kilo kam bo‘lsa, topib kelasan deyapti. Meni bolamni ham qaytarib yuboribdi, darsdan. Menga kelib yig‘layapti yosh bolam. Sinf rahbariga borsam, direktor aytgan deydi. Direktorni esa maktabdan topib bo‘lmaydi”, deydi mirzacho‘llik ota.

Uning aytishicha, metallolom topishning imkoni bo‘lmagan bugungi sharoitda har yili bolalarga shunday soliq yuklanadi:

- Bizning qishloqda bir necha yillik axlatxona bor edi. Shuni bir hamqishlog‘imiz bir oycha oldin rasmiylashtirib oldi-da, buldozer solib, tekislay boshladi. Ishonasizmi, buldozerning ortidan o‘nlab bolalar yopirilib, eski temir-tersaklarni yig‘ishdi. Bu menga yerni shudgor qilayotgan traktorlarning ortidan yemish izlagan qushlar yopirilgandek bir manzarani eslatdi. Ustilari loy, kiyimlari rasvo bo‘lgan. Nima qilasizlar buni desam, yaqinda metallolom yig‘ish boshlanadi, o‘shanga tayyorlab qo‘yamiz, bo‘lmasa qayerdan topamiz, deb javob berishdi, - deydi suhbatdosh.

14-umumta‘lim maktabi direktori Bozorboy Rahmonov Ozodlik bilan suhbatda maktabga metallolom yig‘ish topshirig‘i xalq ta‘limi bo‘limi tomonidan berilganini tasdiqlar ekan, biroq bu kampaniyada o‘quvchilarning ishtirokini inkor qildi:

- Bu yil metallolomni o‘quvchilarga yuklaganimiz yo‘q. Bu yil OblONOning buyrug‘i bilan o‘qituvchilarning o‘ziga qo‘yganmiz. Men o‘zim direktor bo‘lib, uyimdan 22 kilo metal olib keldim. Hamma o‘qituvchilarga yuklaganmiz. O‘zi bizning normamiz 5 ming 200 kilogramm. Pulini berishadi. O‘tgan yili o‘qituvchilar xonasiga stul oldim. O‘tgan yillar, haqiqatan o‘quvchilar yiqqan edi, bu yil majlis qilib birorta o‘quvchiga buyurmaysan, deb aytdim, - dedi maktab direktori Bozorboy Rahmonov.

Mirzacho‘l tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Ashir Akbo‘tayev Ozodlik bilan suhbatda tumanga 550 tonna metallolom yig‘ib topshirish vazifasi qo‘yilganini aytar ekan, maktablar ham bu kampaniyaga jalb qilinganini tasdiqladi:

- Bu topshiriq o‘quvchilarga emas, xalq ta‘limi bo‘limiga berilgan, ular esa maktablar kollektivlariga bergan. Lekin o‘quvchilarni bu ishga jalb qilish holati bo‘lgani yo‘q. Metallolom yig‘ish bo‘yicha har yili prezidentimizning farmoni chiqadi. Buni yig‘ib Bekoboddagi kombinatga topshiramiz. Bu esa armatura bo‘lib, O‘zbekistondagi qurilishlarga qaytib keladi, - dedi Ashir Akbo‘tayev.

Metallolom pulini kim oladi?

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, qora metal chiqindilarini yig‘ib topshirish majburiyati korxona va tashkilotlar, sog‘liqni saqlash va xalq ta‘limi bo‘limlariga, shuningdek fermer xo‘jaliklari zimmasiga ham yuklatilgan.

Tumanlarda metallolom yig‘ish ishlarini hokimning kapital qurilish bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari nazorat qiladi.

Mirzacho‘l tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Ashir Akbo‘tayevga ko‘ra, o‘tgan yili topshirilgan har tonna metallolom uchun 189 ming so‘mdan pul olingan.

Hokim o‘rinbosari ta‘kidiga ko‘ra, metallolom pullari har bir tashkilotning hisob raqamiga tushirib beriladi.

O‘tgan yili ba‘zi tumanlarda ishchi xizmatchilardan metallolom o‘rniga naqd pul undirish holatlari ham kuzatildi.

Metallolom qayta ishlanish uchun Bekobod shahridagi metallurgiya kombinatiga yuboriladi. Bu ish bilan “Hududiy ikkilamchi qora metallar” ochiq aktsiyadorlik jamiyatlari shug‘ullanadi.

O‘zbekistonning deyarli har bir viloyatida shunday tashkilotlar bor.

Toshkent shahridagi “Hududiy ikkilamchi qora metallar” MChJning o‘zini tanishtirmagan mulozimi metallolom kategoriyasiga qarab, bir necha xil narxda sotib olinishini aytadi. Rasmiyga ko‘ra, boshlang‘ich narx tonnasiga 150 ming so‘mni tashkil etadi.

XS
SM
MD
LG