Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:31

Kasodga uchragan “uzbechka”ni O‘zbekistonda sotib olish imkoni kengaymoqda​


Toshkent avtosalonlari GM Uzbekistan korxonasining Rossiya bozorlarida o‘tmay qolgan ba‘zi avtomobillarini darhol xarid qilish imkonini taklif qilmoqda. “O‘zavtosanoat” kompaniyasiga ko‘ra, o‘tgan yili avtomobil eksporti 2013 yilgi ko‘rsatkichdan 39%ga kam bo‘lgan. Buning sabablari esa iqtisodiy inqirozga yuz tutgan Rossiya bozorida sotuvning kamayib ketganiga bog‘lanmoqda.

Ayni paytda GM Uzbekistan mahsuloti sotuvining mamlakat ichki bozorida kengayayotganidan darak beruvchi unsurlar paydo bo‘lmoqda.

GM Uzbekistan qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan avtomobillarni sotadigan Toshkentdagi salonlardan birining xodimi Ozodlik savollariga javob berar ekan,

“Oq rangdagi "Lasetti"ning 2-nchi pozitsiyasiga bugunoq shartnoma tuzib, pulini to‘lab kelib, olib chiqib ketsangiz bo‘laveradi. 18 ming 200 to‘laysiz, boshqa modellarni sotish tartibi avvalgiday”, dedi xodim.

Oq "Lasetti" bilan bog‘liq bu bemalolchilikni, avtosalon xodimi fikricha, Rossiya bozoridagi o‘zgarish bilan bog‘lash mutlaqo o‘rinsizdir.

“O‘zavtosanoat” kompaniyasining o‘zini tanishtirmagan xodimi Ozodlikning “Ichki bozorda GM Uzbekistan avtomobillari sotuvi kengaydimi?”, degan savoliga mana bunday javob berdi:

- Haqiqatan ham shunday. Avtosalonlarga murojaat qilsangiz, albatta, shartnomalar bo‘ladi. Lekin hozir qaysi avtosalonlarda shartnomalar qolgani to‘g‘risida ma‘lumot berolmayman. Bizda hozir Lasetti va Kobalt avtoulovlarining 1-, 2- pozitsiyalariga shartnomalar bor. Ammo aynan qaysi salonlarda bunday shartnomalar qolganini, yangilanib turadigan ma‘lumot bo‘lgani uchun ayta olmayman, dedi “O‘zavtosanoat” kompaniyasi xodimi.

Mavzuni o‘rganar ekanmiz, xaridorlarning ham fikrini o‘rganishga harakat qilib, Feysbukdagi “Voditeli Tashkenta” guruhiga “O‘zbekistonda mahalliy avtomobillarni sotib olish imkoniyati kengaydimi?” degan savol bilan murojaat qildik.

Savolga “Ha, shunday”, deb javob berganlar ham, “Bunday emas”, deganlar ham bo‘ldi.

O‘zini Doniyor Karimov, deb tanishtirgan mushtariy bunday yozdi: “Gap shundaki, modellarning ko‘pchiligi uchun shartnomani beshapka berishayapti, kutish muddati esa, har xil”.

Yana bir feysbukchi esa, bunday yozdi: “Bir yil oldin avtosalonda shartnoma ololmasam kerak, deb o‘ylagandim. Chunki odam o‘ldi bo‘layotgandi. Yo‘q, yaqinda borib, shartnomani oldim, pulini to‘ladim. Faqat shartnomada kutish muddati katta ko‘rsatilgan. Balki pul qilishar shundan? Masalan, men 10 oy kutishim kerak”.

Ozodlikning iltimosi bilan mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanov ham mavzuni yaqindan o‘rganmoqdaki, u o‘z kuzatishlari bilan bugungi OzodNazarda o‘rtoqlashadi.

“O‘zavtosanoat” kompaniyasi saytiga ko‘ra, GM Uzbekistan qo‘shma korxonasida 2014 yili 245,7 ming avtomobil ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu 2013 yilgi ko‘rsatkichdan 0,13 foizga kamdir.

Eksport hajmi esa, yuqorida aytilganiday, 2014 yili 2013 yilga qaraganda, 39 foizga qisqargan.

Ozodlik 19 yanvar kuni Rossiya matbuoti xabarlariga tayanib, 2014 yil dekabrida Rossiyada GM Uzbekistan ishlab chiqargan mashinalardan 2340 tagina sotilgan, 2013 yil dekabrida esa, 6196 ta sotilgani, ya‘ni 2 yilning bir xil oyida savdo hajmi qariyb uch barobarga qisqarib ketgani to‘g‘risida xabar qilgan edi.

2014 yilda GM Uzbekistan shirkatining Rossiyadagi ulushi 1,5 foizga qisqarib, eng ko‘p avtomobil sotayotgan 25 shirkat qatoriga kira olmadi.

27 yanvarda Ozodlik GM Uzbekistan Rossiyada sotiladigan avtomobillari narxini o‘ttiz foizgacha ko‘targani to‘g‘risida xabar qilgan edi. Shu paytgacha O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar Rossiya bozorida nisbatan arzon va haridorgir hisoblanib kelgan. Endilikda, Daewoo Gentra avtomobilining boshlang‘ich narxi 625 ming rubl, Matiz 396 ming rubl, Nexia 450 ming rublni tashkil etmoqda.

Eksportni diversifikatsiyalash maqsadida “O‘zavtosanoat” korxonalari mahsulotlari uchun yangi bozorlar izlash yuzasidan doimiy ish olib borilayotgani to‘g‘risida aytilgan kompaniya saytida.

XS
SM
MD
LG