Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:51

O‘quvchilar pichoqlab o‘ldirilgach, Toshkent hokimi vaziyatni nazoratiga oldi​


Toshkent hokimi poytaxtdagi Axborot texnologiyalari kasb-hunar kollejining ikki o‘quvchisi tengdoshlari tomonidan pichoqlab o‘ldirilgach, ta‘lim muassasalarida nazoratni kuchaytirish haqida qaror chiqardi. O‘quvchilarning sumkasiyu cho‘ntaklarini tekshirayotgan IIB xodimlari pichoq, kastet, bita, telefonlaridan esa pornografik videolarni topayotgani aytilmoqda.

Toshkent Axborot texnologiyalari kasb-hunar kollejining 28 yanvarь kuni pichoqlashgan bir necha o‘quvchisidan ikki nafari vafot etgani Ozodlikka 10 fevral kuni bir-biridan mustaqil bir necha manba tomonidan xabar qilindi.

Poytaxtning Yunusobod tumanidagi kollejlardan birida ishlaydigan manbaning aytishicha, tengdoshlari pichoqlab o‘ldirgan bolalar kollejning ikkinchi bosqichida tahsil olgan.

Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi Ishchilar shaharchasida istiqomat qiladigan yana bir mustaqil manbaning aytishicha, pichoqlangan bolalardan biri o‘sha kuni, yana biri esa hodisadan bir necha kun o‘tib shifoxonada o‘lgan.

Ulardan biri 19 yashar yunusobodlikdir.

"19 yashar, ikkinchi bosqichda o‘qigan bolani kollejda birga o‘qiydigan bolalar pichoqlab qo‘yishibdi. Yunusobodning 14 kvartalida yashagan, oddiygina oilaning bolasi. Lekin ism-familiyasi menga noma‘lum", deya xabar qildi yunusobodlik manba.

Uning aniqlashicha, bolani pichoqlagan tengdoshlari hibsga olingan va tergov-surishtiruv ishlari bormoqda. Shuningdek, kollejning bir necha mulozimi faoliyati huquq-tartibot idoralari tomonidan tekshirilayotgani iddao qilindi.

Bunga qadar ayni jinoyat haqida xabar yo‘llagan ilk manba ayni kollej o‘quvchilarining pichoqlashgani, bunga esa mobil telefon ustida qo‘zg‘algan janjal sabab bo‘lgani, natijada shahardagi barcha ta‘lim maskanlarida IIV xodimlari 7 fevralь kuni reyd o‘tkazgani haqida xabar qilgan edi.

Toshkentdagi qator kasb-hunar kollejlari ma‘muriyatidan 10 fevralь kuni olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, IIV va shahar hokimligi rasmiylaridan iborat komissiyalarning tekshiruvi shu kunda ham davom etmoqda.

Toshkent shahar hokimi bu voqealardan so‘ng shahardagi umumta‘lim va kasb-hunar ta‘lim maskanlarida o‘quvchilar orasida jinoyatchilikni oldini olishga doir qo‘shimcha chora tadbirlar haqida qaror qabul qilgan. Ushbu qaror matni gazeta.uz saytida chop etildi.

Unda aytilishicha, "2014 yilda sodir etilgan qotillik jinoyatlari 18,45 foizga oshgan bo‘lib, bu jinoyatlarning 19,6 foizi yoshlar, 2,4 foizi voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan".

Shu bois, shahar hokimi Rahmonbek Usmonov ta‘lim muassasalarida o‘qiyotgan yoshlar, "ayniqsa voyaga yetmaganlar o‘rtasida ma‘naviy-ahloqiy xislatlarni buzuvchi, zo‘ravonlik, shafqatsizlik va pornografik, shuningdek, soxta diniy mafkurani targ‘ib qiluvchi, o‘quvchi yoshlarni salbiy harakatlarga undovchi harakatlarini oldini olish maqsadida, ta‘lim muassasalari binosiga kirish-chiqishning alohida tartib qoidalarini ishlab chiqish"ga topshiriq bergan.

Hokim qarori matnida o‘quvchilar yonida sovuq qurollar, jumladan "pichoq, xanjar, bigiz va kastet, bita, to‘qmoq), inson sog‘lig‘iga qarshi ta‘sir etuvchi kimyoviy moddalar (maxsus sachratguvchi gaz va boshqalar) hamda elektr toki o‘tkazuvchi jixozlari (maxsus elektra tok o‘tkazuvchi moslama) va boshqa shu kabi har xil qurollarni olib yurish holatlari"ga barham berish so‘ralgan.

Toshkent shahridagi kollejlardan birining o‘qituvchisiga ko‘ra, keyingi paytlarda kollejlar o‘quvchilarining yonidan pichoq yoki kastet chiqishi hollari ko‘paygan. Bundan tashqari, mobil telefoni bilan bog‘liq mojarolar ham tez-tez sodir bo‘lmoqda:

- Chunki, keyingi paytlarda telefonda har xil anavi diniy, uzr-ku, pornografik suratlar chiqyapti. Shuning uchun, IIB xodimlari ertalab kutilmaganda kelib, sumkalarni titishyapti. Pichoq chiqayapti o‘quvchilarning sumkasidan, yozuvlar chiqyapti. Aloqa kollejida ikkita holat bo‘ldi, shuning uchun strogiy tekshirishyapti hozir, - dedi ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan o‘qituvchi.

U va shahardagi bir necha kollejlar ma‘muriyatlaridan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, hozir har kuni ertalabdan o‘quvchilarning sumka, cho‘ntaklari tintilmoqda. Mobil telefonlari ham tekshirilmoqda.

2012 yil may oyidan O‘zbekistondagi maktab, litsey, kollej va oliy o‘quv yurtlarida uyali telefondan foydalanishga nisbatan cheklov joriy qilingan.

Vazirlar Mahkamasining "O‘zbekiston respublikasi ta‘lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 139-sonli qarori asosida uyali telefon egasi o‘quv yurtiga kirishda uning ovozini o‘chirib, sumkasiga solib qo‘yishi kerak. Uyali telefonni cho‘ntakda olib yurish yoki bo‘yinga taqib yurish qat‘iyan ma‘n qilinadi.

Shuningdek, hukumat qarorida o‘quv yurtida sodir bo‘lgan noxush voqealarni telefonda suratga olish va ularni atrofdagilarga namoyish qilish orqali o‘quv yurti obro‘siga putur yetkazish taqiqlanishi aytilgan. Hukumat cheklovlari o‘quvchi va talabalar bilan bir qatorda o‘qituvchilar uchun ham tegishlidir.

Qarorda uyali aloqadan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun ma‘muriy jazo choralari ko‘zda tutilishi qayd etilgan:

- ogohlantirish;
- ularning kundalik daftariga yozib qo‘yish;
- ota-onalarini (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarni) xabardor qilish yoki tushuntirish suhbati o‘tkazish uchun ta‘lim muassasasiga chaqirish...
- ta‘lim muassasasining har qanday pedagog xodimi ta‘lim oluvchidan telefonni olib qo‘yish, ushbu Nizomni buzganlik holati to‘g‘risida bildirishnoma rasmiylashtirish va uni telefon bilan birga ta‘lim muassasasining (fakultetning) direktoriga (dekaniga) yoki direktor (dekan) o‘rinbosariga, keyinchalik uni ota-onalarga (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga, oliy ta‘lim muassasalarida esa - kuratorga) berish, ushbu Nizom talablari buzilganligi holatlari to‘g‘risida ogohlantirish berish huquqiga ega
".

XS
SM
MD
LG