Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:04

Shvetsiyada to‘rt o‘zbek "Islomiy davlat"ga yordam berganlik aybi bilan qo‘lga olindi​


Shvetsiya rasmiylari qo‘lga olgan to‘rt o‘zbek "Islomiy davlat" guruhiga moliyaviy ko‘mak berganlikda gumonlanmoqda.
Shvetsiya rasmiylari qo‘lga olgan to‘rt o‘zbek "Islomiy davlat" guruhiga moliyaviy ko‘mak berganlikda gumonlanmoqda.

Shvetsiyada moliyaviy jinoyatlar va "Islomiy davlat" ekstremist guruhiga moliyaviy yordam ko‘rsatganlikda ayblanayotgan to‘rt o‘zbek hisbga olingani xabar qilinmoqda. Shvetsiyadagi Ozodlik manbalariga ko‘ra, poytaxt Stokholm shahri atrofida istiqomat qilgan gumonlanuvchilar bu mamlakat fuqaroligini olgan asli o‘zbekistonliklardir. Yoshlari 32 va 50 oralig‘ida bo‘lgan gumonlanuvchilar orasida bir ayol ham bo‘lgan. Bu guruh Shvetsiyada soliqdan bo‘yin tovlab, noqonuniy daromaddan Suriyadagi "Islomiy davlat" guruhiga pul yuborib turgan.

Shvetsiyada chiqadigan Dagens Nyheter gazetasining xabar qilishicha, asli o‘zbekistonlik to‘rt fuqaro seshanba kuni hibsga olingan. Bu ishni tergov qilayotgan Shvetsiya Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasi hibsga olingan shaxslarni soliqdan bo‘yin tovlash va jinoiy daromaddan Suriyadagi "Islomiy davlat" guruhiga yordam ko‘rsatganlikda gumonlamoqda.

Ozodlikning Shvetsiyadagi manbalari qo‘lga olinganlarning shaxslari to‘g‘risidagi ma‘lumotni taqdim etdi. Lekin tergov siri sababidan Ozodlik ularning ismlarini ochiqlamaslikka qaror qildi.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, hisbga olinganlar orasida 32 yoshli ayol ham bor. Manbamizning bildirishicha, hibsga olingan erkaklarning biri 51 yoshda, ikkinchisi 34 yoshda va yana biri 32 yoshda.

Voqeani o‘rganayotgan Shvetsiyadagi TT xabar agentligi muxbiri Malin Ekmarkning Ozodlikka aytishicha, ular seshanba kuni Stokholmning ikki mintaqasida o‘tkazilgan amaliyot natijasida qo‘lga olingan.

- Bizga ma‘lum bo‘lishicha, kecha Shvetsiya rasmiylari to‘rt kishini hibsga olgan. Ular iqtisodiy jinoyatlarda ayblanmoqda, ya‘ni ular soliqdan bo‘yin tovlab kelgan. Shvetsiyadagi Dagens Nyheter gazetasi o‘z manbalariga tayanib, jinoiy yo‘l bilan topilgan pullar Suriyadagi "Islomiy davlat" guruhiga yuborilgan. Lekin Shvetsiya rasmiylari bu ma‘lumotni na tasdiqlamoqda, na inkor qilmoqda,- deydi jurnalist.

Shvetsiya Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasining mazkur ish bilan shug‘ullanayotgan tergvochisi Ingela Ohlen Ozodlikning savollariga javob berishdan bosh tortdi.

TT agentligi muxbiri Malin Ekmarkning Ozodlikka aytishicha, hibsga olinganlarning uch nafari Shvetsiya fuqaroligini olgan, bittasi hali ham O‘zbekiston fuqrosidir.

- Hibsga olingan uch erkak bilan bir ayol Stokholmda yashab kelishgan va bu yerda bir nechta firmalari bo‘lgan. Bu firmalardan biri, masalan, tozalash ishlari bilan shug‘ullangan, deydi jurnalist Ekmark.

Dagens Nyheter gazetasi manbalariga ko‘ra, bu o‘zbeklarga doir oltita firma hozirda tergov qilinmoqda. Ulardan bittasi, haqiqatan tozalash ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan va birgina o‘tgan yilda 160 ming shved kronasi (19 ming AQSh dollari) miqdorida soliqdan bo‘yin tovlagan.

Shvetsiya o‘zbekistonlik qochqinlar, xususan, O‘zbekistonda diniy ayblovlar bilan ta‘qib qilinayotganlar uchun asosiy manzillardan biriga aylangan.

XS
SM
MD
LG