Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:01

Qo‘qon pedinstituti talabalari olmagan paxta pulini “oldim” deb yozishga majburlanmoqda​


Ikki oy majburan paxta terdirilgan talabalar turli jismoniy va ruhiy bosim ostida qullardek mehnat qilganliklarini aytadilar.
Ikki oy majburan paxta terdirilgan talabalar turli jismoniy va ruhiy bosim ostida qullardek mehnat qilganliklarini aytadilar.

18 fevral kuni Ozodlikda “Ikki oy o‘qimay paxta tergan talabaga terim haqi berilmayotir” sarlavhali maqola e‘lon qilinishi ortidan tilga olingan Qo‘qon Davlat pedagogika institutida talabalarga majburan “paxta pulini olganman” degan mazmundagi tilxat yozdirib olinmoqda. Dekan va ma‘murlar inkoriga qaramay¸ talabalarga ko‘ra¸ institut rahbariyati masalani yana qo‘rqitish va bosim vositasida hal etishga qaror qilgan.

“Kechagi paxta terimi haqidagi maqola Qo‘qon Davlat Pedagogika institutini bugun oyoqqa turg‘izdi. Pul berish o‘rniga¸ hammani “paxta pulini olganman” degan xatga qo‘l qo‘ydirib olishdi. Pulni olganni ham¸ olmaganni ham HAMMAni qo‘l qo‘yishga majburlashdi¸ o‘z kirdikorlarini yopish uchun. Qo‘l qo‘ymayman deyishga qo‘rqishdi bolalar. Rosa baqir-chaqir qilishdi¸ darg‘azab bo‘lishdi. Dahshat bo‘ldi”¸ deydi Ozodlikka murojaat qilgan Qo‘qon pedinstituti talabalaridan biri.

“Sizlar bilan gaplashishdan hamma qo‘rqib qolgan. Domla kirib¸ “kecha qaysidir iplos biz haqimizda Ozodlikka yozibdi” deb gap boshladi va hammalaring tilxat yozib berasizlar¸ deb do‘q qildi. Iltimos¸ bu o‘g‘ri domlalar haqida yana yozinglar. Bular Malibu va Lasettida yuradi¸ hammasi bizdan qaqshatib olingan pulga kelgan bular”¸ deb murojaat qildi qo‘qonlik talabalar vakili 20 fevral kuni.

Ozodlik muxbiri bu murojaat ortidan Qo‘qon Davlat Pedagogika institutining o‘z talabalariga sentabr-oktabr oylarida o‘qish o‘rniga terdirilgan paxta pulini bermagan fakultetlaridan biri bilan bog‘landi.

Institut fizika-matematika fakulteti dekani Botirjon Mamadaliyev Ozodlik muxbiri bilan suhbatda¸ shaxsan o‘zi qatnashgan 2014 yilgi paxta terimi mavsumida talabalarga mehnat haqi vaqtida berilganini iddao qildi:

- Avvalo¸ bizning fakultetda bunaqa bo‘lishi mumkin emas. Hamma vaqt hammasi olib kelgan. Ikkinchidan¸ podrobno bilmoqchi bo‘lsangiz¸ marhamat¸ keling¸ mana xonamizda yaxshilab gaplashishimiz mumkin¸ dedi fizika-matematika fakulteti dekani.

Suhbat davomida Mamadaliyev shuningdek¸ Ozodlik lavhasidan so‘ng talabalardan ommaviy tarzda “paxta pulini olganman” degan mazmunda tilxat yozdirib olinayotganini ham inkor qildi:

- Hech qanaqangi qo‘l qo‘ydirish degan gap yo‘q. Bemalol kelishingiz mumkin. Hech qanaqangi bunday narsa bo‘lgani yo‘q. Vaqtida olishdi bolalar. Bizning fakultetda bunday narsa yo‘q. Paxtada men shaxsan o‘zim dekan sifatida qatnashganman va shtabga boshliq bo‘lganman. Bunday bo‘lishi mumkin emas va men bunga 100 foiz javob bera olaman¸ dedi fizika-matematika fakulteti dekani Botirjon Mamadaliyev.

Ozodlik bilan suhbatda¸ dalasida talaba-hasharchi paxta tergan fermerlar¸ paxta pulining¸ hukumatning qat‘iy buyrug‘iga muvofiq¸ hasharchiga har besh kunda naqd to‘langanini ta‘kidladilar.

Fermerlarga ko‘ra¸ talabalar qo‘lda tergan paxtaning kilosi uchun belgilangan miqdordagi pul naqd shaklda har bir fakultet paxta shtabi rahbariga berilgan va talabalarga pulning berilgan-berilmagani uchun mas‘uliyat aynan ular zimmasidadir.

XS
SM
MD
LG