Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:18

Uyi buzilgan to‘raqo‘rg‘onliklar tovon puliga poydevor ham ko‘tara olmayotir


Buzilgan uyi uchun berilgan tovon pulidan yangi uy qurolmagan to‘raqo‘rg‘onliklar yashab turgan joyini sotuvga qo‘yishga majbur bo‘lmoqda. Obodonlashtirish dasturi doirasida uysiz qolgan odamlarning Ozodlikka aytishicha, ularga berilgan tovon puli yangi uyning poydevorini ko‘tarishga ham yetmaydi. Namangan viloyati Baholash tashkiloti rasmiylari esa buzilishga tushgan har bir xonadon standart narxlarda baholanganini aytmoqda.

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanining Chust ko‘chasida joylashgan aholi uylari o‘tgan yildan boshlab obodonlashtirish dasturi doirasida buzila boshlagan.

To‘raqo‘rg‘onliklarning aytishlaricha, Chust ko‘chasining ikki tomoni o‘n ikki metrdan ichkariga kiritilgan.

Mahalliy hokimiyat ko‘chaning ikki tomonida yashovchi aholini yashab turgan uylarini buzib, faqt ikki qavatli kottej tarzida qurishga majburlayotgani aytiladi.

Bunday kottej qurishga imkoni yo‘qlarga, hovli-joylarini sotib boshqa joyga ko‘chishi tavsiya qilinmoqda.

Chust ko‘chasining 51-uyida istiqomat qiluvchi 76 yoshli otaxon G‘ulomjon Sarimsoqovning aytishicha, uning o‘z mehnati evaziga qurilgan o‘n xonali uyi baholash tashkiloti tomonidan arzon-garov narxlangan:

- Ozgina pul berdi. Baholovchi tashkilot uyimning yarmini kadastrga kirmagan¸ degan bahonada tovon puliga qo‘shmadi. Uylar buziladi¸ degan gap chiqqandan keyin kampirim siqilib o‘lib ketdi. Hozir qizim va ikki nevaram bilan qolganman. Qizim yashab turgan uyning hisobini chiqarmadi. Endi nima qilishni bilmayman. Bergan puli sementi bilan shag‘aliga yetadi, xolos. Ikki qavatli uyni esa qurolmayman. Hovlini sotuvga qo‘yishga majbur bo‘ldim. Boshqa choram qolmadi. Boshqa joydan biror boshpana sotib olarmiz, deydi otaxon.

G‘ulomjon Sarimsoqovga ko‘ra, uning 10 xonali uyi 53 million so‘mga baholangan, qo‘shnisining 11 xonali uyiga esa 150 million so‘m narx chiqarilgan.

Ozodlik bilan suhbatda otaxon, uylarni baholash ishlari adolatsiz olib borilganini, kam ta‘minlangan oilalarning sharoitlari hisobga olinmaganini qo‘shimcha qildi.

To‘raqo‘rg‘on tumani hokimligi mulozimi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda bu buzilishlardan kam ta‘minlangan oilalar jabr ko‘rayotganini tan oldi:

“Juda ko‘p arz bo‘layapti. Kuni-kecha bitta ayol hokimiyatga yig‘lab keldi. Unga bor-yo‘g‘i 28 million so‘m tovon puli berishibdi, u ham plastikda. Men bu pul bilan qanday uy qurib olaman, deb yig‘layapti. Ko‘rib turibmiz hammasini. Buyruq viloyat hokimidan bo‘lgan. Demak bajarish kerak. Berilayotgan tovon pullari kam ekanligini ham bilamiz. Lekin hech narsa qilolmaymiz. Puli borlarku berganini olib qurilishni boshlab yuborgan, kam ta‘minlangan oilalarga esa hech qanday yordam berolmaymiz, chunki bizda bunga byudjet yo‘q”, dedi hokimlik mulozimi.

Namangan viloyati Baholash tashkiloti boshlig‘i Tohiraxon Mirzaboyeva Ozodlik bilan suhbatda buzilishga tushgan uylarni baholashda adolatsizlik bo‘layotganini inkor qildi:

- Baholash borasida standartlar qabul qilingan. O‘sha bo‘yicha baholaymiz. Uylar ham har xil, bittasiniki tagida poli bor, bittasida yo‘q. Bittasi sinch bilan, bittasi esa g‘isht bilan qurgan. Shunga qarab narxlar ham har xil bo‘ladi. Biz osmondan olib narx qo‘ymaymiz, hammasini normativ hujjatlar asosida qilamiz. Menga besh so‘m bersa men unga qo‘shib qo‘yolmayman. Ertaga men bu uchun javob beraman, dedi Tohiraxon Mirzaboyeva.

Uylari buzilgan odamlar Baholash tashkiloti eski uylardan chiqqan qurilish materiallarining 50 foizini hukumatga topshirishga majburlanayotganini ham aytdilar. Biroq Tohiraxon Mirzaboyeva bu iddaoni ham inkor qildi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonning deyarli barcha hududlarida yuzlab uy buzildi. Uyi buzilgan aholi tomonidan tovon puli borasidagi shikoyatlarning esa keti uzilmayapti.

Ayrim hollarda ushbu shikoyatlarning ijobiy hal etilgani ham kuzatildi. Jumladan, o‘tgan yili birgina Namangan viloyatida 61 holatda mulozimlar qonun talablarini buzib, uy-joyi buzilgan aholi vakillarini tovon puli olish huquqidan mahrum qilgani aniqlangan.

XS
SM
MD
LG