Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:01

Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi faoliyati falajlandi


Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi lideri Muhiddin Kabiriy, Dushanbe, 2015 yilning 2 marti.
Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi lideri Muhiddin Kabiriy, Dushanbe, 2015 yilning 2 marti.

Tojikistonda o‘tkazilgan parlament saylovlarida Islom uyg‘onish partiyasi (IUP) mag‘lubiyatga uchradi. Partiya faoliyati hamda mamlakatda avtoritar boshqaruv hukm surayotgani bunga asosiy sabab sifatida ko‘rilmoqda.

IUP 1 mart kuni o‘tkazilgan parlament saylovida saylovchilarning 1,5 foiz ovozini oldi. Tojikiston mustaqillikka erishgan 1991 yildan beri birinchi marta IUP vakillari parlament deputatligiga saylanmay qoldi.

Partiya o‘zini tiklashga urinar ekan, tahlilchilar uning mag‘lubiyatiga bir necha omil sabab bo‘lganini aytishmoqda.

Dushanbelik siyosiy tahlilchi Rashid G‘ani partiyaning mag‘lub bo‘lishiga mamlakat tashqarisidagi vaziyatning ham hissasi bor, degan fikrda.

“Umumiy aksilislomiy ruh hamda Mo‘sul va boshqa yerlarda [“Islomiy Davlat” guruhi tomonidan] sodir etilayotgan xunrezliklarning ommabiy axborot vositalarida keng yoritilishi tojik jamiyatining islomiy partiyalar haqidagi fikriga katta ta‘sir ko‘rsatdi”, deydi Rashid G‘ani.

Tahlilchining aytishicha, Yaqin sharqda “Arab bahori”dan keyin sodir bo‘lgan tartibsizliklarda islomiy guruhlarning qo‘li bor deb qaralgan, bu esa, o‘z navbatida, jamoatchilikning islomiy siyosatchilar haqidagi fikriga salbiy ta‘sir ko‘rsatgan.

IUP faollariga ko‘ra, partiyani obro‘sizlantirish va kuchsizlantirish uchun hukumat tomonidan tashkil qilingan bosim va harakatlar ham ularning saylovda mag‘lubiyatga uchrashiga sabab bo‘lgan.

Saylovdan oldin IUPning bir necha a‘zosi qo‘lga olindi, bir qancha ofisi yopildi. Saylovning ertasiga partiyaning kamida uch hududiy rahbari qo‘lga olindi.

O‘tgan yili IUPning a‘zosi ekanligi aytilgan bir necha shaxsning shahvoniy videolari tarqalgan edi. Bular orasida 2014 yilning noyabr oyida 51 yashar G‘alati Barotovaga nisbat berilib, YouTube ijtimoiy tarmog‘ida paydo bo‘lgan video katta bahs uyg‘otgan edi.

IUP vakillariga ko‘ra, bunday harakat va bosimlar partiyani obro‘sini to‘kish va zaiflatish uchun qilingan. Rasmiylar bo‘lsa buni rad etib, partiya a‘zolarining qo‘lga olinishi siyosat bilan bog‘liq emasligini iddao qilishgan.

Tahlilchi Rashid G‘ani saylovdagi mag‘lubiyat uchun IUPning o‘zi ham aybdor, deb hisoblaydi. Unga ko‘ra, partiya keyingi yillarda saylovchilarni jalb qiladigan tashabbuslar bilan chiqmadi.

IUP 1997 yili rasmiy ro‘yxatdan o‘tganidan keyin Tojikistonda ancha e‘tibor qozongan edi. Ammo hukumat diniy muassasalarni qattiq nazorat ostiga olgani uchun partiya o‘z faoliyati davomida qator qiyinchiliklarga duch keldi.

2010 yili IUPning Dushanbedagi masjidi yopildi. Partiyaning faqat ayollar uchun masjidlar ochishni man qiluvchi qonunga qarshi kurashi samara bermadi.

IUPning lideri Muhiddin Kabiriy qiyinchiliklarga qaramasdan, partiya ishini jonlantirish mumkin, deb hisoblaydi. Kabiriy endi partiyasi isloh qilinishini aytdi.

IUP lideri saylovlardan keyin chiqish qilib, partiyaning man qilinishi haqidagi mish-mishlarga ham to‘xtaldi.

Kabiriy hukumatni IUPning kelajagi haqida “o‘ylamay-netmay” qaror chiqarmaslikka chaqirib, o‘z partiyasining tojik jamiyatiga bera oladigan foydasi haqida gapirdi.

Kabiriy IUP “Islomiy Davlat”, Al-Qoida va boshqa ekstremistik guruhlar bilan kurashda yordam bera olishini aytdi.

Avvalroq partiya rahbari IUPning parlamentdan chetlatilishi rasmiylarning obro‘siga salbiy ta‘sir ko‘rsatishini aytgandi.

Tahlilchi Rashid G‘ani bu fikrga qo‘shiladi. Unga ko‘ra, Tojikiston parlamentida muxolif islomiy partiyaning borligi mamlakatni avtokratik tuzumli qo‘shnilaridan ajratib turar edi.

Prezident Imomali Rahmon rahbarligidagi Xalq-demokratik partiyasi parlament saylovida saylovchilarning 62,5 foiz ovozini oldi. Xalq demokratik partiyasi bilan bir qatorda Agrar partiya 11,8 foiz, Iqtisodiy islohot partiyasi 7,6 foiz, Sotsial-demokratik partiya 5,5 foiz ovoz olib, parlamentda o‘rinlarga ega bo‘ldi.

Hukumatni ba‘zan ehtiyotkorlik bilan tanqid qilib turuvchi Kommunistik partiya parlamentdagi ikki o‘rnini qo‘ldan boy berdi. Yagona dunyoviy muxolif kuch bo‘lmish Sotsial-demokratik partiya bo‘lsa saylovda eng kam ovoz to‘pladi.

Farangiz Najibulla qalamiga mansub mazkur maqola Nodir Atayev tomonidan o‘zbekchaga o‘girildi.

XS
SM
MD
LG