Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:25

OzodMaktub: "Moskva-Toshkent avtobusidan gapiramiz"


Puli kamligi sababli Moskvadan Toshkentga avtobusda yo‘lga chiqqan o‘zbekistonlik mehnat muhojiri O‘zbekistonga yetib borguncha boshidan kechirgan voqealarni yozib yubordi. 178 kishini o‘z bag‘riga olgan avtobus yo‘lda buzilib, solyarkasi tugab qolganligi va odamlar ochlikdan hushidan ketgani haqida yozadi Ozodlik mushtariysi.

"Pul oz qolganligi sababli Moskvadan Toshkentga avtobusda ketadigan bo‘ldik.

Telefon qilsangiz¸ "Avtobus har kuni bor", deyishadi.

Borganimda shuni ko‘rdimki¸ ahvol yomon. Odamlarni aldashib¸ 3 kun ushlab turishgan. Keyin bizni avtobusga o‘tkazishdi. 178 kishi bo‘ldik.

Avtobus rosa tiqilinch. Odam ko‘p bo‘lganligi sababli bizni bekitib¸ boshqa yo‘llardan olib ketishdi.

Qozog‘istongacha ikki yarim kun yurdik. Chegaraga kelganimizda 15 soat o‘tkazmadilar, chunki u yerdan avtobus yurmasligi kerak ekan.

Pul berib gaplashishdi. Chegaradan o‘tdik va yo‘limizda davom etdik. Yo‘lda rosa qiyin bo‘ldi. Odam ko‘pligidan avtobusdan tutun chiqib, buzildi. U yerda 8 soat o‘tirdik.

Keyin tuzatishdi. Bir amallab yo‘lda GAIdan qochib, rosa aylanma yo‘llardan yurdi.

Avtobus yana buzildi. Moskvadan chiqqanimizdan 5 kun o‘tib Qozog‘iston yo‘lining yarmini bosib o‘toldik, xolos. Odamlarda yegulik hech narsa qolmagan, avtobusning ichi hidlanib, sasib ketgan.

Avtobusni tuzatishdi. Yana yo‘lda davom etdik. Ketayotganimizda GAIlar tutishdi. Bizni "FMSga olib boramiz", deyishdi. Ammo ahvolimizni ko‘rib¸ GAIning rahmi keldi.

Odamlarning qorni och. O‘sha yerda ikki ayol hushidan ketdi. Ularga tez yordam chaqirishdi Qozog‘iston GAIlari.

Tez yordam keldi. Suv opkelishdi. GAI rosa yordam berdi. Rahmat ularga.

"FMSga olib ketaman" deyayotgan GAIga odamlar vaziyatni tushintirishdi. Keyin GAI xodimlari shefiga telefon qilib¸ ahvolni aytishdi. Shefi "yordam beringlar" dedi shekilli, bizni FMSga olib borishmadi. Uning o‘rniga rosa yordam berdi.

Iloji bo‘lsa, politsiya moshinasining nomerini ko‘rsa bo‘ladi. Rahmat aytishimiz kerak ularga.

Yo‘lda yana solyarka tugab qoldi. Voditellar: "Biz bilmaymiz, telefon qilsak, olmayapti. Schyotimizga pul solsa¸ keyin yuramiz", deb turishdi.

Bir ayol tillosini sotib, solyarkaga pul berdi. 8 kunda O‘zbekiston chegarasiga bordik. Yo‘lda odamlar telefoni va boshqa nima narsasi bo‘lsa, arzon-garov sotib¸ non yeb, suv ichib yetvolishdi. Ochlikdan hushidan ketganlar 5 dan ortiq.

O‘zbekiston chegarasiga borganimizda bizga chegarachilarimiz yordam berdi. Ularga rahmat".

***************

Muhtaram mushtariy, agar sizni tashvishga solayotgan muammolar bo‘lsa, shuningdek, o‘zingiz guvohi bo‘layotgan voqea-hodisalar borasida Ozodlikka xabar bermoqchi bo‘lsangiz, bizga qo‘ng‘iroq qiling, Skypeda biz bilan muloqotga chiqing yoki bizga maktub yo‘llang.

SMS va qo‘ng‘iroqlaringizni +420 602 612 713 va +420 777 148 199 raqamiga yo‘llang.

Skypeda Ozodlikni ozodskype, ozodovoz yoki ozodlikonline deb qidiring.

“OzodMaktub” rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi bo‘lib, bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas‘ul emas!

XS
SM
MD
LG