Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:37

Qirg‘iz zobiti Donbassdan hafsalasi pir bo‘lib qaytdi​


Ukraina sharqidagi ayirmachilar safida jang qilgan qirg‘iz zobiti Manas.
Ukraina sharqidagi ayirmachilar safida jang qilgan qirg‘iz zobiti Manas.

Ukraina sharqidagi ayirmachilar safida bir necha oy jang qilgan qirg‘izistonlik zobit Rossiya telekanallari tashviqotiga uchib Donbassga borganidan pushaymon. Ta‘til bahonasi bilan Qirg‘izistonga kelgan endi u joylarga qaytib bormoqchi emas.

O‘zini Manas deb tanishtirgan zahiradagi zobit Donbassga ko‘ngilli bo‘lib ketishiga Rossiya telekanallari tashviqoti sabab bo‘lganini aytadi.

- Men u yoqqa 2014 yilning avgustida bordim, ammo shartnomani noyabr oyida tuzdim. U yoqqa ko‘ngilli bo‘lib ketdim. Rossiyaning Birinchi kanal, RTR va boshqa kanallarini ko‘rardim. Bobom 1941 yilda urushda vafot etgan, shuning uchun bu narsa men uchun muhim edi. Men u yoqqa aynan ahloqiy tamoyillarim undovi bilan ketdim. Telekanallar u yoqda fashistlar, millatchilar bosh ko‘tarayotganini aytishar, svastikalarni namoyish qilishardi, - degan Manas ana shunday kayfiyat bilan avval Rossiyaning Samara shahriga borgani, keyin esa rus-ukrain chegarasidan o‘tib, Luganskka yetib borganini aytadi.

Ozodlikning qirg‘iz xizmatiga bergan intervьyusida o‘z vaqtida Simferopol harbiy-siyosiy bilim yurtini bitirgan bu zobit Ukraina sharqiga borganidan keyin u yerdagi ahvol rus telekanallaridan tamoman boshqacha bo‘lib chiqqanini e‘tirof etadi.

- Men u yerda fashistlar bor, deb o‘ylagandim. Ammo biz Ukrainaning muntazam armiyasi bilan jang qildik, - degan Manas avval-boshda Donbassda har ikki tomondan mahalliy jinoiy to‘dalar jang qilganini, keyinroq Rossiya va boshqa joylardan ko‘ngillilar kelib qo‘shilganini aytadi.

Qirg‘iz zobitiga ko‘ra, o‘zi bilan jang qilgan kishilar orasida ruslardan tashqari, serblar, chechenlar, osetinlar va qozoqlar bo‘lgan. Xorijdan kelgan ko‘ngillilarga 1500 ming dollardan maosh va‘da qilishgan. Ammo mahalliy aholi vakili bo‘lgan askarlarga oyiga 400 dollardan, zobitlarga esa 500 dollardan pul berib turishgan.

Manasning ta‘kidlashicha, Kremlning Donbassdagi voqealarga aralashmayotgani haqidagi da‘volari mutlaqo yolg‘on. U o‘zlarini “Lugansk xalq respublikasi” va “Donetsk xalq respublikasi” rasmiylari deb atayotgan shaxslar bevosita Rossiya hukumati apparati rahbari Vladislav Surkov topshirig‘i asosida ish olib borishini iddao qildi. “Lugansk ham, Donetsk ham Rossiyadan muntazam ravishda moliyaviy va harbiy-texnik dastak olib turadi” deya iddao qilayotgan qirg‘iz zobitiga ko‘ra, Rossiya og‘ir harbiy texnikasi Donbassga asosan sun‘iy yo‘ldosh va radarlar ilg‘amaydigan tumanli paytlarda kiradi hamda ular zavodlarning bo‘shab qolgan omborxonalarida saqlanadi.

Shu bilan birga, Manas donbassliklar keyingi paytlarda Kremlning siyosatidan hafsalasi pir bo‘la boshlagani, ayniqsa, yaqinda Minskda erishilgan kelishuvlardan so‘ng “Putin bizni chuv tushirdi” deb ayta boshlaganlarini qayd etadi.

Qirg‘iz zobitining aytishicha, Donbass Ukraina tarkibida qolishi ma‘lum bo‘lganidan keyin urushda ko‘ngilli sifatida ishtirok etgan mahalliy kishilarning ko‘pi boshqa mamlakatlarga keta boshlagan. Ular bu yerdagi mojarolar tinchiganidan keyin Ukraina xavfsizlik xizmati ularni tinch qo‘ymasligi mumkinligidan xavotirdalar.

Manas hozir Donbassdagi janglarda asosan birinchi va ikkinchi chechen urushida ishtirok etgan rossiyalik harbiylar yetakchilik qilayotgani, ularni ko‘rganidan keyin o‘zining adashganini tushungani, Rossiya chindan ham Ukraina mustaqilligiga tahdid solayotganini qo‘shimcha qildi.

Ozodlikning Bishkekdagi idorasiga “Lugansk xalq respublikasi” harbiy mundirida kelgan qirg‘iz zobiti bilan rus tilida olib borilgan suhbatni quyida tinglab, tomosha qilishingiz mumkin:

Қирғизистонлик зобит Донбассдаги уруш ҳақида
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:22:55 0:00
XS
SM
MD
LG